Shavkat Mirziyoyev Karim Egamqulov vafoti sabab hamdardlik bildirdi
Karim Egamqulov qishloq va suv xoʻjaligi taʼlimini va amaliyotini rivojlantirish borasida tajriba yaratgan. U irrigatsiya va qishloq xoʻjaligi sohasiga oid 20 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va darsliklar muallifi sifatida tanildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi, oliy taʼlim aʼlochisi Karim Egamqulov vafoti sabab hamdardlik bildirdi.
Karim Egamqulov shu yil 14 fevral kuni 87 yoshida vafot etdi.
U 1939 yil 5 mayda Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida tugʻildi. 1964 yilda Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti)ni tugatib, shu dargohda katta laborant boʻlib ish boshladi. Soʻngra ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1969–1972 yillarda Sirdaryo viloyati “Bilim” jamiyati masʼul kotibi sifatida ishlagan.
1972–1975 yillarda Sirdaryo davlat pedagogika instituti prorektori vazifasida samarali faoliyat yuritib, oʻzining yetakchilik salohiyatini, tashkilotchilik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyon etdi.
1975–1987 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining Yangiyer filiali direktori lavozimida xizmat qildi.
Karim Egamqulov ilmni amaliyot bilan bogʻlab, xususan, qishloq va suv xoʻjaligi taʼlimini va amaliyotini rivojlantirish borasida oʻziga xos tajriba maktabini yaratdi.
Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligi sohasiga oid 20 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va darsliklar muallifi sifatida tanildi.
Tajribali va ilgʻor pedagog Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining malaka oshirish fakulteti dekani, tuproqshunoslik kafedrasi mudiri, Sirdaryo viloyati hisobchilarni qayta tayyorlash oʻquv markazi direktori vazifalarida ham samarali mehnat qilib, respublikamiz irrigatsiya va qishloq xoʻjaligi sohasi vakillarining amaliy bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, ularni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan tanishtirish ishlarini samarali tashkil etdi.
