Sadir Japarov uchta vazirni ishdan boʻshatdi
Kadrlar oʻzgarishiga izoh berar ekan, Japarov Qirgʻizistonda toʻntarish ehtimolini rad etdi. Turkmanistonda ham milliy xavfsizlik rahbari almashtirildi.

Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonda qator mansabdorlar ishdan olindi.
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbarlari Boobek Ajikeyev, Tabiiy resurslar vazirligi Meder Mashiev va Transport vazirligi rahbarlari Absattar Sirgabayevni ishdan boʻshatdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Urmatbek Shamirkanov Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi, Talantbek Soltobayev Transport va kommunikatsiya vaziri vazifasini bajaruvchi, Aqil Toktobayev esa Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Kadrlar oʻzgarishiga izoh berar ekan, Sadir Japarov Qirgʻizistonda toʻntarish ehtimolini rad etdi:
"Hech qanday toʻntarish yoki shunga oʻxshash narsa boʻlmaydi. Birinchidan, qonunlar bunga yoʻl qoʻymaydi, ikkinchidan, bunday vaziyat mavjud emas", dedi prezident Kabar axborot agentligiga bergan intervyusida.
U mamlakatning shimol va janubga boʻlinishining oldini olishga vaʼda berdi. 10 fevral kuni Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi rahbari Kamchibek Tashiyevni ishdan boʻshatdi. Qamchibek Tashiyevning oʻrinbosarlaridan biri, mamlakatning yuqori lavozimli amaldorlari va sobiq davlat rahbarlarini himoya qilish uchun masʼul boʻlgan xizmatni boshqargan Jumgalbek Shabdanbekov qoʻmita raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 12 fevral kuni davlat rahbari Xavfsizlik Kengashining yangi kotibi Adilet Orozbekovni tayinladi. Bu oʻzgarishlar mamlakat prezidentlik saylovlaridan bir yil oldin amalga oshirildi.
Turkmanistonda ham milliy xavfsizlik rahbari almashtirildi.

Turkmaniston milliy xavfsizlik vaziri Nazar Atagarayev boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Uning oʻrniga mamlakat prezidenti xavfsizlik xizmatini boshqarib kelgan general-mayor Dovletgeldi Meredov tayinlandi.
Bungacha Turkmaniston hukumatida ham oʻzgarishlar amalga oshirilgandi: Guvanch Agadjanov, Batir Mammedov va Batir Annayevlar vazirlar mahkamasi raisi oʻrinbosarlari etib tayinlangandi.
