platina.uz
Tahlil

FETÖ va Erdoʻgʻon qarama-qarshiligi – sabablar, voqealar va oqibatlar

Bu adovat 2013 yildagi katta aksilkorrupsion operatsiyadan soʻng kuchaydi. Unda vazirlar va Erdoʻgʻonning farzandi qoʻlga olingan edi. Turkiya hukumati bu ishda Gyulen harakatiga yaqin odamlarni aybladi, bu munosabatlarni yanada keskinlashtirdi.

FETÖ va Erdoʻgʻon qarama-qarshiligi – sabablar, voqealar va oqibatlar
Fotokollaj: Platina.uz

Oʻtgan yil dekabr oyidan boshlab Turkiyada FETÖning “maxfiy tuzilmasi” aʼzolarini qoʻlga olish boʻyicha amaliyotlar boshlandi va hozirgacha davom etmoqda.

Oʻshanda Anqara bosh prokuraturasi FETÖning “maxfiy tuzilmasi”ga aloqadorligi gumon qilingan 21 nafar shaxsni qoʻlga olish uchun order berdi. Tekshiruv doirasida aniqlanishicha, ular harakatning boshqa aʼzolari bilan aloqa oʻrnatgan va “tashkiliy harakatlar” haqida xabar berib turgan. Ularning 9 nafari Turkiya davlat organlarining xodimi ekani qayd etilgan.

Bosh politsiya boshqarmasining Terrorizmga qarshi kurash boʻlimi tomonidan 6 ta viloyatda gumonlanuvchilarni qoʻlga olish boʻyicha bir vaqtda amaliyotlar olib borildi. Oʻsha paytdagi Ichki ishlar vaziri Yerlikaya soʻnggi ikki haftada mamlakatning 37 viloyatida 121 nafar gumonlanuvchi qoʻlga olingani haqida xabar berdi.

Shuningdek, Istanbul shahrida oʻtkazilgan maxsus amaliyot davomida FETÖ yetakchisi Fathulloh Gyulenning jiyani Yosir Gyulen qoʻlga olindi. U qurolli terrorchilik tashkiloti aʼzosi sifatida qidiruvda edi. Amaliyot Turkiya Milliy razvedka xizmati (MİT) bilan muvofiqlashtirilgan holda politsiya tomonidan oʻtkazildi va gumonlanuvchi keyinchalik qoʻshimcha protseduralar uchun politsiya boʻlimiga olib ketildi.

Bundan tashqari, Turkiyada FETÖning “talabalar tuzilmasi” fosh etilgani haqida ham xabar qilindi. Turkiyaning 5 ta viloyatida 12 nafar gumonlanuvchi– Frakiya universiteti talabalari va bitiruvchilari qoʻlga olindi. Tekshiruvlar davomida ularning manzillaridan raqamli materiallar olib qoʻyilgan.

Avvalroq, oʻtgan yil noyabr oyida esa gumonlanuvchilar orasida harbiylar va davlat xizmatchilari ham borligi xabar qilingan edi. Anqara bosh prokuraturasi FETÖ bilan aloqadorlikda gumon qilingan 22 nafar shaxsni qoʻlga olish uchun order berdi. Ulardan 8 nafari xizmatdagi harbiylar, 10 nafari nafaqaga chiqqan yoki xizmatdan boʻshagan shaxslar, 3 nafari davlat organlari xodimlari ekani maʼlum qilindi. Prokuratura maʼlumotlariga koʻra, gumonlanuvchilar FETÖning “maxfiy xizmati” bilan aloqador boʻlishgan. Ular turli hududlardagi statsionar telefonlar orqali oʻz kuratorlari bilan aloqa qilishgani aniqlangan.

FETÖ – tashkil etilishi, mafkurasi va tuzilmasi

FETÖ – Turkiya rasmiy hokimiyatlari tomonidan Fethullahçı Terör Örgütü – “Fathulloh Gyulenning terror tashkiloti” deb nomlangan atamaning qisqartmasidir. Turkiya ichida bu atama 2016 yilgacha uning tarafdorlari Hizmet (xizmat) harakati deb atagan, diniy va taʼlimiy mafkura asosida tashkil etilgan maktablar, xayriya va jamoat tashkilotlari tarmogʻini anglatadi. Turkiya davlatining bayoniga koʻra, bu tarmoq konstitutsiyaviy tuzumni buzishga qaratilgan maxfiy va iyerarxik tartibda tashkil etilgan tuzilmani shakllantirish uchun asos boʻlgan.

Gyulen tarafdorlari oʻz harakatini taʼlim, dinlararo muloqot, maʼnaviy rivojlanish va zoʻravonliksiz modernizatsiya yoʻnalishidagi tarmoq sifatida tasvirlashgan. Ammo Turkiya bu harakat vaqt oʻtishi bilan yashirin siyosiy va qudratli tarmoqka aylangan, deb hisoblaydi.

Fathulloh Gyulen va uning FETÖ bilan aloqasi

Fathulloh Gyulen – 1941 yilda tugʻilgan turk daʼvatchisi va jamoat arbobi boʻlib, 1999 yilda AQShga koʻchib oʻtgan va Pensilvaniyada yashagan, 2024 yil 20 oktabrda AQShdagi shifoxonada vafot etgan. U Hizmet harakati ruhoniy rahbariga aylandi, keyinchalik Turkiya hukumati bu harakatni FETÖ – “Fathulloh Gyulenning terror tashkiloti” deb eʼlon qildi.

Gyulen taʼlim, konfessiyalararo muloqot va maʼnaviy hayotni faol targʻib qildi, uning tarafdorlari Turkiya va dunyodagi oʻnlab mamlakatlarda yuzlab taʼlim muassasalarini ochdi. Ammo 2010 yilga kelib harakat va hukumatdagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) bilan munosabatlar buzildi, davlat uning tarmoq taʼsirini davlat nazorati uchun tahdid deb qarashni boshladi.

Nega Turkiya hukumati FETÖni terror tashkiloti deb hisoblaydi?

Turkiya hukumati fikriga koʻra, FETÖ faqat diniy-taʼlimiy harakat emas, balki hokimiyatni egallash maqsadida asosiy davlat institutlariga – armiya, politsiya, sud tizimi, taʼlim va maʼmuriyatga oʻz vakillarini kiritgan yashirin tarmoqdir. Anqara rasmiy versiyasiga koʻra, uning aʼzolari 2016 yilda davlat tuzumiga qarshi davlat toʻntarishini tashkillashtirgan va boshqa harakatlarni tayyorlagan.

Nafratga aylangan muhabbat

Avvalboshda Gyulen va Erdoʻgʻon ittifoqchilar edi: Gyulen harakati Erdoʻgʻonning siyosiy loyihasini qoʻllab-quvvatlagan va uning hokimiyatini mustahkamlashga yordam bergan.

1990-2000-yillarda Erdoʻgʻon va Gyulen yaqin doʻstona munosabatda boʻlishgan. Gyulenning “Xizmat” diniy-ijtimoiy harakati Turkiya va xorijda koʻplab maktablar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy loyihalarga ega edi.

Erdoʻgʻon Gyulenni “hoja” (ustoz, rahbar) deb atagan va uning siyosiy qoʻllab-quvvatlashiga tayangan. Gyulen tarafdorlari Erdoʻgʻonning Adolat va rivojlanish partiyasini saylovlarda qoʻllab-quvvatlagan va ularning OAVlari muxolifatni keskin tanqid qilgan.

Ammo 2000-yillarning oxiri va 2010-yillarning boshlarida ular oʻrtasidagi doʻstona munosabat buzila boshladi. Gyulen tarafdorlarining davlat tizimlari(taʼlim, sud, politsiya)dagi taʼsiri Erdoʻgʻonda ularning “parallel davlat”qurayotgan boʻlishi mumkinligi haqida shubhalar uygʻotdi.

“Xizmat” va Erdoʻgʻon oʻrtasidagi sovuqlik belgilari ilk marta 2010 yilda, turk gumanitar kemasi atrofidagi voqealar davrida namoyon boʻldi.

Eslatib oʻtadigan boʻlsak, 2010 yil may oyida Gʻazo sektoriga gumanitar yordam tashuvchi turk konvoyi “Erkinlik flotilliyasi” blokadani buzishga urinish paytida Isroil chegarachilari tomonidan oʻqqa tutildi. Hujum natijasida Turkiyaning 8 fuqarosi halok boʻldi. Gyulen Turkiya rahbarligining bu harakatini keskin tanqid qildi. Chunki bu amaliyot Isroil bilan strategik munosabatlar buzilishiga sabab boʻldi.

2013 yil noyabr oyida Erdoʻgʻon “Xizmat”ga tegishli xususiy maktablarni yopishni taklif qildi, bu esa Gyulenning noroziligiga sabab boʻldi. Oxirgi qadam Turkiyaning “Taraf” gazetasida eʼlon qilingan “Gyulenni tugatish rejasi” nomli maqola boʻldi. Maqolada 2004 yilda Turkiya Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan hujjat mazmuni keltirilgan boʻlib, unda Turkiya hokimiyati yaqin kelajakda davlat strukturalarini “Xizmat” vakillaridan tozalashni niyat qilgani qayd qilingan.

Bu qarama-qarshilik 2013 yildagi katta aksilkorrupsion operatsiyadan soʻng avj oldi. Unda vazirlar va Erdoʻgʻonning farzandi qoʻlga olingan edi. Turkiya hukumati bu ishda Gyulen harakatiga yaqin odamlarni aybladi, bu munosabatlarni yanada keskinlashtirdi.

2013 yildan soʻng Erdoʻgʻon gyulenchilarga qarshi faol kurash olib bordi: ularni davlat idoralaridan haydadi, maktab va OAVlarni yopdi, tarafdorlarini qoʻlga oldi.

Turkiyadagi toʻntarishga urinish va unda FETÖning roli

Eng oxirgi nuqta – 2016 yil 15 iyuldagi Turkiyadagi davlat toʻntarishiga urinishda Gyulen va uning tarafdorlari ayblanishi boʻldi.

Shu kuni kechasi Turkiyada roʻy bergan harbiy toʻntarish chogʻida harbiy aviatsiya parlament va prezident saroyiga zarba berdi, qoʻshinlar Anqara, Istanbul va boshqa shaharlarda strategik obʼektlarni nazoratga oldi. Natijada taxminan 290 kishi halok boʻldi, 2000 dan ziyod odam jarohatlandi. Erdoʻgʻon qiyinchilik bilan boʻlsa-da, ushbu toʻntarishga chek qoʻydi. Anqara bu urinishni tashkil etish va boshqarishda FETÖni aybladi. Erdoʻgʻon bu harakatni terroristik tashkilot deb eʼlon qildi va AQShdan Gyulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni talab qildi. Vashington bu talabni bajarmadi.

Eronning Fars agentligi maʼlumotlariga koʻra, isyonchilarga qarshi kurashda Moskva Erdoʻgʻonga katta yordam bergan. Ehtimoliy davlat toʻntarishidan bir necha soat oldin Turkiya hukumati Rossiyadan isyonchilarning maxfiy suhbatlari yozuvlarini olgan. Ular boshqa masalalar bilan bir qatorda prezident Erdoʻgʻonni oʻldirishni ham muhokama qilishgan. Ammo Anqara va Moskva bu xabarni rasman tasdiqlamadi.

Ushbu voqealardan soʻng hukumat ommaviy qamoqqa olish tadbirlarini boshladi, 25 000 dan ziyod harbiy, politsiya va davlat xizmatchilari toʻntarishga aloqadorligi yoki Gyulen tarmogʻi bilan bogʻliqligi iddao qilindi.

2016 yildan soʻng Turkiyaning FETÖga qarshi kurashi

2016 yildagi muvaffaqiyatsiz toʻntarishdan soʻng Turkiya davlatining FETÖga qarshi keng koʻlamli kurashi amalga oshirildi.

Xususan, ushbu harakat bilan bogʻliq maktablar, universitetlar, ommaviy axborot vositalari va bizneslar yopildi. Oʻn minglab odamlar ishdan olindi yoki qamoqqa tashlandi. Minglab shaxslar mamlakatdan chiqib ketib, xorijdan siyosiy boshpana soʻradi. Anqara ularni ekstraditsiya qilishga harakat qila boshladi. Xavfsizlik choralari kuchaytirildi va bir necha oy davomida favqulodda holat joriy etildi. Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻon bir necha marta bu tashkilotga qarshi kurash “u toʻliq yoʻq qilingunicha” davom ettiriladi, deya munosabat bildirdi.

Xalqaro munosabat va FETÖga qarshi kampaniyaning tanqidi

2016 yilda Turkiyada davlat toʻntarishiga urinishdan soʻng FETÖ harakati Fors koʻrfazi davlatlari, Pokiston va Turkiyada terror tashkiloti deb eʼtirof etildi.

