Peruda soʻnggi oʻn yil ichida sakkizinchi prezident saylandi
Prezidentlar tez-tez almashib turishi mamlakatda siyosiy inqiroz chuqurlashganini koʻrsatadi. Besh oydan soʻng mamlakatda yangi saylovlar boʻlib oʻtadi.

Xose Mariya Balkasar soʻnggi oʻn yil ichida Peruning sakkizinchi prezidenti boʻldi.
U korrupsiya ayblovlari sabab lavozimdan chetlatilgan muvaqqat prezident Xose Jeriy oʻrnini egalladi. Balkasar besh oy davomida mamlakatni boshqaradi va navbatdagi saylovlar gʻolibiga hokimiyatni topshiradi.
Xose Mariya Balkasar Peruning soʻnggi oʻn yil ichidagi sakkizinchi prezidenti etib saylandi.
18 fevral kechqurun Peru Kongressi deputat Xose Mariya Balkasarni davlat rahbari lavozimiga sayladi. U korrupsiya ayblovlari sabab lavozimga kirishganiga atigi toʻrt oy boʻlgan muvaqqat prezident Xose Jeriy lavozimidan chetlatilganidan bir kun oʻtib uning oʻrnini egalladi.
83 yoshli, sobiq sudya boʻlgan Balkasar chap qanotdagi "Peru Libre" partiyasi vakili hisoblanadi. U 130 aʼzodan iborat parlamentda koʻpchilik ovozini qoʻlga kiritib, yana uch nafar nomzodni ortda qoldirdi.
Perudagi prezidentlar tez-tez almashib turishi mamlakatda siyosiy inqiroz chuqurlashganini koʻrsatadi. Siyosiy yetakchilarning parlamentda barqaror koʻpchilikka ega emasligi sabab qonunchilar konstitutsiyadagi “doimiy maʼnaviy layoqatsizlik” haqidagi moddaning keng talqinidan foydalanib, amaldagi prezidentlarni lavozimdan chetlatib kelmoqda.
Qariyb 30 yillik sud tizimidagi tajribaga ega boʻlgan Balkasar parlament prezidenti Fernando Rospigliosi tomonidan ovoz berishdan soʻng darhol qasamyod qildirdi.
U mamlakatni atigi besh oy boshqaradi va navbatdagi saylovlar gʻolibiga hokimiyatni topshiradi. Peru fuqarolari 12 aprel kuni yangi prezident va parlamentni saylaydi. Agar nomzodlardan biri 50 foizdan ortiq ovoz toʻplay olmasa, iyun oyida ikkinchi bosqich saylovlari oʻtkaziladi.
Balkasarning vorisi mamlakatda keskin oshib borayotgan qotilliklar va tovlamachilik jinoyatlariga qarshi kurashish vazifasiga duch keladi. Ushbu holat ayniqsa kichik biznes egalari va ishchi qatlamiga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Avvalroq Kongress 17 fevral kuni konservativ qarashdagi muvaqqat prezident Xose Jeriyni lavozimidan chetlatish uchun ovoz bergan edi. 2021 yildan buyon faoliyat yuritayotgan amaldagi parlament shu vaqt ichida uch nafar davlat rahbarini — Pedro Kastillo, Dina Boluarte va Xose Jeriyni impichment orqali lavozimdan chetlatdi.
2025 yil oktabrida Jeri Kongress prezidenti boʻlib ishlagan va vitse-prezidentlar yoʻqligi sabab hokimiyat merosxoʻrligi tartibiga koʻra Dina Boluartening oʻrnini egallagan edi.
Uning lavozimdan olinishi xitoylik tadbirkorlar, jumladan davlat pudratchilari bilan yashirin uchrashuvlar oʻtkazgani haqidagi maʼlumotlar oshkor boʻlgach yuz berdi. Jeriy bu uchrashuvlar faqat Peru–Xitoy festivali tashkilotiga oid boʻlganini taʼkidladi.
Peru Bosh prokuraturasi Jeriy ustidan xususiy manfaatlarni noqonuniy qoʻllab-quvvatlash hamda davlat manfaatlariga zid ravishda taʼsir oʻtkazish ehtimoli boʻyicha ikkita dastlabki tergovni boshlagan.
