platina.uz
Maqola

Ekstrasenslik bilan shugʻullangan maxsus xizmatlar

KGB oʻz faoliyatini ana shunday usullarda kengaytirgan, dunyo boʻyicha agentlarni koʻpaytirgan. Xoʻsh, bu ularga nega kerak edi?

Ekstrasenslik bilan shugʻullangan maxsus xizmatlar
Fotokollaj: Platina.uz

Paranormal qobiliyatlarga ega odamlardan, jumladan, ekstrasenslardan foydalanish – maxsus xizmatlar faoliyatidagi eng maxfiy yoʻnalishlardan biri hisoblangan.

SSSR va boshqa mamlakatlar maxsus xizmatlari ekstrasens qobiliyatlarga ega insonlardan qanday foydalangan? Insonda bunday qobiliyatlar bor-yoʻqligini qanday aniqlash mumkin va ularni rivojlantirish mumkinmi?

Maxsus qobiliyatlar – maxsus xizmatlarda

Sovet maxsus xizmatlari ekstrasenslarga qachon qiziqish bildirgan?

1980-yillarning oxirida SSSR qurolli kuchlari bosh shtabi qoshida №10003 sonli alohida harbiy qism tashkil etilgan. RF qurolli kuchlari general-leytenanti, isteʼfodagi harbiy, 1989-2003 yillarda №10003 harbiy qismi qoʻmondoni boʻlgan Aleksey Savinning aytishicha, ushbu harbiy qism maqomi jihatidan qurolli kuchlar tarkibida uchinchi oʻrinda turgan.

Xalq orasida bu qismni hazil tariqasida “1001 kecha” deb atashgan – goʻyo u yerda jiddiy emas, ertaknamo ishlar bilan shugʻullanishadi deb oʻylashgan. Shu davrda mazkur qismga qoʻmondonlik qilgan Aleksey Savinni esa orqavarotdan “Merlin” deb atashgan.

Savinning oʻzi haqida ham uzoq vaqt davomida turli-tuman mish-mishlar yurgan. Goʻyo oʻsha paytdagi prezident Mixail Gorbachyovning koʻrsatmasi bilan u oʻzga sayyoraliklar bilan muloqot qilgan, hatto sobiq sovet rahbarlarining ruhlarini chaqirishga urinib, “shaytoniy ishlari” bilan shugʻullangan, degan gaplar tarqalgan.

№10003 maxfiy harbiy qism faoliyati

Savinning oʻzi aytganidek, ular “haqiqat eliksiri”, “geniallik eliksiri” deb ataluvchi tushunchalarni izlagan. Insondagi bunday qobiliyatlarning tabiatini ilmiy asosga tayangan holda oʻrganishga intilishgan. Aytishlaricha, mazkur harbiy qism yana bir maxfiy tuzilma – OGPUning maxsus shifrlash boʻlimi vorisi hisoblangan.

1920-yillar boshlari SSSR VChK – GPU (Butunittifoq favqulodda komissiyasi – bosh siyosiy boshqarma) qoshida maxfiy siyosiy boʻlim sovet maxsus xizmatlarining “otasi” sanalgan Feliks Dzerjinskiyning shaxsiy koʻrsatmasi bilan tashkil etilgan boʻlib, unga Gleb Bokiy rahbar etib tayinlangan. Gleb Bokiy ekstrasensor qobiliyatlarga ega odamlarni topib, jamoa tuzgan.

Sirli Bokiyning sirli ishlari

Tarixchi Yuriy Moskovskiyning aytishicha, Gleb Bokiy yoshligidanoq, 1900 yillardan boshlab inqilobiy faoliyatga kirishgan. Bolsheviklar yetakchisi Vladimir Lenin uni shaxsan bilgan, unga ishongan, davlat organlari, VChK va razvedka tuzilmalarini yaratishda uni jalb qilgan. Yaʼni Bokiy isteʼdodli inson boʻlgan.

