Prezident "Oʻzcharmsanoat" raisi Akbar Sultanovni ishdan olishga koʻrsatma berdi
Uyushma rahbariyati sohaga yangilik olib kirmagani, pastga tushib ishlamagani tanqid qilindi.

Toshkent viloyatidagi yigʻilishda "Oʻzcharmsanoat" uyushmasi raisi Akbar Sultanovni lavozimidan ozod etishga koʻrsatma berildi.
Prezident raisligidagi yigʻilishda uyushma rahbariyati sohaga yangilik olib kirmagani, pastga tushib ishlamagani tanqid qilindi.
Poyabzal ishlab chiqaradigan 972 ta korxonadan 378 tasi faoliyatini toʻxtatgan boʻlsa, yana 120 tasi quvvatini yarmidan ham foydalanmayapti. Qolip, bogʻich, furnitura boʻyicha haligacha importga bogʻliqlik bor.
Oqibatda oʻtgan yili eksport boʻyicha vaʼda qilgan 250 million dollarning 40 foizi ham taʼminlangani yoʻq. Uyushmaning bu yilgi ishlab chiqarish va eksport rejasi ham qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi.
