Oʻzbekiston boʻylab giyohvandlikka qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi
Yashnobodlik fuqaro oʻz yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgan boʻlib, uning uyidan taxminiy ogʻirligi 5,3 kg boʻlgan narkotik moddalar topilgan.

Giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Andijon viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Xoʻjaobod tumani hududida harakatlanayotgan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi, 1991 y.t., muqaddam sudlangan shaxsga tegishli “BYD” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.
Natijada, uning salon qismida 6 dona polietilen oʻramlarda boʻlgan, jami 5 kg 946 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, u ushbu ajal ogʻusini narkokurʼerlar tomonidan “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olib, Toshkent shahriga ketayotgan boʻlgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qoʻmitasi xodimlari tomonidan poytaxtimizda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, xorijdan kurʼerlik joʻnatmasi orqali qandolat mahsulotlari orasiga yashirgan holda yuborilgan 350 gr “Klefedron” sintetik narkotik moddasini qabul qilib olgan vaqtida Chilonzor tumanida yashovchi, 2006 y.t. shaxs ushlandi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi boʻlgan – Yashnobod tumanida yashovchi, 1991 y.t. shaxs ham jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, mazkur fuqaro oʻzining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgan boʻlib, undan taxminiy ogʻirligi 5,3 kg boʻlgan sintetik giyohvand moddalar, gashish va marixuana moylariga oʻxshash moddalar, elektron tarozilar, kolba idishlar, uyali aloqa vositalari va laboratoriyada foydalaniladigan moslamalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida yashovchi, 1981 y.t., muqaddam sudlangan shaxs Qirgʻiz Respublikasidan Andijon viloyatiga noqonuniy olib oʻtilgan 1 kg 23 gr “geroin” moddasini shartli xaridorga 18500 AQSh dollariga sotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Sirdaryo viloyatida qayd etilgan holatda, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1993, 1996 va 1997 yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs ketayotgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Sayxunobod tumanidagi “Sayxun” YPX maskanida toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Natijada, avtomashinaning eshik qismidagi xufiyona joyga 2516 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari yashirilganligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, ular ushbu dori vositalarini muqaddam kurʼerlar tomonidan Qoʻqon shahridagi “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olishgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.