"Bir koʻz bilan uxlang": Kaliforniya gubernatori Daniyani hushyorlikka chaqirdi
Gevin Nyusomning fikricha Tramp Grenlandiya boʻyicha tahdidlarini toʻxtatgani yoʻq.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomning aytishicha, Daniya AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiyaga boʻlgan daʼvolari sabab, "bir koʻz bilan uxlashi" kerak.
U TV2 muxbirlari bilan suhbat chogʻida vaziyatga izoh berdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari Nyusomdan Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish tahdidlari tugagan deb hisoblanishi mumkinmi, deb soʻrashdi.
Kaliforniya gubernatori buni rad etdi.
"Bir koʻz bilan uxlang", dedi u.
14 fevral kuni Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksenning idorasi Daniya Bosh vaziri va Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Fredrik Nilsen AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan muvaffaqiyatli muzokaralar olib borganini eʼlon qildi.
Uchrashuv Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida boʻlib oʻtdi. Bayonotda tomonlar bir nechta kelishuvlarga erishganligi va ularga muvofiq ishlar davom ettirilishi taʼkidlangan.
Avvalroq Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen Amerika rahbari bilan Grenlandiyani sotish boʻyicha muzokaralarga kirishishdan bosh tortgan edi.
