Bojxona qoʻmitasi va Milliy gvardiyaning qator xodimlari nafaqaga kuzatildi
Ular orasida Toshkent shahar va Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshliqlari ham bor.

Bojxona qoʻmitasi va Milliy gvardiyada bir guruh xodimlar nafaqaga kuzatildi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshligʻi Tolibjon Saidov, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi Yoqub Mirzarahimov va Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari A.Inyaminov pensiyaga chiqarildi.
Milliy gvardiya tizimida esa polkovnik Ilhom Turgʻunov, polkovnik Zokirali Chinaliyev, polkovnik Xondamir Rahmanov va polkovnik Serik Xabibullayevlar nafaqaga kuzatilib, ular bilan xayrlashish marosimi boʻlib oʻtdi.
Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev rahbarligida prokuratura organlarida koʻp yillar davomida xizmat qilgan xodimlardan bir guruhi nafaqaga kuzatilgan.
Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida huquq-tartibot tizimida xizmat yoshi masalasini tanqid qilib, nafaqa yoshidan keyin ham rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan xodimlarga eʼtibor qaratgan edi.
Prezident tizimlarda 300 dan ortiq nafaqa yoshidagilar rahbar lavozimida faoliyat olib borayotgani, bundan 135 nafari prokuratura organlariga toʻgʻri kelishi aytilgan edi.