Davlat xizmatchilarining oʻzlari nazorat qilgan kompaniyalarga oʻtishiga cheklovlar qoʻyiladi
Bu haqda 2026 yilgi davlat dasturida koʻzda tutilgan.

Davlat xizmatchilarining oʻzlari nazorat qilgan kompaniyalarga oʻtishiga cheklovlar qoʻyiladi.
Bu haqda 2026 yilgi davlat dasturida koʻzda tutilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organida mehnat shartnomasi tugatilgan yoki xizmatdan boʻshatilgan xodimni ikki yil ichida oʻzi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlarga ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasidan xulosa olishning aniq tartibini belgilash boʻyicha idoravaiy normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi.
Xalqaro amaliyotda strategik muhim va nozik maʼlumotlarga ega boʻlgan tuzilmalar rahbarlari uchun, qoida tariqasida, ishdan boʻshatilgandan keyin maʼlum vaqt davomida xususiy sektorga oʻtishga cheklovlar oʻrnatiladi. Bundan tashqari, bu amaliyot amaldor hali lavozimda payti nazorati ostidagi kompaniya bilan korrupsiyaviy kelishuvlar qilishi ehtimolini bartaraf etadi.
"Sovitish davri" deb ataladigan davr uch yildan besh yilgacha — xizmat maʼlumotlari oʻz ahamiyatini yoʻqotgunga qadar davom etishi mumkin.
Misol uchun, Energetika vazirligida ishlagan davlat xizmatchilari tizimdagi korxonalarga ishga oʻtadigan boʻlsa, vazirlik komplayens xizmatidan xulosa talab etiladi.
2026 yil 1 martdan boshlab 32 ta vazirlik, idora va yirik davlat kompaniyalarida komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻrinbosar lavozimlari joriy etiladi.
Eslatib oʻtamiz, davlat kompaniyalari orasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, "Oʻzbekiston temir yoʻllari"," Uzbekistan Airways" va boshqalar kiradi.
