BMTning vaqtinchalik choralar toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi belgilandi
Murojaat TIV orqali kelib tushgandan soʻng 1 kunda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz va Adliya vazirligiga yuboriladi.

BMTning vaqtinchalik choralar toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi belgilandi.
Prezident Farmoni (PF–27-son, 17.02.2026 y.) bilan “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF–6012-son Farmonga oʻzgartirishlar kiritildi.
Farmonning 3-ilovasiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, BMTning vaqtinchalik choralar toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi belgilandi.
Unga koʻra, BMTning shartnomaviy qoʻmitalari tomonidan yuborilgan vaqtinchalik choralar toʻgʻrisidagi murojaat Tashqi ishlar vazirligi orqali kelib tushgandan soʻng 1 kun muddatda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Adliya vazirligiga yuboriladi.
Markaz 1 kun muddatda masʼul davlat organlariga soʻrovnoma yuborib, ulardan vaqtinchalik choralarni amalga oshirish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrish va zarurat tugʻilganda, asoslangan tushuntirish taqdim etishni soʻraydi.
Davlat organlari 3 kun muddatda amalga oshirilgan chora-tadbirlar yoki amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan tushuntirishni Markazga taqdim etadi.
Markaz ishchi guruh bilan birgalikda yigʻilgan maʼlumotlar asosida 3 kun muddatda Hukumatning rasmiy nuqtai nazarini shakllantiradi va Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.
Hukumatning rasmiy nuqtai nazari Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2 kun muddatda BMTning shartnomaviy qoʻmitalariga yuboriladi.
