platina.uz
Tahlil

Eron Yaqin Sharqdagi taʼsirini yoʻqotmoqda

Eron rejimi oʻn yillab oʻz ittifoqchilari va proksi-guruhlaridan mintaqada taʼsirini mustahkamlash uchun foydalanib kelgan. Ammo endi bu ham foyda bermayapti.

Eron Yaqin Sharqdagi taʼsirini yoʻqotmoqda
Fotokollaj: Platina.uz

Yaqin Sharq mamlakatlari Donald Trampning Oq uyga yaqin orada qaytishi arafasida Eron taʼsiridan qutulishga intilyapti.

Sababi, AQSh prezidenti Tramp Eron bilan savdoni davom ettirayotgan mamlakatlardan import qilinadigan tovarlarga bojxona tariflari stavkalarini oshirish imkonini beruvchi farmonni imzoladi.

Eronni yanada ihotalovchi farmon

Tramp imzolagan hujjatda bojxona toʻlovining aniq miqdori koʻrsatilmagan, biroq uni qoʻllash tamoyili bayon etilgan. Misol tariqasida taʼkidlanishicha, “ushbu farmon kuchga kirgan kundan boshlab qoʻshimcha advalor bojxona stavkasi – masalan, 25 foiz – AQShga import qilinadigan va Erondan har qanday tovar yoki xizmatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita sotib oluvchi, import qiluvchi yoxud boshqa yoʻllar bilan qoʻlga kirituvchi istalgan mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarga qoʻllanilishi mumkin”. Aynan shu – 25 foizlik stavka haqida Tramp 12 yanvar kuni Truth Social ijtimoiy tarmogʻidagi postida ham yozgan edi.

Farmonda qayd etilishicha, “prezident Eronni yadroviy imkoniyatlarga ega boʻlishga urinish, terrorizmni qoʻllab-quvvatlash, ballistik raketalar ishlab chiqish va mintaqani beqarorlashtirish uchun javobgar deb biladi. Bu esa AQSh xavfsizligi, ittifoqchilari va manfaatlariga tahdid soladi”. Eron hozircha Vashingtonning bu yangi qadamiga izoh bergani yoʻq.

Hindiston Rossiya va Eron neftidan yuz oʻgirmoqda

Eron eksportining asosiy moddasi hamon xom neft boʻlib qolmoqda. Reuters agentligi xabar berishicha, Eron neft eksportining taxminan 80 foizi Xitoyga yoʻnaltirilmoqda. Shu bilan birga, Xitoy bojxona statistikasida 2022 yildan buyon Erondan toʻgʻridan-toʻgʻri neft yetkazib berishlar qayd etilmagan. Tahlilchilar bunga sabab sifatida xomashyo uchinchi mamlakatlarda qayta yuklanib, Malayziya yoki Indoneziya nefti sifatida rasmiylashtirilishini keltirishmoqda.

Trampning oʻzi farmonni bevosita izohlamadi, ammo samolyotda jurnalistlar bilan suhbatda Tehronga nisbatan oʻz pozitsiyasini yana bir bor takrorladi: “Yadroviy qurolga yoʻl yoʻq”.

Qolaversa, 1 fevral kuni Donald Tramp Hindiston Venesuela neftini Eron nefti oʻrniga sotib olishini nazarda tutuvchi kelishuv haqida eʼlon qilgan edi. Shuningdek, u Xitoyni ham ushbu kelishuvga qoʻshilishga taklif etgan.

The Wall Street Journal gazetasi yanvar oyi oxirida yozishicha, Eron oʻtgan yili kontrabanda hisobidan soʻnggi yillarga nisbatan koʻproq xom neft eksport qilgan. Maqolada aytilishicha, neft asosan Xitoydagi kichik neftni qayta ishlash zavodlariga sotilgan.

Yana bir ittifoqchi – Iroq ham uzoqlasha boshladi

Eron Yaqin Sharqdagi yana bir muhim ittifoqchisini yoʻqotishi mumkin. Iroq hukumati Tehron bilan bogʻliq boʻlgan qurolli guruhlarni qurolsizlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytiryapti. Bu harakatlar AQSh prezidenti lavozimiga Donald Trampning qaytishidan keyin yanada faollashdi. U Eron va uning proksi-kuchlarining mintaqadagi taʼsirini qatʼiy cheklashga vaʼda bergan.

Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Husaynning maʼlum qilishicha, hukumat qurolli guruhlar bilan muzokaralar olib borib, ularni ixtiyoriy ravishda qurol tashlash yoki rasmiy xavfsizlik kuchlari tarkibiga integratsiyalashga undamoqda. Uning taʼkidlashicha, Bagʻdodning asosiy maqsadi – qurol faqat davlat qoʻlida boʻlishini taʼminlashdir, shu sababli Eron nazoratidagi qurolli tuzilmalarning mavjudligi nomaqbul hisoblanadi.

Iroq hukumat organlari maʼlum darajada natijaga ham erishgan: bir necha yil oldin bunday tashabbuslarni muhokama qilishning oʻzi deyarli mumkin emas edi. Ayrim qurolli guruhlar, jumladan “An-Najuba” bilan tuzilgan kelishuvlar Isroilga qarshi oʻq uzishni toʻxtatish va Suriyadagi voqealarga aralashmaslikni nazarda tutadi.

Bu qadam Iroqning Eronga boʻlgan qaramligini kamaytirish, Tehron va Vashington oʻrtasidagi muvozanatni saqlash hamda ichki ishlarini boshqarishda mustaqilligini namoyon etishga qaratilgan strategik niyatni aks ettiradi.

Umuman, Tramp maʼmuriyati garchi yana zarba berishni paysalga solayotgan boʻlsa-da, Eronga boʻlgan bosimni tobora kuchaytirmoqda. Bu esa Tehronning mintaqadagi taʼsirining muhim vositalaridan biri yoʻqolishiga olib kelishi mumkin. Xalqaro bosim ortib borayotgan sharoitda Iroq Eron pozitsiyalari zaiflashishi ehtimoli yuqori boʻlgan yana bir nuqtaga aylanyapti.

Agar Bagʻdod eronparast qurolli guruhlarni samarali tarzda qurolsizlantira olsa, bu Tehron uchun jiddiy zarba boʻladi. Chunki Eron aynan shu tuzilmalar – shia jangarilari orqali Yaqin Sharqdagi taʼsirini kengaytirib kelgan. Iroq, oʻz navbatida, mustaqilligini mustahkamlash va tashqi bosimlar xavfini kamaytirish imkoniyaga ega boʻladi.

Eronlik amaldor ham tan oldi

Eronning sobiq vitse-prezidenti Huseyn Marashiy Eron mintaqadagi taʼsirining sezilarli darajada zaiflashayotganini ochiq tan oldi. U oʻz intervyusida mamlakat 1988 yildagi holatga qaytganini taʼkidladi. Oʻsha paytda Iroq Erondan strategik jihatdan muhim boʻlgan Al-Fao yarimorolini tortib olgan edi. Ushbu yarimorol Iroqning Fors koʻrfaziga chiqishini taʼminlaydi.

Marashiyning soʻzlariga koʻra, Eronning Yaqin Sharqdagi mavqeini zaiflashtirgan bir qator yoʻqotishlar mavjud.

Ilgari mamlakat qudrati ramzi hisoblangan asosiy “dastak”larning yoʻqotilishi, Livanda taʼsirning yoʻqolishi, Suriyadagi vaziyat ustidan nazoratning susayishi, Iroqda pozitsiyalarning yomonlashuvi, Yamandagi xusiylarga nisbatan bosim kuchayib, ularga endilikda toʻliq tayanish imkoni qolmagani shular jumlasidandir.

Bu bayonot hozirgi voqealar, xalqaro jamiyat bosimi hamda Eronning ichki muammolari uning geosiyosiy intilishlariga jiddiy zarar yetkazayotganini koʻrsatadi.

Maʼlumki, Eron rejimi oʻn yillab oʻz ittifoqchilari va proksi-guruhlaridan mintaqada taʼsirini mustahkamlash uchun foydalanib kelgan. Biroq Iroq, Livan va Suriya kabi asosiy mamlakatlardagi vaziyatning oʻzgarishi ushbu strategiyani jiddiy xavf ostiga qoʻyayotgani qayd etilmoqda.

Marashiy tarixiy yoʻqotish sifatida tilga olgan Al-Fao yarimoroli strategik ahamiyatga ega hudud hisoblanadi. Uning 1988 yilda yoʻqotilishi Eron-Iroq urushida Eron uchun eng ogʻir davrlardan birini anglatgan edi.

Bugungi voqealarga nisbatan ham shunga oʻxshash kayfiyatlarning paydo boʻlayotgani Tehron duch kelayotgan chaqiriqlar qanchalik jiddiy ekanini yana bir bor koʻrsatadi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid