platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston boʻylab 180 dan oshiq noqonuniy qurol saqlash holati aniqlandi

Navoiydagi tadbirda fuqaro avtomashinasi salonidan 10 ta oʻramga joylangan jami 500 dona patron topilgan. 

Oʻzbekiston boʻylab 180 dan oshiq noqonuniy qurol saqlash holati aniqlandi
Illyustrativ foto.

Oʻzbekiston boʻylab 180 dan oshiq noqonuniy qurol saqlash holati aniqlandi.

Yanvar oyidan boshlab Ichki ishlar vazirligi tomonidan respublika hududida qurol va oʻq-dorilarining noqonuniy muomalasini oldini olish hamda aholi tomonidan ularni ixtiyoriy ravishda topshirishga qaratilgan kompleks targʻibot-tashviqot va tezkor-profilaktik tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

Oʻtkazilgan tadbirlar natijasida yil boshidan buyon qurolni aniqlab, noqonuniy muomaladan olib qoʻyish 181 ta holati qayd etilgan.

Bu boradagi eng koʻp faktlar Toshkent shahrida – 56 ta, Namangan viloyatida – 69 ta va Fargʻona viloyatida – 49 ta holat aniqlangan.

Jumladan, Navoiy viloyatida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida 1989 yilda tugʻilgan, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida yashovchi H.N. boshqaruvidagi avtomashina salonida 10 ta oʻramga joylangan jami 500 dona patron mavjudligi aniqlandi.

Shu bilan birga, mahalla yettiligi va faollar imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda, roʻyxatga olinmagan qurollar, ularning oʻq-dorilarini ichki ishlar organlariga ixtiyoriy ravishda topshirish tartibi, qurol topshirgan shaxslarni ragʻbatlantirish choralari haqida aholi oʻrtasida keng koʻlamli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Yil boshidan buyon ushbu yoʻnalishda jami 319 ta targʻibot-tashviqot tadbirlari tashkil etildi. Natijada, yanvar oyidan buyon 195 ta ixtiyoriy topshirish holatlari qayd etildi.

Masalan, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida yashovchi G.S. oʻz yashash xonadonga qarashli molxona tomining nuragan qismini tozalash jarayonida marhum bobosiga tegishli boʻlgan “IJ-58M” rusumli, 16 kalibrli, raqamsiz ov qurolini topib, uni oʻz ixtiyori bilan tuman ichki ishlar boʻlimiga topshirdi.

Mazkur profilaktik va targʻibot tadbirlari respublika boʻylab davom ettirilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid