Raqobat qoʻmitasi “Alhadaya” ishlab chiqaruvchilarini jarimaga tortdi
Ushbu vositaning terapevtik samaradorligi va kasalliklarni yengillashtirishi haqida maʼlumotlar berilgan. Bu esa isteʼmolchilarda BFQni dori vositasi sifatida tushunishga sabab boʻlishi mumkin.

Raqobat qoʻmitasi “Alhadaya” ishlab chiqaruvchi MChJni jarimaga tortdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan “Alhadaya” biologik faol qoʻshimchasi reklamasi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan oʻrganishlar natijasida, mazkur reklamada taʼsir xususiyatiga ega boʻlmagan iboralardan foydalanilgani, BFQ toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berilmagani hamda uning terapevtik samaradorligi va kasalliklarni yengillashtirishi haqida maʼlumotlar berilganilik holatlari aniqlandi. Bu esa isteʼmolchilarda BFQni dori vositasi sifatida tushunishga sabab boʻlishi mumkin.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar hamda oziq-ovqat qoʻshimchalarini reklamasiga nisbatan qator majburiy talablar belgilangan.
Jumladan, bunday reklama:
Ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi;
Ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi;
Ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi;
Sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining tadqiqotlar oʻtkazilganligi, davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qoʻllash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
Voyaga yetmaganlar olishi yoki isteʼmol qilishi taqiqlangan ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.
Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi har bir holda reklama obʼekti dori vositasi emasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.
Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi boʻyicha ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazish taqiqlanadi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi alomatlari bilan “ALHADAYA NEW” MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