Inqilobgacha boʻlgan davrda Bokiy retsidivchi qoʻlbola talonchi sifatida “karera” qilishga ham ulgurgan. Taʼkidlash kerak, kommunistlar inqilobi elitasining aksariyati jinoyatchi qatlam vakillari boʻlib, oʻgʻri, qotil va zoʻravonlardan iborat edi. Hozir kommunistlar nostalgiya bilan eslab, ilohiylashtiradigan zolim va diktator qonxoʻr Stalin ham oʻsmirligida koʻp marta talonchilik va oʻgʻirlik bilan qamalgan, politsiyadan oʻch olish maqsadida Lenin bolsheviklari safiga oʻtgan.

Bokiy ham 15 yil ichida 12 marta sudlangan, jumladan, qotillik ayblovlari bilan ham. Biroq har safar qandaydir moʻʼjiza bilan yo qamoqdan qutulib qolgan, yoki oqlanib ozod etilgan.

Qiziq jihati shundaki, Bokiyni sudgacha qamoqdan ozod qilish uchun belgilangan katta miqdordagi garov pullarini mistik va gipnotizyor Georgiy Gurjiyev, medium va folbin Pavel Makiyevskiy, hatto tibet tabibi Pyotr Badmayev toʻlab bergan. Bu Bokiyning ezoteriklar va okkultistlarga yaqin odam boʻlgani yaqqol koʻrinadi.

Tarixchi-yozuvchi Oleg Xlobustov shunday deb eslaydi “U fizik va materialist boʻlganiga qaramay, aynan psixologik va parapsixologik hodisalar uni doimo oʻziga jalb qilgan. Ularni oʻrgangan, mahalliy va xorijiy manbalar boʻyicha juda koʻp mutolaa qilgan”.

Aytishlaricha, aynan Gleb Bokiy Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romanidan Voland – Shayton obrazi uchun prototip boʻlgan. Sababi, u Kuchinodagi dachasida (Moskva viloyati Balashixa shahar okrugi tarkibidagi daha) gʻalati bir kommuna tuzgan. Uning aʼzolari maxfiy marosimlar oʻtkazib, orgiyalarga berilgan. Bir gala erkak va ayollar yigʻilib, tun boʻyi barcha shahvoniy buzuqliklarni amalga oshirishgan. Ularning koʻpchiligi kommunistik tuzum elitasiga mansub boʻlgan. Ular hatto shaytonni xursand qilib, uning yordamiga erishish uchun marosimlar oʻtkazib, unda oʻgʻirlab keltirilgan chaqaloqlarni shayton yoʻlida qurbonlik qilib oʻldirishgani aytiladi.

Elitaning bunday buzuqlik va qotillik marosimlari “Usta va Margarita” asarida, keyinchalik Stenli Kubrikning “Katta yopilgan koʻzlar bilan” filmida, yaqinda esa Jeffri Epshteyn orolida oʻtkazilgani oshkor boʻldi.

Boshqacha qilib aytganda, odamlar shaytonga sigʻinib, unga yoqadigan gunohlarni jamoa boʻlib qilishsa, goʻyo shayton ularning oʻta boy va siyosiy qudratga ega boʻlishlariga yordam berar emish. Albatta, buning oxiri voy boʻladi – shaytonga qul boʻlgan insonning hayoti bu dunyoda xorlik va sharmandali tugaydi, oxiratda esa doʻzax bilan “taqdirlanadi”. Boshqacha aytganda, bunday shaxslar iymonini bu vaqtinchalik dunyodagi vaqtincha rohatga almashib, abadiy jannat hayotidan voz kechishadi. Shaytonning maqsadi ham shu aslida – irodasi sust insonlarni birozgina yordam bilan aldab, iymonsizlar safini koʻpaytirish xolos.

Xullas, Mixail Bulgakov chekist Bokiyning bu ishlaridan, shubhasiz, xabardor boʻlgan. Chunki aynan oʻsha Kuchinoda uning doʻsti – shoir Andrey Beliy yashagan. Romandagi Shayton bali sahnasi detallarigacha Bokiy uyushtirgan orgiyalardagi manzaralar bilan mos keladi.

Rasman esa Bokiy boʻlimi kriptografiya bilan shugʻullangan. U yerda shunday shifrlar yechilganki, ularni hech bir xorijiy maxsus xizmat yecha olmagan oʻshanda.

