Kanadadagi oʻrta maktabda otishma: 10 kishi halok boʻldi
Otishma sodir etgan hujumchi oʻz joniga qasd qilgan. Halok boʻlganlardan tashqari, kamida 25 kishi jarohat oldi.

Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi okrugidagi Tumbler Ridj oʻrta maktabida otishma sodir boʻldi.
Oqibatda oʻn kishi halok boʻldi. Gumon qilinayotgan hujumchining jasadi ham voqea joyida topildi.
CBC News politsiyaga tayanib xabar berishicha, halok boʻlganlardan olti nafari maktab binosi ichida, yana biri shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Ikki jabrlanuvchi yaqin atrofdagi uyda hushsiz holda topilgan; politsiya ularning oʻlimi maktabdagi voqea bilan bogʻliq deb hisoblaydi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hujumchi oʻz joniga qasd qilgan. Halok boʻlganlardan tashqari, kamida 25 kishi jarohat olgan, ulardan ikkitasi ogʻir ahvolda va shifoxonaga yotqizilgan. Maktabdagi qolgan barcha oʻquvchilar va xodimlar evakuatsiya qilingan.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni hodisadan soʻng Myunxen xavfsizlik forumiga tashrifini qoldirdi, deb xabar berdi uning idorasi.
"Britaniya Kolumbiyasidan kelgan fojiali xabar tufayli Bosh vazir mamlakatdan tashqariga rejalashtirilgan safarini vaqtincha toʻxtatmoqda", deb xabar berdi AFP idoraga asoslanib.