Biroq xalqaro jamoatchilik va inson huquqlari tashkilotlari vaziyatni turlicha baholadi. Baʼzilari Turkiyaning davlatni tahdid va isyonchilardan himoya qilish huquqini qoʻllab-quvvatladi, boshqalari esa ommaviy qoʻlga olish, qamoqqa olish va keng koʻlamli tozalanishlardan xavotir bildirdi. Chunki bu faqat toʻntarish ishtirokchilariga emas, FETÖ bilan bogʻliqligi qiyin isbotlanadigan koʻplab odamlarga ham tegishli edi.

Shuningdek, xorijiy matbuotda hukumat “terror tashkiloti” nomi orqali siyosiy raqiblarini yoʻq qilish va hokimiyatni kengaytirish uchun foydalangani tanqid qilindi. Bu FETÖ taʼrifining siyosiy maqsadda qoʻllanilishiga shubha tugʻdirdi.

Fathulloh Gyulenning vafoti harakatga qanday taʼsir qildi?

2024 yil oktabrda AQShda Gyulenning vafoti ramziy voqea boʻldi, ammo tarmoqqa qarshi kurashni tugatmadi. Turkiya hamon uning tarafdorlari va tashkilot strukturasini qidirib, ularni davlat barqarorligi va xavfsizligi uchun tahdid deb hisoblaydi.

Anqara boshqa davlatlardan gumonlanuvchilarni ekstraditsiya qilishda hamkorlik, harakat bilan bogʻliq taʼlim va xayriya muassasalarini yopish hamda xorijiy hukumatlarga Gyulen tarafdorlarini qoʻllab-quvvatlash yoki panoh berishni toʻxtatish uchun bosim oʻtkazishga urinmoqda. Koʻplab mamlakatlar Turkiya bilan yaxshi aloqalarni saqlash maqsadida bunday tuzilmalarni yopishga rozi boʻldi.

Ammo baʼzi davlatlar Anqaraning talablariga koʻnmadi. Masalan, Shvetsiya hukumati FETÖ bilan bogʻliq ikki turk fuqarosini Turkiyaga ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi. Shvetsiya adliya vazirligi buni yuqori sudning ishni toʻxtatgani bilan izohladi va ekstraditsiya uchun toʻsiqlar mavjudligini taʼkidladi. Shu holatda hukumat bu masalani tasdiqlay olmaydi, deya izoh berildi.

Bu voqealar fonda Turkiye Gazetesi Shvetsiya NATOga aʼzo boʻlish jarayonida terrorizmga qarshi kurash vaʼdasini “buzgani” haqida yozdi. Nashrning taʼkidlashicha, bu Anqaraning mamlakatning NATOga aʼzo boʻlishi uchun asosiy shartlaridan biri edi. Maʼlumki, Turkiya Shvetsiyaning NATOga aʼzo boʻlish borasida 2022 yil may oyida topshirgan arizasini deyarli 18 oy bloklab turdi. Nihoyat Shvetsiyaning FETO masalasida hamkorlik qilish vaʼdasi olingach, 2024 yil boshida Turkiya parlamenti arizani maʼqulladi va Prezident Erdoʻgʻon mamlakatning aʼzoligini tasdiqladi.

Xulosa

FETÖ – bugungi kunda faqat diniy harakat yoki taʼlim muassasalari tarmogʻi bilan chegaralanib qolmaydigan fenomen hisoblanadi. Turkiya davlatining rasmiy bayoni boʻyicha, bu tashkilot konstitutsiyaviy tartibni buzish va davlat toʻntarishini amalga oshirish maqsadini koʻzlagan. 2016 yildan soʻng Erdoʻgʻonning kuchli reaksiyasi – ommaviy qoʻlga olishlardan tortib muassasalarni yopishgacha – davlat rejimini mustahkamlash va davlatchilikni taʼminlashning bir qismiga aylandi.

Biroq bu kurashning xalqaro bahosi murakkab va ziddiyatli qolmoqda: bir tomondan – xavfsizlikni taʼminlash va toʻntarishlarning oldini olish, boshqa tomondan – huquqiy adolat, ommaviy qoʻlga olishlar va “terror tashkiloti” sifatida siyosiy maqsadda qoʻllash masalalari bilan bogʻliq. Bunday choralarning Turkiya fuqarolik erkinliklari va demokratiya institutlariga taʼsiri haqidagi savollar hozirga qadar muhokama qilib kelinmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid