Taniqli olim va professor Hotam Umurov vafot etdi
Olim tomonidan eʼlon qilingan uch yuzga yaqin ilmiy ishlarda adabiyot nazariyasi va adabiy tanqidchilikning dolzarb masalalari tadqiq etilgan.

Taniqli adabiyotshunos-olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Hotam Ikromovich Umurov 84 yoshida olamdan oʻtdi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi xabar berdi.
1942 yil 10 yanvarda Jizzax viloyatining Jizzax tumanida tugʻilgan olim 1964 yilda SamDUning filologiya fakultetini aʼlo baholarga tugatadi.
Hotam Umurovning olimlik yoʻli 1964 yilda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutiga oʻqishga kirish bilan boshlanadi. 1971 yilda Hotam Umurov "Adabiy tanqidda mahorat masalalari" mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Oʻsha yildan eʼtiboran Sadriddin Ayniy nomidagi Samarqand Davlat pedagogika institutida oʻzbek adabiyoti kafedrasi mudiri lavozimida murabbiylik faoliyatini boshlaydi.
Hotam Umurov 1971 yildan 1993 yilgacha Samarqand davlat pedagogika institutida oʻqituvchi, oʻzbek adabiyoti kafedrasi mudiri (1971-1991), dotsenti (1973-1986), oʻzbek filologiyasi va chet tillari fakulteti dekani (1991-1993) lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Olim 1984 yili "Psixologizm muammosi va oʻzbek romani" mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1986 yilda professorlik unvoniga erishdi. 1993-1998-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti Hozirgi zamon oʻzbek adabiyoti kafedrasining professori, 1999 yildan 2014 yilgacha kafedra mudiri vazifalarida faoliyat koʻrsatdi. 2014-2025-yillarda u professor lavozimida ishladi hamda to soʻnggi nafasigacha taʼlim va ilm-fan jabhasida boʻldi.
Olim tomonidan eʼlon qilingan uch yuzga yaqin ilmiy ishlarda adabiyot nazariyasi va adabiy tanqidchiligimizning dolzarb masalalari tadqiq etilgan.
Professor Hotam Umurov pedagogik faoliyati, oliy oʻquv yurtlari va akademik litseylarda adabiyotshunoslik fanlarini oʻqitishdagi xizmatlari Respublika hukumati tomonidan munosib taqdirlangan. 1982 yilda unga "Oʻzbekiston xalq maorifi aʼlochisi", 2000 yilda "Samarqand davlat universitetida xizmat koʻrsatgan professor" unvoni hamda 2016 yilda uning 50 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, professor Hotam Umurovga "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi" faxriy unvoni berilgan edi.