platina.uz
Maqola

Rossiyada jinoyatchilik oshmoqda – Ukraina urushidan qaytganlar muammosi

Urushda oʻlganlar piyonistaligi yoki uysizligi (BOMJligi) bois bekorga oʻlib ketganidan koʻra, urushda oʻlgani foydaliroq, degandi Putin. Ham rus armiyasiga foydasi tegadi, ham uning bolalari urushda oʻlgan boquvchisi ortidan 4-5 tangalik boʻlib qolishadi.

Rossiyada jinoyatchilik oshmoqda – Ukraina urushidan qaytganlar muammosi
Fotokollaj: Platina.uz

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, savodsiz boshqaruv, notoʻgʻri va noʻnoq harbiy strategiya, korrupsiya va yolgʻon hisobotlar oʻz kuchini koʻrsatdi. Uch kunda Kiyevni olishga daʼvo qilgan “dunyoning ikkinchi qudratli” armiyasi 4 yildan beri Donbassni oxirigacha bosib olishning uddasidan chiqmayapti.

Har kuni millionlab dollarlik raketa, qurol-yarogʻ va texnikalarning yoʻq qilinishi oʻz yoʻliga. Askarlarni boqish va davolash, ularga vaʼda qilingan maosh va kompensatsiyalar toʻlash, imtiyozlar berish byudjetni quritayotgani, sanksiyalar natijasida Rossiyaning asosiy boyliklari – gaz va neft suvtekinga kamgina xaridorlarga sotilayotgani (chunki boshqalar ikkilamchi sanksiyalarga tushib qolishdan qoʻrqadi) va katta chegirmalar bois foyda kamayib ketgani ham oʻz yoʻliga. Sanksiyalar bois Rossiyaning jahon texnologik, moliyaviy va ilmiy tarmogʻidan uzilib qolgani bois taraqqiyot 20-30 yilga orqaga tashlangani ham alohida mavzu. Biroq eng muhim masala – askarlarning yetishmasligi boʻlmoqda. Amaldorlarning qarindoshlari, shuningdek, esini tanigan, oʻzini hurmat qilgan, xullas,uddasidan chiqqan fuqarolar urushga yollamasliklari uchun xorijga qochishdi yoki pora bilan qutulib qolishmoqda. Ammo pulga muhtoj, tanishi yoʻq fuqarolar urushga tashlanmoqda va oʻlib ketishmoqda.

Urush qurbonlari

Askar yetishmasligi bois Rossiya hukumati xorijliklarni ham aldov va tahdidlar, tuhmat bilan ochilgan jinoyat ishlari vositasida urushga yubormoqda. Eng yomoni – bir paytlari sodir etgan dahshatli jinoyatlari uchun koʻp yilga ozodlikdan mahrum etilgan yoki hukm oʻqilgan shaxslar ham urushga borish evaziga afv etilmoqda.

Ularning aksariyati, deyarli 70 foizi Ukraina tuproqlari uchun oʻgʻit boʻlib qolib ketishyapti, albatta. Ammo qaytib kelganlari endi jinoyatchi retsidivist emas, urush qahramoni sifatida koʻkragiga urib, eski qiligʻini qaytaryapti – yana ogʻir jinoyatlarga qoʻl uryapti.

Putinning oʻz nutqlaridan birida Ukrainaga bosqinda ishtirok etayotgan askarlarni “yangi elita” deya taʼkidlagani sobiq “SVO”chilarni yanada erkalatib yubordi: ular “senlar uchun qon toʻkkanman” deya koʻkragiga urib, boshqa odamlarning joni va moliga daxl qila boshladi. Jamoat tartibini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir eta boshladi. Hatto urushga aloqasi yoʻq ablahlar ham “men urushdan qaytdim” deya odamlarga tahdid qilib kaltaklamoqda, urib oʻldirmoqda, yoki uylariga bostirib kirib, oʻgʻirliklar sodir etmoqda.

Qahramonga aylangan jinoyatchilarning qayta jinoyatlari

Masalan, Kareliyada 2 nafar shunday urush “qahramoni” 6 kishini soʻyib tashlagan. Qoʻlga olingan jinoyatchilardan biri – sobiq mahkum boʻlib, “Vagner” safida urishgani uchun afv etilgan. Yana biri esa avval Krasnodar oʻlkasida animator bolalarni urib oʻldirgan.

Samara viloyatida esa “Vagner”ning sobiq jangarisi va sobiq mahkum Ukrainada tinch aholini oʻldirib, urushdan qaytgach, qoʻshnisining 9 yashar qizini oʻgʻirlab ketgan va uning nomusiga tegib,boʻgʻib oʻldirgan.

Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas degandek, sobiq mahkum va sobiq jangchilar avval qaysi modda bilan jazoga tortilgan boʻlsa, urushdan qaytib kelib xuddi shu jinoyatlarni sodir etishyapti.

Sud veb-saytlari maʼlumotlarini koʻrib chiqqan “Novaya Gazeta Yevropa” nashrining xabar berishicha, bosqin boshlanganidan beri Rossiyada kamida 192 nafar urush qatnashchisi zoʻravonlik jinoyatlarida ayblangan.

“Qotillik” moddasi boʻyicha 49 ta ish qoʻzgʻatilgan. 143 kishi turli darajadagi tan jarohati yetkazishda ayblangan. Ushbu shaxslardan 26 nafarining xatti-harakatlari jabrlanuvchining oʻlimiga olib kelgan. Hayot va sogʻliqqa qarshi jinoyatlar sodir etganlar orasida har olti askardan bittasi jinoiy tarixga ega.

Nashrda taʼkidlanishicha, bunday jinoyatlar oy sayin ortib bormoqda. 2023 yilda ularning soni 13 baravar oshgan. Urush ishtirokchilari zoʻravonlik bilan jinsiy jinoyatlar sodir etish boʻyicha rekord oʻrnatgan.

Masalan, sentabr oyida Bryansk garnizon harbiy sudi Ukrainadan qaytgan 36 yoshli shartnoma asosidagi askarni 10 yoshli oʻgay qizini zoʻrlagani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Aprel oyida Tuvada 24 yoshli urush faxriysi 66 yoshli nafaqaxoʻrni zoʻrlab oʻldirdi.

“Siber.Realii” nashri avvalroq 2023 yilda Rossiya harbiy xizmatchilari tomonidan sodir etilgan jinsiy tajovuz jinoyatlarining koʻpayganini xabar qilgan edi. Harbiy sudlarga 70 dan ziyod zoʻrlash boʻyicha jinoyat ishi joʻnatilgan, ularning har ikkinchi qurboni – voyaga yetmaganlar boʻlgan.

Umuman olganda, sobiq urush qatnashchilari orasida sudlanganlar soni yetti baravarga oshgan. Zoʻravonlik jinoyatlaridan tashqari, ular mast holda mashina boshqarish (252 ta sudlanganlik), giyohvand moddalar savdosi (141), oʻgʻirlik (84), firibgarlik (55) va boshqa jinoyatlar uchun sudlangan. Kamida 158 nafar sobiq va hozirgi jang faxriylari bir nechta jinoyatlar uchun sudlangan.

Rossiya jinoyat kodeksiga koʻra, takroriy jinoyat sodir etgan har qanday shaxs “sodir etilgan jinoyat uchun nazarda tutilgan eng ogʻir jazoning maksimal muddatining uchdan bir qismidan kam” jazo ololmaydi, agar yengillashtiruvchi holatlar boʻlmasa, albatta. Biroq, sudlar odatda urush veteranlariga oddiy fuqarolarga qaraganda yumshoqroq munosabatda boʻlishyapti.

Masalan, sobiq xotinini qizlarining oldida kaltaklab, ayolning koʻzini oʻyib olgan sobiq “Vagner” yollanma askariga oʻqilgan hukm keng jamoatchilik noroziligiga sabab boʻldi. Singan yuz suyaklarini titan plastina bilan almashtirishga majbur boʻlgan ayol qasddan oʻrtacha tan jarohati yetkazish boʻyicha jinoiy ishni qoʻzgʻatishlariga erishdi. Biroq sudlanuvchi sudga “Baxmutni qoʻlga kiritgani uchun” medalini olib keldi, atigi 5000 rubl jarimaga tortildi va ozodlikka chiqarildi.

Xuddi shu holat boshqa jinoyatlar boʻyicha qarorlarga ham tegishli. Masalan, harbiy sudlanuvchilarning 80% dan ortigʻi mast holda transport vositasini boshqargani uchun jarimaga tortilgan – bu mamlakat boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan 13 baravar koʻp. Ushbu qonun boʻyicha sudlangan ruslarning aksariyati jamoat ishlariga hukm qilinadi. Veteranlarning 70 foizi giyohvand moddalar savdosi uchun jarimaga tortiladi. Bu eng yengil jazo; boshqalari esa uni atigi ikki baravar kam olishadi.

Sabab nimada?

Kriminologik va tarixiy tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, urush va jinoyatchilik oʻzaro bogʻliq hodisalardir. Qurolli mojarolarga aralashgan mamlakatlarda odatda qotillik, talonchilik va jiddiy tan jarohati yetkazish kabi zoʻravonlik jinoyatlarining koʻpayishi kuzatiladi.

Eng diqqatga sazovor koʻrsatkich – bu ikkinchi jahon urushidan beri qurolli mojarolarga aloqador barcha mamlakatlarda kuzatilgan holat – harbiy harakatlar tugaganidan keyin qotillik darajasining oshishidir. Ushbu statistika tadqiqotchilar Den Archer va Rozmari Gartner tomonidan aniqlangan boʻlib, ular 110 ta mamlakatda, ikkala jahon urushida va XX asrning boshqa 12 ta qurolli mojarosida ishtirok etgan mamlakatlarda har 100 000 kishiga toʻgʻri keladigan qotillik darajasining oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlarni tahlil qilishgan.

Biroq olimlar zoʻravonlik jinoyatlarining koʻpayishiga olib keladigan mexanizmlar boʻyicha bir fikrga kela olmagan. Turli vaqtlarda bu natijalar jamiyatdagi zoʻravonlikning normallashishi, urush veteranlari tomonidan jiddiy jinoyatlar sodir etilishi, urishayotgan mamlakatlarda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy institutlarning buzilishi yoki jangarilar ishtirok etishi mumkin boʻlgan uyushgan jinoyatchilikning kuchayishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan. Shunga qaramay, kriminologlar harbiy mojarolarda ishtirok etish – barcha ishtirokchi mamlakatlarda qotillik va boshqa zoʻravonlik jinoyatlarining koʻpayishiga olib kelishi borasida yakdil fikrda.

Rossiyalik psixiatr shifokor Denis Rassoxaning izohlashicha, sobiq jinoyatchilarinng Ukrainadagi urushda jazosiz ravishda odam oʻldirib yoki oʻgʻirlik (marodyorlik) qilib yurishgani va buning evaziga pul olishgani ularning ruhiyatiga yomon taʼsir qilgan. Ular asli tabiatan ham shafqatsiz va deviant xulq-avtor egasi boʻlishgan, albatta, ammo urushda ishtirok etish ulardagi bu hayvoniy xususiyatlarni battar kuchaytirgan.

Vaziyat qanday tus olishi mumkin?

Albatta, Rossiya prezidentining Ukrainaga urush ochishi manfur hodisa sifatida qoralansa-da, uning urushga odam yollashdagi taktikasiga qoyil qolish kerak. Putinning oʻzi aytishicha, urushda oʻlib ketish yomon hodisa emas. Bu xalqning ota-bobolari ham urushda qatnashib oʻlib ketishgan. Qolaversa, Putin urushda oʻlganlarning bevalari bilan uchrashuvda aytganidek, ular piyonistaligi yoki uysizligi (BOMJligi) bois bekorga oʻlib ketganidan koʻra, urushda oʻlgani foydaliroq. Ham rus armiyasiga foydasi tegadi, ham uning beva qolgan xotini yoki yetim qolgan bolalari urushda oʻlgan boquvchisi ortidan 4-5 tangalik boʻlib qolishadi.

Putin jinoyatchilarni urushga tashlab, ikkita quyonni urmoqda: jinoyatlarni qamoqda ushlab, ularni boqib xarajat qilgandan koʻra, oʻldirib yuborish arzonroq tushadi. Qolaversa, ular urushdan qaytib kelib jinoyat qilishsa, yana sud qilishadi va yana urushga joʻnatishadi.

Shuningdek, Putin rus boʻlmagan aholi orasidan urushga askar koʻproq yollashlarini bilvosita qoʻllab-quvvatlayotgan koʻrinadi. Bu orqali Moskva Rossiyadagi rus boʻlmagan aholini imi-jimida yoʻq qilayotgan boʻlsa kerak.

Xalqning ham joniga tega boshladi

Ukrainadagi urushda ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan fuqarolarning maqomi Rossiya jamoatchiligi tomonidan muhokama qilinmoqda, ular frontdan qaytishi retsidivizmning kuchayishiga olib kelishidan xavotirga tushmoqda.

Rossiyadagi “Jinoyat qurbonlarini quvvatlash fondi” (JQQF) ogʻir va oʻta ogʻir zoʻravonlik jinoyatlarini sodir etganlarni urush orqali ozod qilish imkoniyatini bekor qilishni taklif qildi. Chunki jinoyatchilar urushdan qaytib kelgach, oʻz jabrlanuvchilariga yana tahdid solishi mumkin. JQQF bunday fuqarolar ustidan maʼmuriy nazoratni talab qildi.

JQQFning “Jinoyat qurbonlari huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat holati toʻgʻrisida”gi hisoboti oʻtgan yili mart oyida Vladimir Putinga, Inson huquqlari kengashiga va Ombudsman Tatyana Moskalkovaga yuborilgan. Mualliflar urushda ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan fuqarolar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar qurbonlarining muammolariga eʼtibor qaratishgan. Fond ularning ozod qilinishi jabrlanuvchilar uchun xavf tugʻdirishidan xavotirda: “Baʼzi jabrlanuvchilar oʻz hayotlari va sogʻligʻi, shuningdek, yaqinlari uchun xavotir olishayotganini bevosita aytishmoqda”, deya taʼkidlaydi fond vakili. JQQF jabrlanuvchilarni ularga qarshi noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgan shaxslarning ozod qilinishi haqida xabardor qilishni, shuningdek, sudlanganligi olib tashlanganmi yoki yoʻqmi, qatʼi nazar, urushda ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi toʻxtatilgan barcha shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat oʻrnatishni joriy etishni taklif qilgan.

Ot oʻrnini... hindlar bosar!?.

Lekin xavotirga oʻrin yoʻq. Putin va Modi kelishuviga koʻra Rossiyaga kamida 2 million hind ishchi migrantlari olib kelinishi kutilmoqda. Rossiya oʻz neftini oʻta arzon – barrelini 25 dollardan sotayotgan edi. Biroq Modi ham Trampning bosimi tufayli Rossiya neftidan voz kechdi. Shu paytgacha mahalliy hokimiyat va politsiyaga hindlar sodir etgan jinoyatlarni yashirish va panja ortidan qarash, shov-shuv qilmaslik topshirilgan edi. Endi vaziyat oʻzgardi. Endi hindlarni ham xuddi Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar kabi turli tuhmat va aldovlar bilan Ukraina urushiga yuborishlari mumkin.

Xullas, Putin tirik ekan, Rossiyada hali odamlar bor ekan, askarlarni urushga “yem” qilish toʻxtamaydi. Bir latifada aytilganidek, aroqning narxi oshsa, piyonista ichishni kamaytirmaydi, uning bolalari yeyishni kamaytiradi xolos...

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid