platina.uz
Tahlil

Eronga hujum qilishlari mumkinmi?

Agar Eron AQSh va Isroilning talablariga boʻysunib, “aqlli bola” boʻlishga koʻnsa, qanotli raketalari va yadroviy dasturidan voz kechishiga toʻgʻri keladi. Lekin bunday yonbosish Eronning qudratini pasaytiradi. Hech qachon vaʼdasida turmaydigan Isroil uchun bu ayni muddao boʻladi.

Eronga hujum qilishlari mumkinmi?
Fotokollaj: Platina.uz

Joriy yilning 17 fevral kuni AQSh va Eron oʻrtasida yadroviy dastur boʻyicha muzokaralarning ikkinchi raundi yakunlandi. Qayd etilishicha, delegatsiyalar uchrashuv joyi – Jenevadagi Ummon elchixonasini tark etgan.

Avvalroq Eron delegatsiyasi Islom respublikasining yadroviy dasturi boʻyicha AQSh bilan yakuniy kelishuvga erishish uchun Jenevada bir necha kun yoki hatto haftalar qolishga tayyor ekanini bildirgan edi. “Vaqt biz uchun juda muhim va ushbu bosqich nihoyatda nozik hamda taqdiriy ahamiyatga ega”, degan TIV matbuot kotibi Bekai. “Bizning oʻz texnik ekspertlarimiz, shuningdek, sanksiyalarni bekor qilish boʻyicha mutaxassislarimiz bor. Soʻnggisi yadroviy masala boʻyicha har qanday kelishuvning ajralmas qismi hisoblanadi”, deya taʼkidlagan edi TIV vakili.

Ilk tafsilotlar

Har ikki tomon diplomatlari Jenevadagi 2-raund muzokaralar konstruktiv oʻtganini taʼkidlashdi. Tehron avval qaysarlik qilgan bir qator pozitsiyalarda yon berishga majbur boʻlgan.

Jumladan, Eron rasmiylari uranni boyitishni vaqtincha toʻxtatish, zaxiralarning bir qismini xorijga koʻchirish hamda AQSh bilan biznes kelishuvlar tuzish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda. Bu qadam AQShning ehtimoliy zarbasining oldini olishi mumkin boʻlgan yadroviy muzokaralarni toʻxtatmaslik maqsadida qoʻyilgan, deya xabar berdi The Wall Street Journal nashri oʻz manbalariga tayanib.

Amerikalik va eronlik diplomatlarning soʻzlariga koʻra, Eron yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarining bir qismini Rossiyaga yuborishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, eronliklar uranni boyitishni uch yilgacha boʻlgan muddatga toʻxtatishga rozilik bergan.

Maʼlumki, 2025 yil iyun oyidagi AQSh zarbalari mamlakatning asosiy yadroviy obʼektlarini ishdan chiqarganidan soʻng, Tehron uran boyitishni toʻxtatgan edi.

Diplomatlarning aytishicha, 6 fevral kuni Jenevada boʻlib oʻtgan 1-raund muzokaralari – ilk uchrashuvda Eron boyitilgan urandan yoqilgʻi plastinalari ishlab chiqarish boʻyicha mintaqaviy konsorsium tuzish taklifini ham ilgari surgan edi. Hozircha Islom respublikasi ishlab chiqarish jarayonini mamlakat ichida saqlab qolishni talab etmoqda, bu esa AQSh uchun qabul qilib boʻlmas shart hisoblanadi.

Nega muzokaralar muhim?

Avvalroq Eron TIV rahbari Abbos Araqchi MAGATE bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashuvda “adolatli va muvozanatli kelishuv”ga erishish uchun “real gʻoyalar” bilan kelganini va bosim ostida yon berish niyati yoʻqligini bildirgan. Biroq real vaziyatda real gʻoyalar ham evrilishga uchrashi ayon boʻldi.