Yozuvchi Yuriy Moskovskiyning soʻzlariga koʻra, Bokiy Kreml kabinetlariga oʻrnatilgan maxfiy tinglash tizimlari uchun javobgar boʻlgan. Ayrim afsonalarga koʻra, Bokiy hatto Stalinga hisobot berishdan bosh tortgan. U “meni bu lavozimga siz qoʻymagansiz va meni lavozimdan olish ham sizning ishingiz emas. Meni shaxsan Lenin tayinlagan” deya qoʻpol javob bergan.

Shifrlash boʻlimi xodimlari orasida faqat matematiklar va lingvistlar emas, balki saam sehrgarlari, buryat shamanlari, zaharshunoslar, telepatlar va bashorat qiluvchilar ham bor edi.

Sirli ekspeditsiya

Bokiyning oʻrinbosari Aleksandr Barchenko 1920-yillar boshida uyushtirgan Kolsk yarimoroli ekspeditsiyasi haqida turli maʼlumotlar mavjud. Shifrchilar u yerda nimani izlagan boʻlishi mumkin?

Ular goʻyoki Tibetga – Shambalani izlab ekspeditsiya joʻnatyapmiz, deyishgan, ammo aslida Hindistonga olib boradigan yoʻllarni qidirishgan va Tibet orqali Britaniya imperiyasiga qanday zarba berish mumkinligini oʻrganishgan. Yoki ittifoqchilar topishni maqsad qilishgan.

Biroq boshqa fikrlarga koʻra, mazkur ekspeditsiya aniq geosiyosiy maqsadlar uchun oʻtkazilmagan. Barchenko kundaliklarida “qutbiy quturish” deb ataluvchi tushunarsiz kasallik haqida koʻplab qaydlar uchraydi. Eskimoslar bu holatni “Qutb yulduzi chaqirigʻi” deb atashgan. Ushbu kasallikka chalingan odamlar goʻyoki jin urgandek jazavaga tushadi, uvillab ovoz chiqarar, begona ovozlarda gapirar va eng muhimi – bir-birlarining harakatlarini, hatto bir necha kilometr masofada boʻlsa ham, takrorlashar edi.

Shunday ekan, ehtimol, OGPUning shifrlash boʻlimi telepatiyani oʻrganish bilan shugʻullangan boʻlsa-chi?

Maxsus xizmatlarning qiziqishi shunda ediki, boshqa davlatlar erishadigan ehtimoliy ilmiy yoki texnologik yutuqlarni faromush qilmaslik, shu orqali Rossiya aholisiga hamda uning siyosiy yetakchilariga taʼsir koʻrsatish tahdidlarining kengayishi va chuqurlashishiga yoʻl qoʻymaslikka urinishgan.

Biroq, oʻsha davrlarga xos boʻlganidek, kommunistik tizim oʻz bolalari va otalarini ham yoʻq qilgan. Bokiy ham har qancha shaytonga sigʻinib, madad soʻramasin, uning rahbarlik hayoti qisqa muddat davom etdi va hayotining soʻnggi kunlari turli asossiz ayblovlar, dahshatli qiynoqlar, sovuq qamoqxonalar va oʻlim bilan tugadi. Bokiy 1937 yilda Stalinning repressiya girdobiga tushib, otib tashlandi. Bir paytlari oʻzi tuzgan va xizmat qilgan tuzum oxir-oqibat uning oʻzini yoʻq qildi.

Oradan bir yil oʻtib, uning oʻrinbosari Aleksandr Barchenko ham xuddi shu qismatga duchor boʻlgan. Uni xorijiy davlatlarga josuslikda ayblab, tergovlarda misli koʻrilmagan qiynoqlarga solishdi. Keyin esa otib tashlandi. Toʻgʻri, Barchenkoga boʻlim faoliyati boʻyicha toʻliq hisobotni yakunlash imkoniyati berilgan. Ushbu hisobotda nima yozilgani hozirgacha nomaʼlum. Hujjatlar yoʻqolgan.

Aytishlaricha, ikkinchi jahon urushi paytidayoq Germaniya harbiy razvedka va kontrrazvedka organi – Abver agentlari OGPU shifrlash boʻlimi ishlanmalari haqidagi har qanday maʼlumot uchun 50 000 reyxsmarka miqdorida gʻoyat katta mukofot eʼlon qilgan emish.

