platina.uz
Tahlil

“Tinchlik kengashi” amaliy ishga oʻtmoqchi

Mazkur yangi tuzilma Oʻzbekiston uchun ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan yangi eshiklarni ochishi mumkin.

“Tinchlik kengashi” amaliy ishga oʻtmoqchi
Fotokollaj: Platina.uz

Oq uy 19 fevral kuni Gʻazo sektori boʻyicha “Tinchlik kengashi” yetakchilari ishtirokida uchrashuv oʻtkazishni rejalashtirmoqda, deb yozdi Axios nashri manbalarga tayanib. Ularning soʻzlariga koʻra, AQSh maʼmuriyati ushbu uchrashuvdan Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi kelishuvning ikkinchi bosqichini ilgari surish, shuningdek, mintaqani tiklash uchun mablagʻ yigʻish maqsadida foydalanmoqchi. Sammit “Tinchlik kengashi”ning ilk rasmiy yigʻilishi boʻlishi bilan birga, xalqaro donorlar konferensiyasi vazifasini ham oʻtaydi.

Tadbirga tayyorgarlik hozircha boshlangʻich bosqichda boʻlib, uning parametrlari oʻzgarishi mumkin. Manbalarga koʻra, AQSh maʼmuriyati oʻnlab davlatlar bilan ularning yetakchilari ishtirokini muvofiqlashtirish va tashkiliy masalalarni muhokama qilish boʻyicha maslahatlashuvlarni boshlab yuborgan. Uchrashuvni avval Tramp nomi bilan qayta atalgan “Tinchlik instituti”da oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Isroil rasmiylarining xabar berishicha, bosh vazir Binyamin Netanyaxu 18 fevral kuni – “Tinchlik kengashi” yigʻilishi kutilgan sanadan bir kun oldin – Oq uyda Tramp bilan uchrashish niyatida. Bosh vazir Isroilning kengash ishida ishtirok etishiga rozilik bildirgan. Agar Netanyaxu ishtirok etsa, “Tinchlik kengashi” yigʻilishi uning 2023 yil 7 oktabrdan beri arab va musulmon davlatlari yetakchilari ishtirokidagi ilk ochiq ommaviy tadbiri boʻladi.

Italiya ham qoʻshilishi mumkin

Italiya AQSh prezidenti Donald Tramp raisligida Gʻazo sektorida tinchlikni tartibga solish doirasida tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ga kuzatuvchi sifatida qoʻshilishi mumkin, deb yozadi Corriere della Sera gazetasi. Bu masala mamlakat bosh vaziri Jorja Melonining AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan Milanda, Qishki olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimi arafasida boʻlib oʻtgan muzokaralarida muhokama qilingan.

Avvalroq Italiya rahbariyati Rim mazkur kengashga uning ustavi Italiya Konstitutsiyasi normalariga mos kelmasligi sababli toʻlaqonli aʼzo sifatida kira olmasligini maʼlum qilgan va hatto “organ konfiguratsiyasi”ga oʻzgartirish kiritishga umid bildirgan edi. Xususan, “kuzatuvchi” funksiyasini joriy etish taklif qilinmoqda, biroq bu maqom bilan bogʻliq aniq majburiyatlar hozircha belgilanmagan.

Qayd etilishicha, Italiya bosh vaziri matbuot xizmati tarqatgan kommyunikeda Ukraina va Yaqin Sharq mavzulari muhokama qilingani haqida soʻz yuritilmagan. Faqat “Eron va Venesueladagi soʻnggi voqealarga alohida eʼtibor qaratilgani” taʼkidlangan. Shu bilan birga, AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham kirgan Amerika delegatsiyasi Oq uyning Eron boʻyicha rejalari haqida maʼlumot bermagan, chunki “vaziyat doimiy ravishda oʻzgarib turibdi”, deb yozadi nashr.

“Tinchlik kengashi” samarali tashkilotmi?

Joriy yilning 22 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp shu kunlarda eng koʻp muhokama qilinayotgan tashabbusni – “Tinchlik kengashi” nizomini taqdim etdi va u imzolandi.

Ushbu organning eʼlon qilingan maqsadlari ezgu: Gʻazo sektorida qayta qurish va tinchlik oʻrnatish, harbiy harakatlarga chek qoʻyish va barqaror rivojlanish uchun poydevor yaratishdir. Biroq bu shunchaki gumanitar loyiha emasligi tezda maʼlum boʻldi – u butun dunyo boʻylab mojarolarga taʼsir koʻrsatishga qodir yangi xalqaro platforma yaratishga urinish sifatida baholanmoqda.

“Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida yigirmaga yaqin mamlakat vakillari ishtirok etdi. Delegatlar orasida Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Argentina, Paragvay, Vengriya, Armaniston, Ozarbayjon va Oʻzbekiston vakillari bor edi. Tramp Rossiya, Belarus va Ukraina kabi 60 tagacha davlatni hamkorlik uchun taklif qildi. Ammo hamma davlatlar ham taklifni qabul qilmadi yoki aniq qoʻllab-quvvatlamadi. Masalan, Fransiya, Italiya va Shvetsiya Tramp taklifini rad etdi. Qolaversa, norasmiy ravishda aytilgan shart – doimiy aʼzolik uchun 1 milliard dollar kiritish talabi koʻpchilikni oʻylantirib qoʻygan koʻrinadi.

AQShning Yevropadagi ittifoqchilari loyihani qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortishdi va anʼanaviy xalqaro institutlarga, birinchi navbatda BMTga sodiqliklarini taʼkidlashdi. Ayniqsa, Trampning Grenlandiyani egallash borasidagi ambitsiyalari Gʻarb hamjamiyati orasiga nifoq soluvchi omil boʻldi.

Tanqidchilarning taʼkidlashicha, aniq huquqiy asos, kelishilgan protseduralar va keng xalqaro eʼtirofsiz bunday organ tinchlik uchun haqiqiy mexanizm emas, balki ramziy platforma boʻlib qolishi mumkin.

Shunga qaramay, Trampning tashabbusi xalqaro diplomatiya va tinchlikni saqlashda ogʻirlik markazini oʻzgartirishga urinish deb baholanmoqda. Unda ishtirok etish Oʻzbekiston kabi mamlakatlar uchun xalqaro hamkorlik, investitsiyalar va diplomatik aloqalarda yangi ufqlar ochishi mumkin.

Gʻazo sektorida tinchlik oʻrnatish masalasi: natijalar va maqsadlar

Davosdagi Jahon iqtisodiyoti forumida Gʻazoda iqtisodiy va infratuzilmani rivojlantirish rejalari, jumladan, asosiy amerikalik ishtirokchilarning shaharlarni tiklash, ish oʻrinlarini yaratish va investitsiyalar boʻyicha takliflari ham muhokama qilindi.

Biroq Falastin manbalari va kuzatuvchilarning oʻzlari Gʻazoda zoʻravonlik va keskinlik davom etayotganini va haqiqiy tinchlikka ehtiyoj yangi organ yaratishdan koʻra koʻproq narsani talab qilishini taʼkidlamoqdalar.

Bundan tashqari, asosiy agressor va istilochi – Isroilning “Tinchlik kengashi”ga taklif qilingani ham savol uygʻotadi. Shuningdek, “Tinchlik kengashi” nizomi va Trampning rejalarida Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olish qoidalari mavjud emas. Shu bois, eng yaxshi prognozda – Trampning oʻzi ilgari aytganidek, Gʻazo sektorini goʻzal kurort hududga aylantirishi mumkin. Yigʻilishi kutilayotgan deyarli 20 millard dollarlik fond bunga imkon beradi. Ammo Gʻazo sektori avvalgidek Isroil va Qoʻshma Shtatlarga qaram boʻlib qoladi. U shunchaki Trampning yana bir iqtisodiy foyda keltiradigan loyihasiga aylanadi xolos.

Oʻzbekiston uchun “Tinchlik kengashi”ga aʼzolikning afzalliklari

Oʻzbekiston uchun “Tinchlik kengashi”da ishtirok etish bir qator potensial afzalliklarni taqdim etadi.

Birinchidan, rasmiy Toshkentning xalqaro mavqei oʻsishi kutilmoqda. Yirik xalqaro tashabbuslarda ishtirok etish Oʻzbekistonning global maydondagi faol pozitsiyasini taʼkidlaydi. Oʻzbekiston muhim xalqaro jarayonlarda ishtirok etmoqda. Bu, shuningdek, mamlakatning tashqi aloqalarini diversifikatsiya qilishni, Rossiyaga qaramlikni kamaytirishni anglatadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda Gʻazoni qayta qurish dasturlariga va butun dunyo boʻylab iqtisodiy loyihalar boʻyicha potensial hamkorlikka kirish imkoni paydo boʻladi. Natijada eksport bozorlari va investitsiya imkoniyatlarini ochishi mumkin. Bu, ayniqsa, sanoat, infratuzilma va moliya sektori uchun juda muhim.

Shu tarzda Oʻzbekistonning qurilish kompaniyalari, sement, shisha, kabel va metall buyumlar ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, tibbiy asbob-uskunalar, farmatsevtika va toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib beruvchilari toʻgʻridan-toʻgʻri tenderlar va subpudrat shartnomalari orqali, bilvosita esa Turkiya, Arab va Osiyo kompaniyalari bilan hamkorlik orqali Gʻazoni tiklashda ishtirok etishi va bundan ham iqtisodiy, ham siyosiy foyda olishi mumkin.

Qolavresa, Oʻzbekiston bu borada ancha raqobatbardosh. Chunki Oʻzbekiston tovarlar va xizmatlarni Yevropa Ittifoqiga qaraganda arzonroq narxlarda taklif qiladi. Oʻzbekiston, shuningdek, ogʻir iqlim va infratuzilma sharoitlarida ishlash tajribasiga ega.

Qolaversa, global tinchlikparvarlik tashabbuslarida ishtirok etish Oʻzbekistonning xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikka qiziquvchi mamlakat sifatidagi tashqi siyosat strategiyasiga mos keladi. Kengash ichidagi diplomatik faoliyat esa Yaqin Sharq va Osiyodagi davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashi, savdo, energetika va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishi mumkin. Eng muhimi, Oʻzbekistonning bu jarayonlarda ishtirok etishi investitsiya va “barqarorlik va tinchlik mamlakati” imijini kuchaytiradi.

Hammaga maʼlum, soʻnggi yillarda, aniqrogʻi, Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda hokimiyat tepasiga kelganidan beri Oʻzbekiston tashqi siyosatda va global geosiyosiy jarayonlarda faollashdi. Xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarni diversifikatsiya qilishga urinmoqda. Shuning uchun “Tinchlik kengashi”ga aʼzolik – mamlakatning investitsiya jozibadorligini, Yaqin Sharq fondlarining, xususan, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatarning ishonchini hamda Islom va xalqaro moliya institutlaridagi ishtirokini oshiradi.

Yana shuni ham taʼkidlash joizki, tinchlikni saqlash tashabbuslari kamdan-kam hollarda tez foyda keltiradi, ammo kelajak uchun diplomatik kapital yaratadi. Oʻzbekiston uchun bu yopiq muzokaralarda ishtirok etish, ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va konsorsiumlar va fondlarga qoʻshilishga takliflarni anglatadi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid