Andijonda transmilliy jinoiy uyushma aniqlandi
Ular Boʻston tumanida 9,5 kg gashish moddasi bilan ushlangan.

Andijonda tezkor-qidiruv tadbiri natijasida transmilliy jinoiy uyushma aʼzolarining katta miqdordagi giyohvandlik vositalari kontrabandasiga chek qoʻyildi.
DXX, IIV va bojxona qoʻmitasi hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda Qirgʻiz Respublikasidan Oʻzbekistonga kontrabanda qilingan katta miqdordagi narkotik moddalar aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, Boʻston tumanidagi lokatsiyaga 9 kg 447 gr gashish moddasi qoʻyib ketilgan. Ushbu ish yuzasidan esa bir necha kishi qoʻlga olingan.
Ular mazkur gashish moddasini Oʻzbekiston boʻylab tarqatishi kerak boʻlgan.
Hozirda mazkur ish yuzasidan gumonlanuvchilarda JKning 273-moddasi 5-qismi boʻyicha ish ochilgan. Ushbu modda boʻyicha 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.