Soʻnmas qiziqish

Biroq bu mavzuga jiddiy qiziqish sovet maxsus xizmatlarida oʻtgan asrning oltmishinchi yillari oʻrtalarida paydo boʻldi. Masalan, boshqalarning fikrini oʻqish kabi insonning gʻayrioddiy qobiliyatlari davlat xavfsizligi organlari oldida ulkan imkoniyatlar ochib, ularning ishini ancha yengillashtirar edi.

Aytaylik, kontrrazvedka diqqati doirasiga xorijiy razvedka bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan shaxs tushdi, deylik. Uning jinoiy faoliyatini aniqlash uchun kontrrazvedka katta hajmda ishlarni olib borishiga toʻgʻri keladi: uzoq vaqt davomida uning telefon suhbatlarini tinglash, qiziqish doirasini aniqlash, tanishlari va ish joyidagi hamkasblarini oʻrganish kerak boʻladi. Ana shu tarzda, juda sinchkovlik bilan, Buyuk Britaniya razvedkasiga oʻz xizmatlarini taklif qilgan GRU (Bosh razvedka boshqarmasi – harbiy razvedka) polkovnigi Penkovskiy haqida maʼlumot toʻplangan. Yoki Kolumbiyada GRU xodimlari tomonidan yollangan diplomat Ogorodnik haqida (u Yulian Semyonovning “TASS bayonot beradi” romanidagi Sergey Dubov obrazi uchun prototip boʻlgan) maʼlumot olingan.

Faqat barcha maʼlumotlar yigʻilgandan soʻnggina kontrrazvedka hibsga olish haqida qaror qabul qilishi mumkin edi. Qisqasi, bu juda uzoq, murakkab va zerikarli jarayon. Shuning uchun SSSR maxsus xizmatlari noodatiy qobiliyatlarga ega odamlarga alohida eʼtibor qarata boshladilar. Ular yordamida maʼlumot toʻplash jarayoni ancha soddalashar edi.

Noyob qobiliyatlardan foydalanish

Agar insonda oʻziga xos, noyob qobiliyatlar boʻlsa, u tez orada faqat yaqin atrofidagilar orasida emas, keng jamoatchilikka ham tanila boshlaydi. Oʻzining gʻayrioddiy isteʼdodi borligini anglagan odam, odatda, bundan daromad olishga kirishadi: odamlarni davolaydi, ularning maishiy yoki xizmat muammolarini hal qilishga yordam beradi, kelajakda roʻy berishi mumkin boʻlgan voqealar haqida ogohlantiradi. Kontrrazvedkaning vazifasi esa bunday insonni davlat xavfsizligi manfaatlarida ishlashga jalb qilishdan iborat boʻlgan.

Aytishlaricha, ekstrasensor qobiliyatlarga ega odamlar dunyoda kechayotgan jarayonlarga haqiqatan ham taʼsir koʻrsata olgan. KGBning isteʼfodagi generali Nikolay Shamning soʻzlariga koʻra (u oʻz vaqtida KGB SSSR ilmiy-texnika kontrrazvedkasi boshligʻining oʻrinbosari, general-mayor lavozimida ishlagan), 1968 yilda Chexoslovakiyadagi voqealar arafasida Chexoslovakiya kommunistik partiyasi markaziy qoʻmitasi kotibi Bilchik Moskvaga kelib, Mixail Andreyevich Suslovga ChSSR rahbariyatidagi vaziyat haqida axborot bergan. Ana shu paytda Suslovning referenti niqobi ostida KGBning ekstrasensor qobiliyatlarga ega ofitseri ishlagan. Uning vazifasi Bilchik qayerda ochiqchasiga gapirayotganini, qayerda esa haqiqatni yashirayotganini aniqlashdan iborat edi.

Shunga oʻxshash holat 1984 yilda ham kuzatilgan. Oʻshanda Afgʻoniston yetakchisi Babrak Karmalni SSSR uchun qulayroq rahbar bilan almashtirish zarurati paydo boʻlgan. Bu holatda KGBga paranormal qobiliyatlarga ega odamlar – KGB SSSR birinchi bosh boshqarmasi xodimlari yordam bergan. Ular gipnoz orqali Karmalga taʼsir qilib, uni isteʼfoga chiqib, oʻz lavozimini Nadjibullaga topshirishga majburlashgan.

Yana bir misol. Rossiya prezidenti xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Vasilevich Korjakov 1990-yillar boshida SBP (Prezident xavfsizlik xizmati – muallif) uchun paranormal qobiliyatlarga ega odamlarni izlash va ishga jalb qilish masalalari bilan jiddiy shugʻullangan. Oradan koʻp oʻtmay, Prezident xavfsizlik xizmati tarkibida shunday guruh tuzilgan. Unga general-mayor Georgiy Georgiyevich Rogozin rahbarlik qilgan.

Bu ekstrasenslar guruhi 1990-yillarda faol ish olib borib, turli vazifalarni bajargan. Xususan, davlat rahbariga qaysi mamlakatga tashrif maqsadga muvofiq ekani yoki emasligi haqida tavsiyalar bergan. Masalan, Boris Yelsinning Yaponiyaga rejalashtirilgan tashrifi arafasida ekstrasenslar bu safar befoyda boʻlishini, Yaponiya bilan hech qanday jiddiy kelishuvlarga erishib boʻlmasligini qatʼiy aytgan. Natijada Yelsinning kunchiqar mamlakatga safari bekor qilingan.

Nafaqat davlat idorasi, balki elita vakillari ham bunday qobiliyatli odamlardan foydalanishga harakat qilishgan. Kreml elitasining mashhur tabibi – Juna Davitashvili 90-yillarda oʻta mashhur boʻlgan. Aytishlaricha, u SSSR va Rossiyaning deyarli butun siyosiy rahbariyatini davolagan. Junani bilganlar orasida yagona fikr boʻlmagan: kimdir uni sharlatan deb hisoblagan, kimdir esa deyarli daho deb bilgan.

Juna, albatta, bu yoʻnalishda muayyan qobiliyatlarga ega edi. Ammo u yanada kuchli qobiliyatni oʻz piari va ommalashtirish sohasida namoyon etgan. Aks holda uning hayotdan toʻsatdan ketishini qanday izohlash mumkin? Axir kelajakni oldindan koʻra oladigan inson, mantiqan, oʻz taqdirini ham bilishi kerak emasmi?

Shuningdek, hozir katta-katta amaldorlar joylardagi turli tabib, shaman, duoxon va folbinlarga xufyona tarzda uchrab turishadi, ulardan ishlarini yurishtirish, dushmanlarini (raqobatchilarini) yoʻq qilish va goʻyoki maxfiy maʼlumotlar olishga urinishadi.

SSSR raqiblarining rejalarini qanday oʻgʻirlagan?

General Shamning soʻzlariga koʻra, 1980-yillarda Vinnitsa shahrida gʻayrioddiy qobiliyatlarga ega ekani ochiq-oydin sezilib turgan ikki nafar inson yashagan. Ayrim paytlarda ular Moskvaga ham kelib turgan. Ularning noyob qobiliyatlari haqida sovet maxsus xizmatlariga bevosita guvohlar xabar bergan. Shundan soʻng KGB ushbu fuqarolarni ayniqsa muhim davlat vazifalarini bajarishga jalb qilishgan.

Koʻp oʻtmay, bu juftlik bilan aloqa oʻrnatilgan va maʼlum boʻlishicha, bu ikki inson haqiqatan ham oʻta noyob qobiliyatlarga ega ekan: ular oʻz biomaydoni orqali fazoda lahza ichida harakatlana olar, qolaversa, Yer sharining istalgan nuqtasiga koʻcha olar ekan. Bu sovet razvedkasi uchun qanday ulkan istiqbollar ochganini aytib oʻtirish shart emas. Razvedka ularning bu imkoniyatidan foydalanishgan, albatta.

KGB topshirigʻiga binoan Vinnitsalik ekstrasenslar Angliya bosh vaziri Margaret Tetcherning ish kabinetiga “koʻchirilgan”. Ular uning barcha suhbatlari, Vazirlar mahkamasi aʼzolari bilan oʻtkazgan yigʻilishlarida ishtirok etgan va koʻrgan-eshitgan barcha maʼlumotlarni zudlik bilan oʻz rahbariyatiga yetkazib turgan.

Generalning aytishicha, sovet davrida bunday yoʻnalishda hatto keng qamrovli ilmiy-tadqiqot dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, unga taxminan yigirmata ilmiy institut jalb etilgan. KGB tarkibida esa bunday ish uchun odamlarni tayyorlaydigan maxsus guruh tuzilgan.

Masalan, KGB mutaxassislari maxsus oʻlchash apparati oʻrnatilgan qurilma joylashtirilgan oʻrindiq ishlab chiqqan. Odam oʻrindiqqa oʻtirib, toʻliq boʻshashganda, ushbu qurilma ishga tushar, natijada inson organizmi faollashar va uning bioenergetik quvvati bir necha barobar oshar edi. Shu holatda inson Yer yuzining istalgan nuqtasidagi istalgan shaxs bilan aloqaga kirishib, bizga kerakli maʼlumotlarni olishi mumkin boʻlgan, goʻyoki.

Ammo, keyinchalik ekstrasensor yoʻnalish rivojlanmadi. Ehtimol kerakli natija bermagandir, ehtimol sinovdan oʻta olmagani uchun ishonch yoʻqolgandir, ehtimol noyob qobiliyatli odamlar oʻrniga firibgarlar yigʻilib qolgandir. Nima boʻlganda ham, Korjakov xavfsizlik xizmatidan chetlatilgandan soʻng esa bu mavzu butunlay yopildi, ekstrasensor qobiliyatlarga ega odamlar guruhi tarqatib yuborildi.

Lekin AQShda bunday ishlar muvaffaqiyatli davom ettirilgan: masalan, amerikalik maxsus xizmatlar ekstrasenslar yordamida Amerika sohillari yaqinidagi sovet suvosti kemalarini aniqlashga urinishgan.

Xulosa

Qisqa qilib aytganda, maxsus xizmatlar tarixan ekstrasensor qobiliyatlarga ega odamlardan (telepatiya, masofadan koʻrish) razvedka, obʼektlarni qidirish va tahdidlarni tahlil qilish maqsadida foydalanishga urinib kelgan.

Xususan, SSSR va AQSh maxsus xizmatlari ekstrasenslarni harbiy obʼektlarni masofadan turib kuzatish uchun jalb etgan holda turli tajribalar oʻtkazgan. Biroq bu tajribalar natijalari koʻp hollarda aniq emasligi va qayta-qayta takrorlanish darajasi past boʻlgani sababli kam qimmatli deb eʼtirof etilgan.

Ekstrasenslarning minglab kilometr uzoqlikda turib, dushmanning yashirin obʼektlari, maxfiy bazalari yoki binolarini tasvirlab berishga urinishlari maxfiy xizmatlarni qiziqtirgan.

Shuningdek, intuitiv qobiliyatlar orqali maxfiy xaritalarda koʻrsatilgan yashirin bunkerlar, harbiy texnika yoki ofitserlarni aniqlashga urinish ham diqqatga sazovor.

Ekstrasenslar dushmanning ehtimoliy harakatlarini oldindan bashorat qilish yoki yopiq hujjatlar mazmuni haqida maʼlumot olishga ham urinishgan.

Shu bilan birga, ekstrasenslar “kalamushlar”(yaʼni xizmat ichidagi sotqin agentlar)ni aniqlash yoki tahdidni sezish uchun jalb etilgan, biroq bu sohada asosiy rolni psixologik profayling usullari oʻynagan.

Hujjatlarga asoslansak, SSSRda KGB ekstrasenslardan “qizgʻin nuqtalar”da va davlat xavfsizligini taʼminlashda foydalangan, ularni oʻziga xos “maxfiy qurol” sifatida koʻrgan.

AQShda MRB va ANB parapsixologlar bilan tajribalar oʻtkazgan, ammo 1976 yilga kelib bunday dasturlarning aksariyati past samaradorlik sababli yopilgan.

Amaliy tajriba shuni koʻrsatganki, bunday “oʻta qobiliyatlar” koʻp hollarda anʼanaviy razvedka usullariga nisbatan kamroq samara bergan.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid