Andijon viloyati hokimining barcha oʻrinbosarlari ogohlantirildi
Ular qonunchilik hujjatlarida berilgan topshiriqlar ijrosini oʻz muddatida bajarilishida shaxsiy nazoratni yetarli darajada tashkil etmagan.

Andijon viloyati hokimining barcha oʻrinbosarlari qatʼiy ogohlantirildi. Bu haqda hokimning birinchi oʻriborsari D. Toʻlanovning hisoboti boʻyicha xalq deputatlari viloyat kengashi qarorida aytiladi. Qaror 2026 yil 19 fevralda eʼlon qilindi.
Ular qonunchilik hujjatlarida berilgan topshiriqlar ijrosini oʻz muddatida bajarilishida shaxsiy nazoratni yetarli darajada tashkil etmaganligi va bu borada kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi uchun ogohlantirilgan.
Kelgusida ijro intizomini buzgan, topshiriqlarni kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini taʼminlamagan rahbarlarga nisbatan intizomiy javobgarlik choralarini koʻrish boʻyicha doimiy takliflar kiritib boriladi.
Shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimi orqali bajarilgan ishlar tahlil qilindi. Tizim orqali dekabr oyi oxiriga qadar jami 1663 ta hujjat kelib tushgan.
Ushbu hujjatlar asosida 14 977 ta topshiriq ijroga yoʻnaltirilgan boʻlib, shundan 13 243 tasi bajarilgan.
2025 yilning dekabr oyida Prezident va Hukumat tomonidan berilgan barcha topshiriqlar (jami 570 ta) toʻliq ijro etilgan.