AQSh yetakchisi Donald Tramp esa “Eron biz bilan kelishuvga erishmoqchi. Menimcha, ular kelishuvga erishmaslikning oqibatlarini xohlamaydilar”, degan edi. Shuningdek, Tramp jurnalistning “Jenevada boʻlib oʻtadigan Eron bilan muzokaralardan nimani kutyapsiz?”, degan savoliga “Men bu muzokaralarda bilvosita ishtirok etaman va ular juda muhim. Koʻramiz, nima boʻlishini. Eron odatda juda qattiq muzokarachi. Men ularni yomon muzokarachilar deb aytardim, chunki biz ularning yadroviy salohiyatini yoʻq qilish uchun B-2 yuborish oʻrniga kelishuvga erishishimiz mumkin edi. Agar B-2 yuborishimiz kerak boʻlsa, umid qilamanki, oqilona yoʻl tutardi. Ular kelishuvga erishmoqchi”, deya javob bergan.

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Eron bilan yadroviy muammo boʻyicha oʻtgan muzokaralarda “bilvosita” ishtirok etishini maʼlum qilgan edi. Ushbu muzokaralarda Vashington nomidan uning maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda kuyovi Jared Kushner qatnashdi.

Muzokaralar AQSh bosimi ostida oʻtmoqda

2026 yil fevral oyida Eron va Xalqaro atom energiyasi agentligi vakillari Jenevada uchrashib, AQSh bilan muzokaralardan oldingi shartlarni muhokama qilishgan edi. Eron yadroviy dasturda cheklovlar evaziga sanksiyalar olib tashlanishini talab qilmoqda. AQSh esa uran boyitishni toʻxtatish va infratuzilmani demontaj qilishni soʻrayapti. Tehron oʻz yadroviy dasturining tinch maqsadli ekanini taʼkidlab, “taslim” boʻlishga tayyor emasligini aytmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa muzokaralar Eronning yadroviy infratuzilmasini toʻliq yoʻq qilishni nazarda tutishi kerakligini taʼkidlaydi, bu harakatlar faqat boyitishni toʻxtatish bilan cheklanmaslik lozim.

Biroq tan olish kerak, hozirgi AQSh-Eron muzokaralari goʻyoki chekkasiga toʻpponcha tiralgan odam bilan oʻtkazilayotgan suhbatga oʻxshaydi. Amerikaning Eron “tumshugʻiga” tirab qoʻyilgan harbiy dengiz kuchlari va Trampning urush bilan tahdid solishlari ana shu toʻpponcha vazifasini oʻtayapti.

Oyatulloning dagʻdagʻalari ish beradimi?

Eron tashqi ishlar vaziri va prezidenti Amerika bilan murosaga urinayotgan bir paytda, keksayib qolgan Oyatullo Homanaiy poxol doʻqlari va dagʻdagʻalarini toʻxtatmayapti. Ali Xomanaiy mintaqaga kelgan AQSh kemalarini “choʻktirish” bilan tahdid qilgan.

Jenevada Vashington va Tehron diplomatlari kurashayotgan bir paytda, Eronda oliy rahbari Ali Xomanaiy Sharqiy Ozarbayjon viloyati aholisi bilan uchrashdi. U oʻz nutqida mamlakatdagi namoyishlar paytidagi toʻqnashuvlarda “toʻkilgan qon uchun qaygʻurayotgani va motam tutayotgani”ni bildirdi.

Shuningdek, oliy rahbar yana bir bor Donald Trampga tahdid qilib, mintaqaga kelgan AQSh kemalarini “choʻktirishi” mumkinligini aytdi.

“AQSh prezidenti doimo armiyamiz dunyodagi eng kuchli armiya deb gapiradi. Eng kuchli armiya ham baʼzan shunday zarba olishi mumkinki, oʻrnidan tura olmay qoladi. Ular doimo Eron tomon aviatashuvchi kemalar yuborganini aytadi. Aviatashuvchi, albatta, xavfli, ammo aviatashuvchidan ham xavfliroq narsa – uni dengiz tubiga choʻktirish mumkin boʻlgan quroldir”, degan keksa rahnamo.

Avvalroq esa Eron dengizdagi Amerika kemalariga dron joʻnatgan edi. Fevral oyining 3-sanasida AQSh harbiylari Arab dengizida AQSh Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli USS Abraham Lincoln aviatashuvchi kemasiga yaqinlashgan Eron dronini urib tushirdi. Reuters maʼlumotiga koʻra, Shahed-139 rusumli eron uchuvchisiz apparati aviatashuvchi tomon harakatlangan va AQShning F-35 Lightning II qiruvchi samolyoti tomonidan yoʻq qilingan.

