platina.uz
Iqtisod

Ohangarondagi quvur zavodida 350 mln dollarlik mahsulot eksport qilinadi

Shavkat Mirziyoyev “Premier” maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Korxonaning 2026-2027 yillarga moʻljallangan rivojlanish dasturi taqdimot qilindi. 

Ohangarondagi quvur zavodida 350 mln dollarlik mahsulot eksport qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Ohangaron tumanidagi “Infinity Copper Group” mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Loyiha Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilayotgani, uning umumiy qiymati 36 million dollarga teng ekani haqida maʼlumot berildi.

Bu yerda qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan, loyiha doirasida 14,9 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan.

Oʻzbekistonga 2025 yilda 15 million dollarlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Mazkur korxona toʻliq ishga tushgach, 10 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Korxonada 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, 200 milliard soʻm byudjet tushumlari taʼminlanadi hamda 350 million dollarlik eksport amalga oshiriladi. Mahsulotlar Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Afrika qitʼasi hamda Yevropa davlatlariga yetkazib beriladi.

“Infinity Copper Group” Oʻzbekistonda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi boʻyicha yetakchi oʻrinni egallab, jami toʻrtta ishlab chiqarish korxonasini oʻz ichiga oladi.

Prezidentimiz mamlakatimizda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari ulushini oshirish muhimligini taʼkidladi.

Bunday zamonaviy, raqobatbardosh korxonalar sonini koʻpaytirish orqali ichki bozor ehtiyojini toʻliq qondirish va eksport salohiyatini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumaniga tashrifi davomida “Premier” maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Natijada tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, import oʻrnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish kengaydi.

Xususan, Ohangarondagi mazkur loyiha ham Birlashgan Arab Amirliklarining “Fajr Al Mustaqbal General Trading” korxonasi bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilayotgan boʻlib, umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil qiladi.

Loyiha doirasida 250 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, 4 million dollar eksport amalga oshiriladi. Ayni vaqtda qurilish ishlari 95 foizga bajarilib, 11,3 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan.

Mazkur korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiya, Qirgʻiz Respublikasi, Afgʻoniston kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Ayni paytda bu kabi korxona Oʻzbekistonda ikkita, Markaziy Osiyoda esa toʻrtta boʻlib, ularning orasida mazkur loyiha mahsulot ishlab chiqarish hajmi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi.

Kelgusida majmua toʻliq ishga tushishining hisobiga 87 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilyapti.

Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayoni, mahsulotlari sifatini koʻzdan kechirdi. Mutaxassislar va ishchilar bilan suhbatlashdi.

Shu yerning oʻzida korxonaning 2026-2027 yillarga moʻljallangan rivojlanish dasturi taqdimot qilindi. Mamlakatimizdagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning koʻrgazmasi bilan tanishildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid