Qoraqalpogʻiston sobiq rahbarlaridan biri Qallibek Kamalov vafot etdi
Kamalov 1963−1984 yillarda Oʻzbekiston Kompartiyasi Qoraqalpogʻiston qoʻmitasining birinchi kotibi boʻlib ishlagan.

Qoraqalpogʻiston sobiq rahbarlaridan biri Qallibek Kamalov vafot etdi.
Nukusda Oʻzbekiston SSR Kommunistik partiyasi Qoraqalpogʻiston viloyat qoʻmitasining birinchi kotibi Qallibek Kamalov vafot etdi.
Qallibek Kamalov 1926 yil 18 martda tugʻilgan. 1947 yilda Qoraqalpogʻiston oʻqituvchilar institutini tamomlagan.
1958−1959 yillarda Oʻzbekiston Kompartiyasi Qoraqalpogʻiston qoʻmitasi kotibi, 1959−1963 yillarda Qoraqalpogʻiston ASSR Vazirlar Kengashi raisi, 1963−1984 yillarda Oʻzbekiston Kompartiyasi Qoraqalpogʻiston qoʻmitasining birinchi kotibi boʻlib ishlagan.
1984−1986 yillarda SSSRning Konstansa (Ruminiya) shahridagi bosh konsuli boʻlgan.
1987 yilda "paxta ishi" boʻyicha qamoqqa olingan. 1989 yil oxirida u 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi va Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni va koʻplab mukofotlardan mahrum qilindi. 1992 yilda afv etildi.
Qallibek Kamalovning oʻgʻli Murat Kamalov 2020 yil oktabridan 2022 yil yozigacha Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi raisi boʻlgan.