Shuningdek, Eron harbiy qayiqlari Ormuz boʻgʻozida AQSh bayrogʻi ostidagi tankerga yaqinlashib, kemani toʻxtatishni talab qilgan. Britaniyaning Vanguard Tech dengiz xavfsizligi kompaniyasi xabar berishicha, boʻgʻoz orqali oʻtayotgan paytda Stena Imperative kemasiga islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga qarashli olti nafar qurollangan qayiq yaqinlashgan. Eron tomoni kema kapitaniga dvigatellarni toʻxtatib, tekshiruvga tayyorgarlik koʻrishni buyurgan, ammo tanker tezlikni oshirib, yoʻnalishini saqlab qolgan.

Bunday samarasiz provokatsiyalar bilan Oyatullo rejimi nimaga erishmoqchi, tushunarsiz. Ammo shunisi aniqki, keksayib qolgan Homanaiy uchun natija qiziq emasdek koʻrinadi. Taxminlarga koʻra, agar Eron urush olovi ichida qolsa-yu, Oyatullo oʻldirilsa, oʻzini shahid boʻladi deb hisoblaydi. Agar vaziyat urushgacha yetib bormasa, qoʻrqmas yetakchi sifatida xalq orasida obroʻsi oshadi.

Shu bois ayni paytda – Isroil va AQSh urushga shaylanib turgan nozik bir vaziyatda Tehron va Vashington oʻrtasida yadroviy kelishuvga erishish boʻyicha muzokaralar Eronning, aniqrogʻi, Oyatullo rejimining taqdirini belgilashini har ikki taraf ham yaxshi tushunib turibdi. Lekin ijrochi hokimiyat – prezident va tashqi ishlar vazirligi murosaga urinayotgan bir paytda oliy rahmnamo “oʻyin”ni buzishdan boshqa taʼsir qilmayapti.

Xavfli vaziyat

Vaziyat esa juda xavfli. Agar Eron AQSh va Isroilning talablariga boʻysunib, “aqlli bola” boʻlishga rozi boʻlsa, qanotli raketalari va yadroviy dasturidan voz kechishga toʻgʻri keladi.

Lekin tayoqning ikki uchi bor: bunday yonbosish Eronning qudratini pasaytiradi. Hech qachon vaʼdasida turmaydigan va istagan paytda kelishuv va shartnomalarni buzishi bilan nom qozongan Isroil uchun bu ayni muddao boʻladi. Demakki, istalgan paytda Isroil kuchsizlanib qolgan Eronga yana hujum qilishi mumkin.

Biroq Tehron jasurlik, aniqrogʻi, qaysarlik qilib, oʻz pozitsiyasida qatʼiy turib olsa, yon bosishlarga koʻnmasa, Tramp va Netanyahuga bosqin uchun bahona topiladi. Buni AQSh yetakchisi ham ochiq aytmoqda.

Donald Tramp Eron bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Vashington harbiy harakatlarga oʻtishga tayyor ekanini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday holat oʻtgan yil iyun oyidagi 12 kunlik urush chogʻida ham kuzatilgan. Isroil televideniyesining 12-kanaliga bergan intervyusida u diplomatik yechimni afzal koʻrishini taʼkidladi, lekin ogohlantirdi: “Yo biz kelishuvga erishamiz, yoki juda keskin choralar koʻrishga majbur boʻlamiz”.

Tramp Yaqin Sharqda AQSh harbiy ishtirokini yanada kuchaytirish imkoniyatini, jumladan, yana bir aviatashuvchini zarba guruhi bilan yuborishni koʻrib chiqayotganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, bu Ummonda qayta tiklangan amerikalik-eronlik muzokaralar fonida Tehronga bosim omili boʻlishi kerak.

Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan boʻlajak uchrashuvga izoh berar ekan, Tramp Isroil rahbari ham Eron bilan kelishuvga erishishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Eronga hujum boʻlish ehtimoli qanchalik yuqori?

Tramp vaʼda berayotganidek, agar Eron murosa yoʻlini tanlamasa, hujum ehtimoli 100 foiz boʻladi. Xoʻsh, bunday sharoitda AQSh tomoni qanday ssenariylarga koʻra harakat qilishi mumkin?

