Dunyo aholisining oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi eʼlon qilindi
Oʻzbekiston mazkur statistikada 147-oʻrinni egalladi. Mamlakatda oʻrtacha umr koʻrish 72,8 yilni tashkil qildi.

BMT Aholishunoslik boʻlimining (United Nations Population Division) eng soʻnggi statistik maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil uchun jahon boʻylab oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichlari eʼlon qilindi.
Tahlil asosida shuni koʻrish mumkinki, ikkinchi jahon urushidagi talofatlar oqibatida oʻrtacha umr koʻrsatkichi keskin tushib ketgan. 1950 yillarda erkak kishilarning oʻrtacha 44.5 yil umr koʻrgan boʻlsa, ayollar 48.4 yil umr koʻrgan.
Urushlarning kamayganligi, bolalar va chaqaloqlarning oʻlimining keskin kamayishi, toza suv, kanalizatsiya va gigiyenaning yaxshilanishi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda iqtisodiy oʻsish va qashshoqlikning kamayishi oqibatida bugungi kunda oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi keskin koʻtarildi.
Statistikalar shuni koʻrsatadiki, bugungi kunda erkaklar oʻrtacha hisobda 71.2 yil, ayollar esa 76.4 yil umr koʻrmoqda. Ikki jinsning oʻrtacha umr koʻrishi 59 foizga oshgan.
Holatni Oʻzbekiston boʻyicha tahlil qiladigan boʻlsak, mamlakat ushbu statistikada 147-oʻrinni egallaganini koʻrishimiz mumkin. Oʻrtacha umr koʻrish 72.8 yilni tashkil qildi.

Tahlil orqali koʻrishimiz mumkinki, oʻtgan yilgiga (72.5) qaraganda kichik oʻsish mavjud. 2026 yil Oʻzbekistonda erkaklar oʻrtacha 69.8 yil, ayollar esa 75.8 yil umr koʻrgan.
Yurtimizda tibbiyotning rivoji, aholining iqtisodiy jihatdan mustaqilligi, kambagʻallikning kamayganligi va soʻnggi yillarda olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida oʻrtacha umr koʻrish birmuncha yaxshilandi. Jumladan, statistikadan shuni koʻrish mumkinki, 2023 yil Oʻzbekiston uchun oʻrtacha umr koʻrish 69 yilni tashkil qilgan.
Qoʻshni davlatlardagi holatni tahlil qilish orqali koʻrish mumkinki, Markaziy Osiyoda eng yuqori natija Qozogʻistonda kuzatilib, oʻrtacha umr koʻrish 74.8 yilni tashkil qildi. Eng past koʻrsatkich esa Turkmanistonda kuzatildi: oʻrtacha hisobda 70.4 yil.
2026 yil natijalariga koʻra, oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi eng yuqori boʻlgan uch davlat quyidagicha oʻrin olgan:
3. Gongkong
Gongkongda oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi 85.9 yilni tashkil etdi. Jinslar orasida tahlil qilsak, mazkur koʻrsatkich erkaklar uchun 83.2 yil, boʻlsa ayollar uchun 88.5 yilni tashkil qildi.
2. San-Marino
2026 yil natijalariga koʻra, San-Marinoda oʻrtacha umr koʻrish 86 yil ekanligni koʻrish mumkin. Jinslar boʻyicha tahlil qilganda, ushbu koʻrsatkich erkaklar uchun 84.5, ayollar uchun esa 87.4 yil ekanligini koʻrish mumkin.
1. Monako
Monako mazkur koʻrsatkich boʻyicha yetakchi oʻrinni egalladi. Mutaxassislarning fikricha, yaxshi yashash sharoiti, davlatdagi qulay iqtisodiy holat, toza havo kabi faktorlar Monakoning muvafaqqiyatiga sabab boʻlgan. Monakoda oʻrtacha umr koʻrish 86.7 yilni tashkil qildi. Erkaklar uchun oʻrtacha koʻrsatkich 84.8 yilni, ayollar uchun esa 88.9 yilni tashkil qildi.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, ayollar erkaklarga qaraganda koʻproq umr koʻrmoqda. Bunga turlicha sabablar mavjud. Misol uchun, erkaklarning xavfli xatti-harakatlari yaʼni chekish, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni koʻproq isteʼmol qilish hamda koʻproq erkaklar orasida kuzatiladigan oʻz joniga qasd qilish shular jumlasidan.
Maʼlumot oʻrnida, oʻz joniga qasd qilishning 80 foiz holati erkaklar tomonidan amalga oshiriladi.
