Sherzod Ibragimov Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari etib tayinlandi
U faoliyati davomida “Ipak yoʻli” hamda “Poytaxt bank” aksiyadorlik jamiyatida bank-moliya sohasida turli lavozimlarda ishlagan.

Savdo-sanoat palatasi rahbariyatida yangi tayinlov amalga oshirildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Sherzodxon Rustamovich Ibragimov Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
U raqamlashtirish va “Biznes hamroh” markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, Palata aʼzolari bilan ishlash va xizmat koʻrsatish, biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hamda savdoni rivojlantirish yoʻnalishlariga masʼul etib belgilandi.
Sherzod Ibragimov 1984 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, 2008 yilda Beruniy nomli Toshkent davlat texnika universitetini, 2014 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida “Ipak yoʻli” OAITB hamda “Poytaxt bank” aksiyadorlik jamiyatida bank-moliya sohasida turli lavozimlarda ishlagan.
Avvalroq Urbanizatsiya va uy-joy bozorini rivojlantirish qoʻmitasi raisiga oʻrinbosarlar tayinlangandi.