Hujum ssenariylari

Eronga hujum ssenariylarini shartli ravishda siyosiy, gibrid va oshkora harbiy turlarga boʻlish mumkin. Ularning har biri oʻz xatarlari va oqibatlariga ega, albatta.

Havodan zarba berish (strategik aviazarbalar)

Bu klassik ssenariy hisoblanadi. Oʻtgan yili AQSh va Isroil guruhlari aviazarbalar bilan yadroviy obʼektlarni yoʻq qilishga uringan edi. Bunday zarbalar yadroviy dastur taraqqiyotini kechiktirishi mumkin, ammo toʻliq bartaraf qila olmaydi, Eronning tezkor va keng qamrovli javob ehtimoli ham mavjud.

Xatarlar sifatida esa AQSh ittifoqchilari va mintaqadagi obʼektlarga – Amerika harbiy bazalariga raketa zarbalari berilishi, boshqa davlatlarning – Suriya, Iroq va Livanning mojaroga aralashishga majbur boʻlishini koʻrsatish mumkin. Shuningdek, neft bozori va global iqtisodiyotda mavjud muvozanat buzilishiga guvoh boʻlamiz.

Qurolli amaliyot va “rejimni agʻdarish”

Bu eng kam ehtimolli, ammo eng vayronkor ssenariy. Ekspertlarning taʼkidlashicha, Erondagi rejim agʻdarilishi uchun katta miqdorda qoʻshin va uzoq muddatli bosqin talab qilinadi. Bunday ssenariy AQSh manfaatlariga va kutilmalariga mos kelmaydi. Tramp maʼmuriyati xuddi Venesueladagi kabi kamchiqim va kam vaqt talab qilinadigan operatsiya ustida bosh qotirayotgani ehtimoldan xoli emas.

Bu ssenariy muvaffaqiyatli oshirilishga toʻsqinlik qiluvchi omillar ham mavjud. Garchi oʻtgan yilgi AQSh va Isroil zarbalaridan keyin Eron havodan mudofaa tizimi deyarli ishdan chiqqani, uzoq masofaga ucha oladigan raketalar zaxirasi kamayganiga qaramasdan, Eronda hamon katta mudofaa imkoniyatlari mavjud. Rossiyadan yaqinda sotib olingan shunday tizimlar, Xitoydan olinayotgan ehtimoliy harbiy-texnikaviy yordam Tehronga yana oʻz kuchini tiklab olishiga yordam berishi tabiiy.

Shu bilan birga Yaqin Sharq mintaqasidagi eronparast shia proksi guruhlari, xususan, Hizbulloh jangarilari ham mojaroda Eronga koʻmakka kelishi kutilmoqda. Shu bois, Eron va AQSh qoʻyayotgan talablarda bunday proksiguruhlarni qoʻllab-quvvatlashni bas qilish jihatiga alohida urgʻu beriladi.

Gibrid va maxsus operatsiyalar

Ayni vaziyatda dolzarb boʻladigan amaliyotda eng real variantlar – infratuzilmaga kiberxujumlar, dronlar va qanotli raketalar bilan hujum qilish, muhim obʼektlarga diversiyalar – qoʻporuvchilik harakatlarini uyushtirish boʻladi. Qolaversa, Isroilning keng koʻlamli josuslik tarmogʻi va agentlariga ham Eron hukumatiga qarshi kuch sifatida qarash talab etiladi. Bu usullar bosim oʻtkazishga imkon beradi, ochiq urushga oʻtmaydi, ammo mojaroning eskalatsiya xatarini oshiradi.

Erondagi ichki omillar

Ayni kunlarda esa Eron ichki inqirozni boshdan kechirmoqda: iqtisodiy qiyinchiliklar, norozilik namoyishlari, energiya resurslari va sanksiyalar taʼsiri rejimga bosimni kuchaytirmoqda. Bu omillar hukumatni zaiflashtirishi mumkin, lekin ularning notoʻgʻri harakatlari rejimni yanada qatʼiylashtirishi ham mumkin.

Avvalboshda AQSh bu ichki isyonkorlik harakatlariga umid bogʻlagan edi. Ammo Eron hukumati norozi qatlamlar bilan murosa qilib oʻtirmadi, turli hisoblarga koʻra, 20 minggacha eronlik oʻldirildi yoki qamoqqa tashlandi. Mamlakatda internetning va mobil aloqaning avval cheklanib, keyin oʻchirib qoʻyilgani ham isyonkorlik harakatlarini oʻzaro muvofiqlashtirishga xalaqit berdi va namoyishlar sekin-asta soʻnib qoldi.

AQSh davlat departamentining birgina yanvar oyida qariyb 7000 ta Starlink internet terminallarini sotib olib, Eronga joʻnatgani ham vaziyatni oʻzgartira olmadi. Ammo ular ishdan chiqarilmagan boʻlsa, yaqin istiqboldagi koʻcha namoyishlarida odamlarga yordam berishi mumkin. Biroq Eron hukumati buning yoʻlini topdi. Eron harbiylari radioelektron kurash vositalarini ishga solib, Starlink terminallarining sunʼiy yoʻldoshlar bilan bogʻlanish toʻlqinlarini boʻgʻib qoʻya oldi. Bu esa terminalarning ish samarasini qariyb 80-90 foizga kamaytirdi.

Yaʼni ijtimoiy notinchlik rejimni zaiflashtirishi mumkin, lekin bu uning reaksiyasini qoʻpol va noaniq oʻzanga yoʻnaltirishi ham mumkin. Shu bois AQSh va Isroil keyingi bosqichlarda samarasiz vosita sifatida namoyishchilarga tayanmasligi mumkin.

Yana bir mulohaza: oʻtgan yilgi raketa va aviazarbalar oqibatida Eronda yana bir fenomen kuzatildi. Gʻarb Oyatullo rejimidan bezigan xalq unga qarshi chiqishini kutgan edi. Biroq buning aksi boʻlib chiqdi: aholining turli qatlamlari, hatto rejimga muxolif qatlamlar ham yagona raqib qarshisida birlasha oldi. Demakki, milliy gʻurur va aholi mobilizatsiyasi AQSh-Isroil xurujiga qarshi tura oluvchi omilga aylanishi ehtimoldan xoli emas.

Mintaqaviy va xalqaro taʼsirlar

Eronning sheriklari va raqiblari roli ahamiyatga molik. Masalan, Rossiya va Xitoy Tehron bilan strategik hamkorlikni davom ettirmoqda, mojaroni hal qilishning diplomatik yoʻllarini qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa ochiq urush ehtimolini kamaytiradi.

Saudiya Arabistoni va qoʻshni davlatlar zimdan AQShning Eronning popugini pasaytirish harakatlariga xayrixohliq qiladi. Yaqinda oshkor boʻlgan maʼlumotlarga koʻra, Saudiya Arabistoni Eronni oʻz xavfsizligiga tahdid deb hisoblaydi va uni jilovlash tarafdoridir. Masalan, Saudiya Yamanda xusiylar, Suriyada shia proksi guruhlarining Eron bilan aloqasini cheklashga urinib kelmoqda. Ar-Riyod, shuningdek, Erondan sanksiyalar olib tashlanishini ham istamaydi.

Biroq Turkiya va Pokiston kabi qudratli sunniy davlatlar Eronga hujumni qoralab chiqishdi, Vashingtonni bunga koʻndirishga harakat qilishmoqda. Buning uchun oʻtgan hafta Eron prezidenti Pezeshkiyon omma oldidagi chiqishlaridan birida bu davlatlarga alohida minnatdorlik ham bildirdi.

Eronga qarshi tahdid potensialiga ega kuchlardan biri – mintaqadagi, xususan, Iroqdagi kurdlarni uyushtirib, qurollantirib, Eronga qarshi gij-gijlash ssenariylari ham koʻrib chiqilmoqda. Biroq ular evaziga Kurdiston davlatini tuzish, hech boʻlmaganda kurd muxtoriyatiga erishishni AQSh oldiga shart qilib qoʻyishi mumkin.

AQSh esa buning uddasidan chiqish ehtimoli past. Qolaversa, Turkiya kurdlarning “kuchayishi”ga jim qarab turmaydi. Hatto 62-Myunxen konferensiyasiga kurd rahbariyati chaqirilgani uchun Turkiya unda qatnashishdan bosh tortdi.

Umumlashtirib aytganda, hozirda mintaqaviy dinamika murakkab, guruhlarning manfaatlari hamohang emas va Eron atrofidagi mojaro koʻpqatlamli xarakterga ega.

Hujum ehtimolini baholash

Hozirda eng real tahdid – aviazarbalar va gibrid operatsiyalar boʻlib turibdi. Ayniqsa, yadroviy dastur boʻyicha muzokaralar natija bermasa, Eronga hujum qilinishi aniq boʻlib qoladi. Qolaversa, Isroilning ham “qilichi qonsiragan”. Tel-Aviv hatto AQShdan ruxsat olmasdan, Eronga raketa zarbalari yoʻllash va uni tamomila mahv etish bilan qoʻrqitmoqda.

Isroil armiyasi – SAXAL bosh shtabi rahbari, general-leytenant Eyl Zamirning aytishicha, AQShning Eronga hujumi yaqin 2 haftadan – 2 oy oraligʻida roʻy berishi mumkin.

Biroq quruqlik orqali qurolli hujum yoki rejimni agʻdarish ehtimoli past. Zero bu katta xarajat va eskalatsiya xatarlariga olib keladi.

Diplomatik harakatlar va xalqaro vositachilarning ishtiroki katta urushdan hali qochish imkoni borligini koʻrsatmoqda, ammo muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qolsa, harbiy ssenariylar imkoniyati sezilarli darajada oshadi.

Xulosa

Nafsilambirini aytganda, garchi AQSh dengiz va havodagi qoʻshinlarini Eron atrofida jamlayotgan boʻlsa-da, hujum yaqin orada amalga oshirilmasligi, Tramp esa unga xos bosim va tahdid taktikasini qoʻllab, oʻzi istagan yonbosishlarga erishishi mumkin.

Lekin hujum roʻy bersa, eng ehtimoli katta ssenariy: muhim obʼektlarga aviazarbalar va gibrid operatsiyalar hamda iqtisodiy bosim va sanksiyalar koʻrinishida amalga oshiriladi.

Kam ehtimolli ssenariyda esa keng qamrovli quruqlik orqali bostirib kirish yoki rejimni agʻdarishga urinish amalga oshadi.

Asosiy xatar omillari – yadroviy dastur boʻyicha muzokaralarning muvaffaqiyatsiz tugashi, mintaqaviy nizolarning eskalatsiyasi, Eronning javob choralari va boshqa sheriklarning urushga kirishi boʻladi.

Qisqa qilib aytganda, diplomatiya hozircha hal qiluvchi rol oʻynayapti. Agar AQSh va Eron yadroviy dastur boʻyicha kelishuvga erisha olsa, hujum xavfi sezilarli darajada kamayadi; muvaffaqiyatsiz boʻlsa, harbiy ssenariylarning ehtimoli oshadi.

Ayni kunlarda Eron urushga tayyorgarlikni, ittifoqchilar bilan munosabatlarni yanada yaxshilashni unutgani yoʻq. Jumladan, Rossiya, Eron va Xitoy Ormuz boʻgʻozida harbiy mashqlar oʻtkazmoqchi.

Uch davlat “Dengiz xavfsizlik kamari – 2026” qoʻshma mashqlarida ishtirok etish uchun oʻz kemalarini yubordi. Mashqlar Ormuz boʻgʻozida boʻlib oʻtadi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Nikolay Patrushev maʼlum qildi. Fevral oyi oxirida oʻtkaziladigan sakkizinchi mashqlarda Eron harbiy-dengiz kuchlari va Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi, shuningdek, Xitoy va Rossiya harbiy-dengiz kuchlari ishtirok etadi.

Ushbu mashqlar 2019 yildan buyon Islom respublikasi harbiy-dengiz kuchlari tashabbusi bilan oʻtkazib kelinmoqda. Ular jahon dengiz savdosi xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, qoʻllanmalarga qarshi kurashish, dengiz terrorizmiga qarshi choralar koʻrish va qutqaruv operatsiyalarini oʻtkazishni oʻz ichiga oladi, deyiladi rasmiy bayonotlarda.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid