Qamchibek Tashiyev isteʼfoga chiqarildi
U Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasiga 6 yil rahbarlik qildi. Tashiyev mamlakat siyosiy doiralarida eng qudratli shaxslardan biri va prezident Japarovning yaqin maslakdoshi sifatida koʻrilardi.

Kamchibek Tashiyev Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi lavozimidan ozod qilindi.
Prezident maʼmuriyati xabar berishicha, tegishli farmonni Prezident Sadir Japarov imzolagan.
Farmon Qirgʻiziston Respublikasi Konstitutsiyasining 70-moddasi 1-qismi, 4-bandi va 71-moddasiga muvofiq imzolangan.
Eslatib oʻtamiz, 2020 yil 16 oktabrda prezident vazifasini bajaruvchi va Bosh vazir Sadir Japarovning farmoni bilan Tashiyev Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi etib tayinlangandi. U 2020 yil 28 oktabrda qasamyod qabul qildi.
Tashiyev mamlakat siyosiy doiralarida eng taʼsirli, qudratli shaxslardan biri va Japarovning yaqin maslakdoshi sifatida koʻrilardi.
Uning oʻrnini vaqtincha Jumgalbek Shabdanbekov egalladi.