platina.uz
Iqtisod

“Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi

U investitsiya dasturiga kirgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil monitoring qiladi. Investitsiya dasturi doirasida qiymati 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinadi. 

“Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi

Umuman, investitsiya loyihalari bilan ishlash boʻyicha yangi tizimga oʻtilishi belgilandi.

Faqat investitsiya olib kelib, loyihani ishga tushirish yetarli boʻlmasligi, balki har bir loyiha toʻliq ishlashi, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratib, tashqi bozorga chiqishiga, ish oʻrinlarini toʻliq saqlab qolishiga ham eʼtibor qaratiladi.

Buning uchun dasturga kirgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil monitoring qiladigan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi.

Oʻtgan yili texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, uskuna olib kelish, moliyalash, infratuzilma, yer masalasi vaqtida hal boʻlmagani uchun 55 ta yirik loyiha kechikkan.

Shu bois, bu yilgi investitsiya dasturi doirasida qiymati 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinadi.

Oʻtgan yili xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, shu yilning oʻzida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million dollarlik investitsiya bitimlari imzolandi.

Vazirlar, tarmoq rahbarlari yoki hokimlar ushbu loyihalarning paysalga solinishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Investitsiya koʻpaygani hisobiga qurilish ham oshadi. Mutasaddilarga bu yilgi qurilish hajmini 400 trillion soʻmga olib chiqib, sohada kamida 17 foiz oʻsishni taʼminlash topshirildi.

Joriy yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun budjetdan 40 trillion soʻm berilmoqda. Bu qurilish, qurilish materiali, metallurgiya va elektrotexnika korxonalari uchun katta bozor.

Lekin hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari qurilish sifati va samaradorligini nazorat qilishga ulgurmayapti. Shu bois, Qoraqalpogʻiston, Samarqand va Fargʻonada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid