Asakabank mobil ilovasida xavfsizlik kuchaytirildi
Mijozlar mablagʻlarini yanada ishonchli himoya qilish uchun pul oʻtkazmalarini Wi-Fi orqali amalga oshirish ham cheklanishi mumkin.

Firibgarlik holatlarining oldini olish va mijozlar mablagʻlari daxlsizligini taʼminlash maqsadida Asakabank mobil ilovasiga yangi antifrod va antivirus himoya tizimlari joriy etildi.
Shu munosabat bilan ilovadan foydalanishda quyidagi muhim oʻzgarishlar mavjud.
Agar mobil qurilmada xavfli deb topilgan fayllar (Taklifnoma.apk, MIB.apk, Sudqaro.apk, Sening Rasmimg.apk, Mygov.apk va boshqa shubhali .apk fayllar) aniqlansa, xavfsizlik nuqtai nazaridan ilovaga kirish vaqtincha cheklanadi.
Maqsad: bunday dasturlar SMS-kodlaringizni oʻqishi va firibgarlarga uzatishining oldini olish.
Yechim: telefon sozlamalari (Settings) → Ilovalar (Applications) boʻlimiga kirib, notanish va shubhali dasturlarni oʻchirib tashlash va telefonni qayta ishga tushirish (restart qilish) lozim.
Pul oʻtkazmalaridagi yangi tartib: mijozlar mablagʻlarini yanada ishonchli himoya qilish uchun toʻlov jarayonlarida yangi talablar qoʻyilmoqda. Xususan, pul oʻtkazmalarini amalga oshirish Wi-Fi tarmogʻi orqali cheklanishi mumkin. Operatsiyalar uchun mobil internetdan (SIM-karta orqali) foydalanish lozim.
SIM-karta nazorati: siz foydalanayotgan bank akkaunti va SIM-karta aynan bitta qurilmada boʻlishi shart. Aks holda, oʻtkazmalarni amalga oshirib boʻlmaydi.
Ushbu cheklovlar muammo emas — bu mijozlar mablagʻlarini saqlash uchun ishlab chiqilgan himoya mexanizmidir!
Qoʻshimcha savollar boʻyicha alovqa markazi telefoni: 1152.