platina.uz
Jamiyat

Prezidentga suiqasd qilingan kun

Bundan 27 yil avval Toshkentda jami 6 ta portlovchi modda ishga tushirilgan, otishmalar boʻlgan. Milliy kutubxonadagi talabalar darhol derazalar tomon yugurganu, ammo ularning ayrimlari uchun bu qiziquvchanlik fojiali yakun topgan. 

Prezidentga suiqasd qilingan kun

1999 yil 16 fevral kuni ertalab Toshkent shahrida terroristik xurujlar sodir etildi. Qisqa vaqt oraligʻida shaharning turli hududlarida jami 6 ta portlovchi qurilma ishga tushirildi. Hujumlarning maqsadi davlatning asosiy hukumat obʼektlari boʻlgani aytiladi.

Portlash nuqtalari

1999 yil 16 fevral kuni ertalab soat 11:00 da Oʻzbekiston hukumatining oʻtgan yildagi respublika iqtisodiy rivojlanishi yakunlariga bagʻishlangan majlisi boshlanishi kerak edi.

Majlisdan sal avvalroq Vazirlar Mahkamasi binosi yaqinida oʻq tovushlari eshitildi. Atrofdagilar sodir boʻlayotgan voqeadan hayratda qolishdi. Ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona binosidagi talabalar darhol derazalar tomon yugurishdi. Ularning ayrimlari uchun bu qiziquvchanlik fojiali yakun topdi – Vazirlar Mahkamasi binosi yaqinidagi kuchli portlashdan soʻng sinib otilgan oyna parchalari deraza oldida turganlarning yuzlarini jarohatladi. Otishma tovushlaridan soʻng koʻp oʻtmay, bir qator portlashlar silsilasi boshlandi.

Birinchi portlash soat 10:40 da Yusuf Xos Hojib koʻchasida, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati binolari yaqinida sodir boʻldi – bu yerda ZAZ-968M rusumli avtomobil portlatildi. Portlash toʻlqini unchalik katta boʻlmagan esa-da, u Mustaqillik maydonidagi binolar ichida ham sezilgan. Koʻpchilik shaharda gaz portlashi deb oʻylagan.

Ikkinchi portlash soat 10:55 da Sharof Rashidov shohkoʻchasida, sobiq “Iskra” kinoteatri qarshisida va “Mustaqillik maydoni” metro bekati yaqinida sodir boʻldi – bu yerda portlovchi modda bilan toʻldirilgan ZAZ-968M avtomobili portlatildi.

Uchinchi va eng kuchli portlash soat 10:58 da Vazirlar Mahkamasi binosi burchagi yaqinida yuz berdi – portlovchi modda bilan toʻldirilgan GAZ-21 avtomobili portlatildi. Portlash toʻlqini shu qadar kuchli boʻlganki, Mustaqillik maydonidagi barcha binolarning oynasi toʻkilib tushgan. Portlash toʻlqini Eski shahargacha yetib bordi, portlash epitsentridan 5 km uzoqlikda joylashgan 41-maktabdagi derazalar ham larzaga keldi. Portlash Vazirlar Mahkamasi binosi fasadiga jiddiy shikast yetkazgan boʻlsa-da, asos ustunlari bardosh berdi – bino qulab tushmadi. Aynan shu yerda Oʻzbekiston Prezidenti ishtirokida majlis boshlanishi kerak edi.

Toʻrtinchi portlash soat 11:20 da Toshkentdagi eng birinchi osmonoʻpar bino hisoblangan yangi Milliy bank binosi yonida sodir boʻldi – bu yerda ZAZ-968M avtomobili portlatildi. Binoning derazalari sinib ketdi, pastki qavatlarga shikast yetdi. Bu portlash Prezident Mustaqillik maydoniga shaxsan kelib, terakt joyini koʻzdan kechirayotgan paytda yuz bergan. Ushbu holat intervyu vaqtida videoga ham tushib qolgan.

Beshinchi portlash soat 12:00 da Abdulla Qahhor koʻchasida, terrorchilar joylashgan xususiy uy garajida, “Soxnut” yahudiy agentligi yaqinida sodir boʻldi.

Dastlabki xulosalar va oqibatlar

Bu portlashlar natijasida umumiy hisobda 16 kishi halok boʻldi, 100 dan ortiq fuqaro jarohat oldi. Shu kuni kechqurun mamlakat prezidenti Islom Karimov milliy televideniye orqali qilgan chiqishida unga nisbatan suiqasdga urinish boʻlganini maʼlum qildi va bunda radikal islomchilarni aybladi.

Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri Zokir Almatov esa 17 fevral kuni milliy televideniyeda qilgan chiqishida 16 fevral portlashlari ortida “Xizb ut-Tahrir” turganini, portlashlarning bevosita ijrochisi esa uning jangovar qanoti boʻlganini maʼlum qildi. Shuningdek, Oʻzbekiston hukumati javobgarlikni “Oʻzbekiston Islomiy harakati” deb ataluvchi tuzilma va xalqaro terrorchi tashkilotlar zimmasiga yukladi.

Terakt munosabati bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan koʻplab shaxslar qamoqqa olindi. Asosiy ayblanuvchilar – xorijda yurgan shaxslar – guvohlar koʻrsatmalari asosida sirtdan aybdor deb topildi. Oʻzbekiston maxsus xizmatlari maʼlumotiga koʻra, amalga oshirilgan va tayyorlanayotgan teraktlar amaldagi konstitutsiyaviy tuzumni agʻdarish va mamlakat Prezidenti hayotiga suiqasd qilishga qaratilgan fitna natijasi boʻlgan.

Sud jarayonlari

1999 yil 16 fevraldagi portlashlar silsilasidan soʻng Oʻzbekiston hukumati terakt fakti boʻyicha jinoiy ishlar qoʻzgʻatdi. Ayblovlar terrorizm, konstitutsion tuzumni agʻdarishga urinish va ekstremistik faoliyatda ishtirok etish moddalari boʻyicha qoʻyildi.

1999 yil iyun-iyul oylarida Oʻzbekiston oliy sudi portlashlar bilan bogʻliq deb topilgan 22 nafar ayblanuvchi ishini koʻrib chiqdi.

Ayblovlar quyidagilarni oʻz ichiga olgan: prezident va boshqa rahbarlarni oʻldirishga urinish, konstitutsion tuzumni agʻdarishga urinish, qurol va portlovchi moddalarni noqonuniy saqlash, ekstremistik tashkilotlarda ishtirok etish.

Natijada 6 nafar shaxs oʻlim jazosiga hukm qilindi, 8 nafar shaxs 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi, qolganlari 10 yildan 18 yilgacha boʻlgan qamoq jazosini oldi.

Sud ayblanuvchilarning islomiy radikal harakatlar yetakchilari – Tohir Yuldashev va Juma Namangoniy bilan aloqasi borligini qayd etdi. Ular keyinchalik “Oʻzbekiston Isomiy harakati” hamda Afgʻoniston va Tojikistondagi qurolli tuzilmalar bilan bogʻlangan shaxslar sifatida eʼlon qilingan.

2021-2022 yillarda Oʻzbekiston maxsus xizmatlari xorijda yigirma yildan ortiq vaqt davomida yashiringan terakt ishtirokchilaridan bir nechtasini qoʻlga olib, ekstraditsiya qildi. 2021 yil iyul oyida avval sudlangan besh nafar fuqaro sud qarori bilan oqlandi – ular teraktlardan soʻng chiqarilgan hukmlar ustidan shikoyat qilgan va ozodlikka chiqarilgan.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, 16 fevral voqealariga aloqadorlikda gumon qilingan oxirgi shaxs 2018 yilda DXX tomonidan amalga oshirilgan operatsiyada qoʻlga olingan. U Turkiston Islom harakati xalqaro terrorchi tashkiloti aʼzosi hisoblangan oʻzbekistonlik Zokir Rahimov edi. 2000 yildan buyon qidiruvda boʻlgan Rahimov Turkiyaning Istanbul shahrida qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Xulosa

1999 yil 16 fevral voqealari Oʻzbekistonning zamonaviy tarixidagi eng ogʻir va hal qiluvchi sinovlardan biri boʻlib qoldi. Bu portlashlar nafaqat insonlar hayotiga zomin boʻldi, balki mamlakat xavfsizlik siyosati, sud-huquq tizimi va jazoni ijro etish amaliyotida ham tub oʻzgarishlarga olib keldi.

Shu bilan birga, yillar oʻtishi bilan ayrim jinoyat ishlarining qayta koʻrib chiqilishi, baʼzi mahkumlarning oqlanishi va jazoni ijro etish muassasalari tizimida amalga oshirilgan islohotlar bu mavzuning koʻp qirrali ekanini koʻrsatadi.

16 fevral voqealari tarixiy saboq sifatida xavfsizlik, qonuniylik va adolat masalalari doimo muvozanatda boʻlishi kerakligini eslatadi. Bu sana fojia qurbonlari xotirasi bilan birga, davlat va jamiyat barqarorligi qanday ahamiyatga egaligini anglatib turuvchi muhim tarixiy hodisa boʻlib qoladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid