Koʻp kvartirali uylar joylashgan hududdagi daraxt va butalar xatlovdan oʻtkaziladi
Daraxt va butalarni sugʻorish ishlarini hisoblagichlar oʻrnatgan holda sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi yanada takomillashtiriladi.
“Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–48-son, 05.02.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarni obodonlashtirish yoʻnalishida markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini saralash va amalga oshirishda quyidagi tartib oʻrnatiladi:
- loyiha takliflari Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarida muhokama qilinishi va faqatgina ularning qarori bilan maʼqullangandan keyin amalga oshirilishi shart;
-shakllantirilgan loyiha takliflari boʻyicha loyihaoldi tadqiqotlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, koʻp kvartirali uylarning boshqaruvchilari, loyiha tashkilotlari bilan birgalikda har bir hududning xususiyatlarini inobatga olgan holda oʻtkaziladi;
Shuningdek, koʻp kvartirali uylarning tutash hududidagi barcha daraxt va butalar boshqaruvchilar tomonidan xatlovdan oʻtkazilib, maʼlumotlar “Mening uyim” axborot billing tizimida aks ettirib boriladi.
Koʻp kvartirali uylardagi markazlashgan ichimlik suvi isteʼmolchilariga daraxt va butalarni sugʻorish ishlarini hisoblagichlar oʻrnatgan holda sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab:
- Toshkent shahrida koʻp kvartirali uylarda umumiy yigʻilish oʻtkazishni tashabbus qilish, oʻtkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish, boshqaruvchilar tomonidan murojaatlarni qabul qilish va ularni koʻrib chiqish faqat “Mening uyim” ABTda amalga oshiriladi, 2027 yildan boshlab mazkur tartib respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi;
-majburiy toʻlovlar va koʻp kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni ijaraga va foydalanishga berishdan tushadigan toʻlovlar hisobi faqat “Mening uyim” ABT orqali yuritiladi.