platina.uz
Jamiyat

Istanbulda yana bir ayol vahshiylarcha oʻldirilgani maʼlum boʻldi

Sayyora Ergashaliyeva marhuma Durdona Hakimovaning yaqin dugonasi boʻlgan. Gumonlanuvchilar oʻz aybiga iqror boʻlgan, hujjatlar sudga taqdim etildi. 

Istanbulda yana bir ayol vahshiylarcha oʻldirilgani maʼlum boʻldi

Istanbuldagi bosh konsulxona S.Ergashaliyevaning vafoti yuzasidan rasmiy munosabat berdi.

Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan olingan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, avval Durdona Hakimovaning oʻlimi bilan bogʻliq hodisadan soʻng bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaro - 1994 yilda Namangan viloyatida tugʻilgan Ergashaliyeva Sayyoraning vafot etganligi aniqlangan.

Maʼlum qilinishicha, Sayyora Ergashaliyeva marhuma Durdona Hakimovaning yaqin dugonasi boʻlgan.

Tergov jarayonida gumonlanuvchilar S.Ergashaliva yuzasidan koʻrsatma berishdan bosh tortganliklari qayd etilgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, joriy yil 22 yanvar kuni marhumalar hamda gumonlanuvchilar Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan restoranlardan birida birgalikda tushlik qilgan. Uchrashuv davomida S.Ergashaliyeva va G.K. oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Taxminlarga koʻra, mojaro S.Ergashaliyevaning Oʻzbekistonga qaytish niyati bilan bogʻliq masalada kelib chiqqan.

23 yanvar kuni T.D. va K.G. oʻzaro til biriktirib S.Ergashaliyevani avval pichoq bilan oʻldirib, tanani bir necha qismlarga boʻlib Fotih tumanidagi axlat qutilariga tashlashgan.

24 yanvar kuni qotillar S.Ergashaliyevaning telefonidan D.Hakimovaga SMS xabar yuborib uni ham chaqirib, S.Ergashaliyeva singari uni pichoq tiqib oʻldirib, tanani bir nechta qismlarga boʻlib, Shishli tumanidagi axlat qutilariga tashlashgan.

S.Ergashaliyevaning jasadi topilganligi haqida OAV da malumot tarqaldi. Biroq Istanbul Sud tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmadi.

Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni doimiy nazoratga olgan boʻlib, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.

Tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish boʻyicha ehtiyot chora qoʻllanilgan va ular aybiga iqror boʻlishgan, hujjatlar sudga taqdim qilingan.

Qoʻshimcha maʼlumotlar aniqlashtirilishi bilan jamoatchilik xabardor qilinadi, deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, yanvar oyida Istanbulda Durdona Hakimovaning jasadi topilgandi. Holat yuzasidan ikki oʻzbekistonlik erkak ushlangan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid