Koʻchmas mulk bozorida savdolar 12 foizga oshdi
Toshkent shahri umumiy bozor hajmining qariyb uchdan bir qismini tashkil etdi hamda hududlar orasida eng yuqori oʻsishni qayd etdi.

Oʻzbekistonda yanvar oyida koʻchmas mulk savdolari 12 foizga oshdi, poytaxt bozorida faollik kuchaydi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhiga koʻra, 2026 yil yanvar oyida Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozori ijobiy oʻsish surʼatlarini saqlab qoldi.
Toshkent shahri umumiy bozor hajmining qariyb uchdan bir qismini tashkil etdi hamda hududlar orasida eng yuqori oʻsishni qayd etdi, savdolar yillik hisobda 33,4 foizga oshdi. Shuningdek, Samarqand viloyatida (26 foiz) va Sirdaryo viloyatida (24 foiz) ham sezilarli oʻsish kuzatildi.
Hisobot davrida 28 600 ta koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimi roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 foizga koʻpdir.
Mamlakat boʻyicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oʻsishi moʻtadil darajada saqlanib qoldi. Bir kvadrat metr uchun oʻrtacha narx oyma-oy 0,9 foizga oshgan boʻlsa, yillik oʻsish 8 foizni tashkil etdi.
Ikkilamchi bozorda eng yuqori yillik narx oʻsishi Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. Bu hududlarda uy-joy narxlari yil davomida qariyb 24 foizga oshdi. Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa narxlar 16 foizga koʻtarildi.
Toshkent shahrida yanvar oyida ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uchun oʻrtacha narx qariyb 1 120 dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan oyga nisbatan 0,6 foizga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa qariyb 2 foizga yuqori. Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta yillik oʻsishi Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirobod (4,3 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Shu bilan birga, poytaxtdagi birlamchi uy-joy bozori yanada sezilarli oʻsishni namoyish etdi. 2025 yil yanvariga nisbatan yangi qurilgan uy-joylarda bir kvadrat metr uchun oʻrtacha narx 9 foizdan ortiq oshdi. Eng yuqori yillik oʻsish Mirobod (18,4 foiz) va Mirzo Ulugʻbek (17,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Toshkentdagi ijara bozori ham oʻsish koʻrsatdi. Yanvar oyida oʻrtacha ijara stavkasi bir kvadrat metr uchun qariyb 8,8 dollarni tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 9 foizga yuqori.
Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulugʻbek kabi markaziy tumanlarda saqlanib qolmoqda.
Bu hududlarda oʻrtacha narx bir kvadrat metr uchun qariyb 11 dollarni tashkil etadi.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishini kengaytirish va urbanizatsiyani boshqarish tizimini isloh qilish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqqan edi. Rejalarga koʻra, 2040 yilga borib yiliga 280 mingta xonadon foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan.
2025 yilda Oʻzbekistonda 15,9 million kvadrat metr turar joy foydalanishga topshirildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 2,8 foizga yuqori boʻlib, eng katta hajmlar Toshkent viloyati, Xorazm va Fargʻona viloyatlarida qayd etildi.
