Shimoliy Koreyada Ukraina urushi qurbonlarining oilalariga uy berildi
Soʻnggi oylarda Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun yuborilgan askarlarni ulugʻlovchi targʻibotni kuchaytirdi. Bu jamoatchilik noroziligining oldini olishga qaratilgan harakat deya baholangan.

Shimoliy Koreyada Rossiya–Ukraina urushida halok boʻlgan askarlarining oilalari uchun turar-joy mavzesini ochildi.
Rasmiylarga koʻra, loyiha urushda halok boʻlgan harbiylarni sharaflash va ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlib, tashabbus bevosita Kim Chen In rahbarligida amalga oshirildi.
Shimoliy Koreya Rossiya qoʻshinlari safida Ukrainada jang qilayotgan paytda halok boʻlgan shimoliy koreyalik askarlar oilalari uchun Pxenyanda yangi turar-joy mavzesi qurib bitkazilganini maʼlum qildi. Bu rahbar Kim Chen Inning urush qurbonlarini sharaflashga qaratilgan navbatdagi tashabbusi hisoblanadi.

Davlat OAVlari tarqatgan suratlarda Kim Chen In yangi koʻcha — Saeppyol koʻchasi — boʻylab sayr qilayotgani va tobora koʻproq jamoatchilik oldida qizi bilan ayrim oilalarning uylariga tashrif buyurgani aks etgan. U “Vatan uchun borini fido qilgan yosh shahidlar” oldidagi qarzni ado etishga vaʼda bergan.
Soʻnggi oylarda Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun yuborilgan askarlarni ulugʻlovchi targʻibotni kuchaytirdi.
Xususan, xotira devori barpo etildi va muzey qurildi. Tahlilchilar buni ichki birdamlikni mustahkamlash hamda jamoatchilik noroziligining oldini olishga qaratilgan harakat sifatida baholamoqda.
Kim soʻnggi oylar ichida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi urushini qoʻllab-quvvatlash uchun minglab askarlar va katta miqdorda harbiy texnika, jumladan artilleriya va raketalarni yubordi. Vashington bilan alohida qarama-qarshiliklar fonida ikki yetakchi har doimgidanda yaqinlashmoqda.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati oʻtgan hafta urush davomida 6 ming nafar shimoliy koreyalik harbiy halok boʻlgan yoki yaralanganini taxmin qilayotganini maʼlum qildi, biroq qurbonlar soni boʻyicha aniq tafsilot bermadi. Oʻtgan yili agentlik taxminan 600 kishi halok boʻlganini bildirgan edi.
Yopiq eshiklar ortida oʻtgan brifingda qatnashgan qonunchilar soʻzlariga koʻra, razvedka xizmati shimoliy koreyalik harbiylar zamonaviy jangovar tajriba va Rossiyaning texnik yordamini qoʻlga kiritayotganini, bu esa ularning qurol tizimlari samaradorligini oshirishi mumkinligini taʼkidlagan.
Yangi koʻchaning qurilishi Shimoliy Koreya oy oxirida yirik hukmron partiya qurultoyini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda.
Unda Kim kelgusi besh yil uchun ichki va tashqi siyosatdagi asosiy maqsadlarini eʼlon qilishi hamda hokimiyatini yanada mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishi kutilmoqda.
