platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Pokiston prezidenti bilan muzokara oʻtkazdi

Asif Ali Zardoriy tashrifni "tarixiy ahamiyatga ega" deb atadi. Oʻzbekiston rahbari Pokistonning bir qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashdi. 

Shavkat Mirziyoyev Pokiston prezidenti bilan muzokara oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga davlat tashrifi doirasida “Ayvoni Sadr” qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, doʻstlik hamda strategik sheriklikni mustahkamlashning joriy holati va dolzarb yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Asif Ali Zardoriy davlatimiz rahbarini Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli boʻlgani munosabati bilan tabrikladi hamda ushbu davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga yangi surʼat bagʻishlaydigan tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Yangi Oʻzbekistonni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yuqori baholandi.

Turli darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va qoʻshma korxonalar soni barqaror oʻsib bormoqda. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Islomoboddagi sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va siyosiy maslahatlashuvlar samarali oʻtkazildi.

Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish hamda ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Yaqin istiqbolda oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Hududlararo forumning birinchi yigʻilishini shu yil Xivada oʻtkazishga kelishib olindi.

Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibi boʻyicha pozitsiyasi oʻxshashligi hamda bir-birlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishlarini yana bir bor tasdiqladilar.

Madaniy va gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish hamda taʼlim, ekologiya, sport va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni ilgari surishga oʻzaro intilish qatʼiy ekani qayd etildi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Asif Ali Zardoriyni Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Shuningdek, Islomobod shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston–Pokiston biznes forumi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokistonning bir qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Xususan, davlatimiz rahbari “HRL Group” kompaniyasi raisi Zohid Rafiq bilan muzokara olib bordi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston tajribasidan foydalangan holda Pokistondagi mis, oltin va strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar konlarida qoʻshma geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Prezident kompaniya rahbarining Pokiston poytaxtida Imom Buxoriy majmuasi va Samarqand shahrida mehmonxona qurish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi.

Shuningdek, davlat tashrifi doirasida Prezidentimiz “Engro Group” kompaniyasi raisi Ahsan Zafar Sayid bilan uchrashdi.

Kompaniya Pokistonning energetika xavfsizligini taʼminlashga muhim hissa qoʻshib kelmoqda hamda energetika, neft-kimyo va qishloq xoʻjaligi sohalarida katta tajribaga ega.

Uchrashuvda kimyo sanoati loyihalarini amalga oshirishda kompaniya ishtirokini kengaytirish, shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish va chorva mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz “Gobar Textile” kompaniyasi asoschisi Gouhar Mustafo bilan ham uchrashuv oʻtkazdi.

Mazkur kompaniya paxta tolasini qayta ishlash va maishiy toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Muzokaralar davomida mamlakatimizda toʻqimachilik mahsulotlarini qoʻshma ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda Oʻzbekiston korxonalarini xalqaro yetkazib berish zanjirlariga integratsiya qilish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobodda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston–Pokiston biznes forumi doirasida “Go Group” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Dur Muhammad Ayub bilan ham uchrashdi.

Mazkur kompaniya Pokistonning qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilish sohalarida yetakchi hisoblanadi.

Uchrashuvda kompaniyaning mamlakatimiz hududlarida chorvachilik mahsulotlarini toʻliq qayta ishlash zanjiriga ega agroklaster barpo etish boʻyicha rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid