Energetika vazirligi: 17 rahbar lavozimiga noloyiq deb topildi
22 nafari esa 6 oydan soʻng qayta attestatsiyadan oʻtish sharti bilan lavozimiga loyiq deb hisoblandi.

Toshkent shahar hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida 16 nafar rahbar lavozimiga loyiq, 22 nafari qayta attestatsiya sharti bilan loyiq, 17 nafari esa lavozimiga noloyiq deb topildi.
Avval xabar berilganidek, Energetika vazirligi hamda mutasaddi idora va tashkilotlar ishtirokida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ hamda “Energosavdo” filialining Toshkent shahri hamda uning tuman boʻlinmalari rahbar xodimlari attestatsiyadan oʻtkazildi.
Mazkur attestatsiya rahbar kadrlarning kasbiy malakasi va amaliy koʻnikmalarini baholash, shuningdek, ularning egallab turgan lavozimiga muvofiqligini aniqlash maqsadida tashkil etildi.
Attestatsiya jarayonlari, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida oʻtkazilib, 55 nafar rahbar xodimning kasbiy bilimi, shaxsiy va kasbiy kompetensiyasi, boshqaruv qobiliyati, strategik fikrlashi, umumiy dunyoqarashi hamda qonunchilik va sohaga oid meʼyoriy hujjatlarni bilish darajasi atroflicha baholandi.
Maʼlumot uchun: 2025 yilda Energetika vazirligi va Yoqilgʻi-energetika sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamkorligida Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonalarining rahbar, oʻrinbosar hamda bosh muhandislari uchun malaka oshirish oʻquv-kurslari tashkil etilgan.
Natijaga koʻra, 16 nafar rahbar xodim (29 foiz) lavozimiga loyiq deb topildi, 22 nafari (40 foiz) 6 oydan soʻng qayta attestatsiyadan oʻtish sharti bilan lavozimiga loyiq deb hisoblandi. Shuningdek, 17 nafar rahbar xodim (31 foiz) egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topilib, ularning oʻrniga yuqori salohiyatga, yetarli bilim va zamonaviy boshqaruv qobiliyatiga ega boʻlgan eng munosib kadrlarni tanlab olish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi, deyiladi xabarda.
Attestatsiya komissiyasi takliflariga asosan, rahbar xodimlar malakasini oshirish uchun asosiy yoʻnalishlar qayta koʻrib chiqildi. Jumladan, soha uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish, shuningdek, har bir rahbar nomzod uchun alohida shaxsiy rivojlanish rejalarini ishlab chiqish asosiy vazifalar sifatida belgilandi.