platina.uz
Jamiyat

Fargʻonada 34 kishilik jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi

Ular Rossiyadagi keksa yoshdagi fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, 9,5 mln rubldan oshiq mablagʻni qoʻlga kiritishgan. 

Fargʻonada 34 kishilik jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro miqyosda juda katta miqdordagi pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirgan uyushgan jinoiy guruh fosh qilindi.

Fargʻona shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan, jami 34 kishidan iborat jinoiy guruh Fargʻona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, “Koll-markaz”lar niqobi ostida faoliyat yuritgan.

Ular axborot texnologiyalari yordamida Rossiya Federatsiyasida dori vositalari hamda biologik faol qoʻshimchalar savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qoʻlga kiritishgan.

Soʻngra, boʻlgʻusi oʻljalari bilan qay tarzda muomala qilish boʻyicha oʻrgatilgan operatorlar SIP telefoniya va Zoiper ilovalari orqali asosan keksa yoshdagilarga qoʻngʻiroq qilib, oʻzlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirib, goʻyoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar sotilganligini taʼkidlagan holda, mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha miqdorda kompensatsiya toʻlab berilishini aytishgan.

Buning uchun esa fuqarolar 5 mingdan 20 ming rublgacha miqdorda soliq toʻlashlari kerakligiga ishontirilgan.

Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh aʼzolari tomonidan taqdim etilgan turli bank plastik kartalariga jami 9 mln 599 ming 561 rubl miqdoridagi pul mablagʻlarini oʻtkazib berishgan.

Shuningdek, jinoiy guruhning 3 nafar aʼzosi kriptovalyutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, “Oʻzbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori talablariga zid ravishda jami 470 ming AQSh dollariga yaqin kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirishgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yozyovon tuman sudi tomonidan uyushgan jinoiy guruh aʼzolari tegishliligi boʻyicha Jinoyat Kodeksining 168, 243, 278-7 va 278-8-moddalari bilan aybli deb topilib, ularning 21 nafariga 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan maxrum etish jazolari tayinlandi.

Qolgan 13 nafariga nisbatan 4 yil 3 oydan 4 yil 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilanib, jarimalar qoʻllanildi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar esa undiriladigan boʻldi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid