6,8 mingdan oshiq fuqaroning maʼlumotlarini qoʻlga kiritgan shaxs ushlandi
U firma orqali maishiy texnikalarning 80 foizini toʻlab berishni vaʼda qilib, odamlarni aldagan. Samarqandda esa shaxsiy videoni tarqatmaslik evaziga 500 dollar soʻraganlar qoʻlga olindi.

Internet tarmoqlarida ayrim shaxslar fuqarolarga nisbatan firibgarlik qilgani aniqlandi.
Jumladan, fuqaro Narpay tumani ichki ishlar boʻlimiga ariza bilan murojaat qilib, Telegram messendjeri orqali nomaʼlum profil egasi tomonidan unga shaxsiy video yuborilgani va uni internetga tarqatmaslik evaziga pul talab qilinganini maʼlum qilgan.
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv va texnik tadbirlar natijasida, 2004 yilda tugʻilgan ikki nafar shaxs Telegram messendjerida boshqa bir shaxs nomi bilan profil ochib, mazkur jinoyatni sodir etgani aniqlangan.
Fuqarodan 1 million soʻm mablagʻni plastik karta orqali olgan vaqtda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida ushbu shaxslar qoʻlga olingan. Gumonlanuvchilardan bir dona Honor X9S va bir dona iPhone 17 Pro Max rusumli telefon apparati ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, fargʻonalik fuqaroni chuv tushirib, undan 3,5 mln soʻm undirgan shaxs ushlandi. U jabrlanuvchiga firma orqali maishiy texnikaning 80 foizini toʻlab berishni vaʼda qilgan.
U firibgarlik orqali 6,8 mingdan oshiq fuqaroning maʼlumotlarini qoʻlga kiritgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Fuqarolarga kredit olib berishda yordam berishini aytib aldagan shaxs ham ushlandi. U bu orqali navoiylik fuqaroni 7 mln soʻmni qoʻlga kiritgan.
Navoiy IIB oʻtkazgan tadbirda ushbu shaxs Toshkentda qoʻlga olindi.
