Navoiyda choʻllanishni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi
Bunda Xitoy tajribasidan foydalaniladi. Viloyatdagi 3,3 million gektar yaylov loyihaviy yondashuv asosida qishloq xoʻjaligi aylanmasiga kiritiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Ilgari Navoiy sanoati deganda asosan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyuran”, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” kabi yirik tarmoq korxonalari nazarda tutilar, investitsiya ham, ish oʻrinlari ham, iqtisodiy oʻsish ham aynan shu korxonalar faoliyatiga bogʻliq edi.
Hududlarni kompleks rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar natijasida 2025 yilda yirik tarmoq korxonalariga bogʻliq boʻlmagan hududiy investitsiyalar hajmi 1,4 milliard dollarga yetdi. 2026 yilda ushbu koʻrsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, oʻtgan yilda viloyatda makroiqtisodiy barqarorlik taʼminlandi. Yalpi hududiy mahsulot 168 trillion soʻmni tashkil etib, 7,7 foizga oʻsdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida 8,3 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,7 foiz, xizmatlar sohasida esa 13,7 foiz oʻsish qayd etildi. 161 mingta yangi ish oʻrni yaratildi, ishsizlik va kambagʻallik darajasi 4,2 foizga tushdi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har bir tuman va shaharni ularning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish zarur.
Xususan, Nurota va Gʻozgʻonda pardozbop toshlar va turizm, Tomdi va Uchquduqda togʻ-kon sanoati, Navbahorda toʻqimachilik va bogʻdorchilik, Konimexda yaylov chorvachiligi, Zarafshonda zargarlik va axborot texnologiyalari, Karmanada kimyo sanoati va madaniy turizm, Navoiy shahrida esa mashinasozlik va servis sohalari boʻyicha katta salohiyat borligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu bilan birga, sanoat rivoji hududlar kesimida nomutanosib ekani qayd etildi. Viloyat boʻyicha jon boshiga sanoat mahsuloti hajmi 177 million soʻmni tashkil etsa-da, Tomdi, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Qiziltepa tumanlarida ushbu koʻrsatkich respublika oʻrtacha darajasidan past qolmoqda. Vaholanki, Tomdi va Nurota marmar, kvars va bazalt kabi tabiiy resurslarga boy.
Shu munosabat bilan Nurota tumanida 50 gektar maydonda granit sanoat parki, qayta ishlash klasteri va pardozbop toshlar bozorini tashkil etish, Xatirchi tumanida 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasini ishga tushirib, 100 million dollarlik yuqori qiymatli loyihalarni joylashtirish takliflari maʼqullandi. Pardozbop toshlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish vazifasi qoʻyildi.
Ushbu quvvatlarni kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Navoiy raqamli texnologiyalar texnikumida togʻ-kon va kimyo sanoati uchun kadrlar tayyorlash markazi tashkil etiladi.
Umuman, joriy yilda viloyatga 4,2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilib, eksport hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Yigʻilishda viloyatning kichik va oʻrta korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularni mahalliylashtirishga kengroq jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.
Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida ham mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani koʻrsatib oʻtildi, zero viloyatdagi 9 million gektar yaylov qoʻychilik, tuyachilik va yilqichilikni iqtisodiyot drayveriga aylantirish uchun yetarli. Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 2026 yilda xorijdan mayda shoxli mol, zotli tuya va otlar olib kelinadi.
Umuman, viloyatdagi 3,3 million gektar yaylov loyihaviy yondashuv asosida qishloq xoʻjaligi aylanmasiga kiritiladi. Xitoyning choʻllanishga qarshi kurash tajribasi asosida Navoiyda choʻllanishni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.
Viloyat taʼlim sohasida ham respublikada yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Oliy taʼlim qamrovi 71 foizni tashkil etmoqda, oʻtgan yilda 10 ta maktab bitiruvchilari oliygohlarga kirish boʻyicha 100 foizlik natijaga erishdi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab Navoiy va Zarafshon shaharlarida “Bir maktab – bir IT sinf” tamoyili asosida ixtisoslashgan sinflar ochish taklif etildi. Buning uchun viloyatdan 100 nafar oʻqituvchi IT va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida poytaxtda va xorijda malaka oshiradi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Zarafshon filialida sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik yoʻnalishida kunduzgi taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyiladi.
Yigʻilishda turizm sohasi ham muhokama qilindi. 2026 yilda Navoiy viloyatiga 600 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyohni jalb qilish, 72 ta yangi joylashtirish vositasini ishga tushirish hamda 500 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Buning uchun tuman va shaharlar markazidagi 65 ta mahallani bogʻlovchi koʻchalar, sohil va yoʻl boʻyi hududlarida savdo, koʻngilochar va dam olish markazlari barpo etiladi, shuningdek, turistik salohiyati yuqori boʻlgan 18 ta mahallada mehmon uylari tashkil etiladi. Xalqaro yoʻllar boʻyidagi 15 ta mahallada savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Nurota tumanida “Naqshlar va nurlar” milliy kashtachilik markazini tashkil etish, Xatirchi tumanida Langar va Angidon mahallalarini turizmga ixtisoslashtirgan holda rivojlantirish, Nurota va Konimex tumanlaridagi 4 ta qishloqni turizm qishlogʻiga aylantirish rejalashtirilgan.
“Ogʻir” tuman sifatida belgilangan Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” hududi atrofida dam olish va koʻngilochar maskan tashkil etish boʻyicha master reja ishlab chiqib, sayyohlar oqimini 3 karraga oshirish hamda 200 dan ortiq ish oʻrni yaratish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Navoiy shahridagi Alisher Navoiy bogʻi, Yoshlik koʻli va ular atrofidagi hududlar bugungi kun talablariga toʻliq javob bermasligi qayd etilib, ularni yaxlit holda rivojlantirish orqali aholi uchun qulay va zamonaviy dam olish sharoitlarini yaratish muhimligi taʼkidlandi.
Karmana shahrida turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Samarqanddan Buxoroga yoʻl olayotgan turistlarni qadimda Buyuk ipak yoʻli boʻyida joylashgan bu shaharda yana bir kun ushlab qolish imkoniyati bor. Shu munosabat bilan Qosim shayx xonaqohi va Mirsaid Bahrom ziyoratgohi, Eski shahar bozori hamda “Yangi avlod” bogʻi negizida “Qadimiy Karmana” madaniyat va turizm markazini tashkil etish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari tajribasini oʻrganib, Navoiy hududining katta qismini egallagan choʻl va yaylovlarda turizmni rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash ishlarini davom ettirish topshirildi. Xususan, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq va Zafarobod shaharlarida taʼmirtalab holga kelib qolgan 312 kilometr ichimlik suv va 124 kilometr oqova suv quvurlarini 2026-2028 yillarda bosqichma-bosqich yangisiga almashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatdagi barcha maktab, bogʻcha va tibbiyot muassasalarida zamonaviy sanitariya sharoitlarini yaratish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari bildirilgan reja va takliflarni maʼqullab, ularning ijrosi aholi hayotiga aniq oʻzgarishlar olib kelishi lozimligini taʼkidladi hamda mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.