JSST poliomiyelitga qarshi yangi vaksinani tasdiqladi
Poliomiyelit oʻtkir shol kasalligi boʻlib, asab tizimi, ayniqsa, orqa miyani shikastlaydi.

JSST poliomiyelitga qarshi yangi vaksinani tasdiqladi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti poliomiyelitning 2-turiga qarshi yangi vaksina(nOPV2)ni tasdiqladi.
Qayd etilishicha, ushbu vosita amaliyotga kiritilgach, mazkur kasallikning avj olishini cheklash mumkin boʻladi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, ogʻizga tomchi orqali qabul qilinadigan nOPV2 preparati amalda qoʻllanilayotgan muqobillariga nisbatan yuqori genetik barqarorlik va samaradorlikka ega. Yangi epidemiyalar paydo boʻlishi xavfini kamaytiradi.
Shu maʼnoda, yangi vaksinadan foydalanish koʻplab mamlakatlarni poliomiyelitdan xoli hududlarga aylantirish imkonini beradi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, vaksina ishlab chiqish va oʻz vaqtida yetkazib berishdagi yutuqlar oʻz samarasini bermoqda. Oʻtgan yili Pokiston va Afgʻonistonning 24 ta tumanida yovvoyi poliovirusning 41 ta holati qayd etilgan, 2024 yilda bu koʻrsatkich 49 ta tumanda 99 taga teng edi.
Poliomiyelit oʻtkir shol kasalligi boʻlib, asab tizimi, ayniqsa, orqa miyani shikastlaydi. Asosan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga bu virusning yuqish xavfi yuqori hisoblanadi. Baʼzan falajlik va oʻlim holatlarini keltirib chiqarishi mumkin.
