platina.uz
Jamiyat

Raqobat qoʻmitasi "Jo‘rabek" korxonasiga jarima qoʻlladi

Korxona tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan “Orthomol” biologik faol qoʻshimchasi reklamasida qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilgan. 

Raqobat qoʻmitasi "Jo‘rabek" korxonasiga jarima qoʻlladi

Biologik faol qoʻshimcha reklamasida qonunchilik talablarini buzilganligi uchun “JO‘RABEK” xususiy korxonasiga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanildi.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan “JO‘RABEK” xususiy korxonasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan “Orthomol” biologik faol qoʻshimchasi reklamasi yuzasidan belgilangan tartibda oʻrganish ishlari olib borildi.

Oʻrganishlar natijasida mazkur reklama materiallarini joylashtirish (tarqatish) jarayonida amaldagi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagani, xususan, mahsulot haqida toʻliq va qonuniy maʼlumotlar berilmagani aniqlandi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar hamda oziq-ovqat qoʻshimchalarini reklamasiga nisbatan qator majburiy talablar belgilangan.

Jumladan, bunday reklama:

Ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi;

Ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi;

Ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi;

Sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;

Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining tadqiqotlar oʻtkazilganligi, davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qoʻllash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;

Voyaga yetmaganlar olishi yoki isteʼmol qilishi taqiqlangan ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.

Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi har bir holda reklama obʼekti dori vositasi emasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi boʻyicha ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazish taqiqlanadi.

Yuqoridagi holatlarga muvofiq, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi alomatlari bilan “JO‘RABEK” XKga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.

Avvalroq Raqobat qoʻmitasi "Korzinka" boʻyicha shikoyatlar haqida maʼlumot bergandi.

Shuningdek, dekabr oyida qoʻmita "Ajr Qora Sedana"ni jarimaga tortgandi.

Ushbu biologik faol qoʻshimcha mashhur shaxslar tomonidan reklama qilinib, mahsulotning davolash xususiyatiga ishontirishga urinishlar kuzatilgan.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid