Toshkent viloyatida Prezident raisligida yigʻilish boshlandi
Rahbarlar jon kuydirib, katta marra olish oʻrniga hech qanday oʻzgarish qilmasa ham oʻz-oʻzidan taʼminlanadigan rejalar olgani koʻrsatib oʻtildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha asosiy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi.
Davlat rahbari har bir vazir, hokim, tarmoq rahbari sohasi, tizimi, korxonalariga yangicha boshqaruv olib kirib, bor resurslardan samarali foydalansa, anʼanaviy eksport bozorlari va mahsulotlariga bogʻlanib qolmasdan, yangi yoʻnalishlarni topib, tadbirkorlarga yoʻl ochib bersa, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish boʻyicha mutaxassislarni jamlab, innovatsiyalar qilsa, salohiyatli yoshlarni topib, “startap klub”lar tashkil etsa, ularning ishlanmalarini korxonalarda qoʻllasa, yanada yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga barcha imkoniyatlar borligini taʼkidladi.
Lekin koʻp rahbarlar jon kuydirib, katta marra olish oʻrniga hech qanday oʻzgarish qilmasa ham oʻz-oʻzidan taʼminlanadigan rejalar olgani koʻrsatib oʻtildi.
Soʻnggi uch yilda sanoatda qoʻshilgan qiymat ulushi 40,7 foizdan 43 foizga koʻpaydi. Lekin ushbu koʻrsatkich avtomobil ishlab chiqarishda atigi 20,7 foiz, elektr uskunalarida 29,3 foiz, oziq-ovqat sanoatida 30,1 foiz, charm sanoatda 33,4 foiz, kimyo sanoatda 40,4 foizni tashkil qilib, qoʻshilgan qiymat pastligicha qolmoqda.
Vaholanki, 2023-2025-yillarda mana shu 5 ta tarmoqqa jami 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 200 dan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi.
Masalan, agrotexnologiya oʻzgargani uchun dehqonlar dalada suyuq oʻgʻit ishlatishni afzal koʻryapti. Lekin haligacha kimyo zavodlari bunga moslasha olgani yoʻq. Faqat anʼanaviy mineral oʻgʻit ishlab chiqarmoqda.
