platina.uz
Jamiyat

Navoiy portreti bilan tanilgan Javlon Hasanov kontent tanlovining gʻolibi boʻldi

Yuzlab professional va havaskor kontent yaratuvchilarni qamrab olgan ushbu tanlovda ishtirokchilardan biri buyuk mutafakkir portretini 50 soat davomida qoʻlda chizdi. Uning ishi sunʼiy intellekt yaratgan tasvirdan ustun keldi va gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Navoiy portreti bilan tanilgan Javlon Hasanov kontent tanlovining gʻolibi boʻldi

Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bagʻishlab Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan oʻtkazilgan ijodiy tanlovning gʻoliblari aniqlandi.

Mazkur tanlov yoshlarni ijodga undash bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar uchun yuzaki emas, balki mazmunli va estetik qiymatga ega kontent yaratish madaniyatini shakllantirish, badiiy tafakkurni zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga xizmat qildi.

Tanlov ishtirokchisi boʻlgan yosh isteʼdod egasi Javlon Hasanov buyuk mutafakkir portretini 50 soat davomida qoʻlda chizib, uni sunʼiy intellekt yordamida ishlab chiqilgan tasvir bilan ijodiy taqqoslash orqali taqdim etdi. Natijada, sunʼiy intellekt texnik jihatdan mukammal aniqlikni namoyon etgan boʻlsa, inson qoʻli bilan yaratilgan asar Navoiy siymosiga xos ruh, hissiyot va badiiy chuqurlikni yorqin ifoda etdi.

Javohir ushbu ijodiy ishni yaratish jarayonini videoga olib, uni Instagram tarmogʻidagi sahifasiga joyladi. Qisqa vaqt ichida bu video 2,3 milliondan ortiq koʻrishlar qayd etib, 220 mingdan ortiq "like" olib keldi. Qolaversa, tarmoq kuzatuvchilari yosh isteʼdod egasining mehnatini qoʻllab-quvvatlab, minglab izoh yozishdi.

Hakamlar hayʼati qaroriga koʻra, Javohir Hasanov 1-oʻringa loyiq deb topildi va unga iPhone 17 Pro telefoni topshirildi.

Shuningdek, tanlov koʻplab professional va havaskor kontent yaratuvchilarni qamrab oldi. Unda jami 402 ta videokontent taqdim etildi. Yakuniy natijalarga koʻra, 2-oʻrin Rustambek Nasriddinovga, 3-oʻrin esa Nusratbek Erkinov hamda Ravshan Mirzabekovga nasib etdi. Gʻoliblarga DJI Pocket 3 va DJI Mic Mini (2TX+1RX) sovgʻalari topshirildi.

Bu oʻz navbatida, ijtimoiy tarmoqlar uchun sifatli, mazmunli va zamon talablari darajasidagi kontentlar ishlab chiqaradigan yoshlar bilan bevosita ishlash, ularni oddiy kontent isteʼmolchisi emas, balki professional kontent yaratuvchi subʼekt sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.

Maʼlumot uchun, bu kabi tanlovlar Kontent markazining keng koʻlamli faoliyatidagi yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Yil davomida 20 dan ortiq shunday tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, 1-oʻrin sohiblari iPhone 17 telefoni, 2- va 3-oʻrin egalari esa mos ravishda DJI Pocket 3 va DJI Mic Mini (2TX+1RX) sovgʻalari bilan taqdirlanadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid