platina.uz
Jamiyat

Uchinchi va toʻrtinchi hokimiyat uchrashdi

2025 yilda mamlakatdagi barcha sudlar tomonidan jami 4 milliondan oshiq ish koʻrib chiqilgan boʻlib, bu 2024 yildagi koʻrsatkichdan 37 foiz koʻproqdir. 

Uchinchi va toʻrtinchi hokimiyat uchrashdi

Sud hokimiyati demokratik tuzumning uchta asosiy ustunlaridan biri – uchinchi hokimiyat sifatida mamlakatda odil sudlov tizimini taʼminlash va adolatni qaror toptirishda katta ahamiyatga ega.

Soʻnggi yillarda ushbu tizimning shaffofligini taʼminlash va faoliyatini yaxshilash borasida koʻplab amaliy qadamlar qoʻyildi.

Joriy yilning 4 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida oʻtkazilgan matbuot anjumanida oldinga qoʻyilgan maqsadlar va erishilgan natijalar haqida maʼlumot berildi.

Respublika sudlarining 2025 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati hamda sud tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosarlari – Alisher Usmanov hamda Shuhrat Polvanov, Rais oʻrinbosari Malikaxon Qalandarova, Oliy sud sudyalari – Baxtiyor Sayfullayev, Jamol Choriyev, Jahongir Joʻrayev va Ilhomjon Rahmonqulov, Odil sudlov sohasida qonunchilik tahlili departamenti boshligʻi Otabek Ismoilov, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt departamenti boshligʻi Jasur Umarov hamda Jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshligʻi Aziz Abidov fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoyalash borasida qilinayotgan ishlar, sohadagi islohotlar haqida maʼlumot berishdi.

Tadbirda maʼlum qilinganidek, Odil sudlovni taʼminlash borasida respublika sudlari tomonidan 2025 yilda muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, Oliy sud sudlov hayʼatlari tomonidan oʻtgan yilda jami 4766 ta ish koʻrib chiqilgan boʻlib, ularning 3376 tasi Jinoyat sudlov hayʼati tomonidan, 409 tasi Fuqarolik, 680 tasi Iqtisodiy, 301 tasi Maʼmuriy sudlov hayʼati tomonidan koʻrilgan.

2025 yilda mamlakatdagi barcha sudlar tomonidan jami 4 million 133 ming 230 ta ish koʻrib chiqilgan boʻlib, bu 2024 yildagi koʻrsatkichdan 37 foiz koʻproqdir. Ularning aksariyati – 2 million 169 mingdan ziyodi fuqarolik, 1 mln 254 mingdan ortigʻi jinoyat, 690 ming 750 tasi iqtisodiy, 18 846 tasi maʼmuriy sudlovga oid boʻlgan.

Oʻtgan yilda yoshlar 14-30 yosh oraligʻidagi shaxslar oʻrtasida jinoyat sodir etishda ayblanib, jami 23 973 nafar shaxs sudlangan. Ular sodir jinoyatlarning asosiy turi – oʻgʻirlik (4323 kishi), firibgarlik (4036 kishi), avtoavariya (3799), giyohvandlik (3429 kishi) va bezorilik (1276 kishi) jinoyatlariga aloqador boʻlgan.

Tadbirda aytilganidek, sudlarimizdagi asosiy muammolardan biri – ish hajmining sudyalar soniga nisbatan oʻta koʻpligidir. Masalan, boshqa davlatlarda 1 sudyaga 16 ta ish koʻrish meʼyor qilib belgilangani holda, Oʻzbekiston sudyalari oyiga oʻrtacha 325 ta ish koʻrishga majbur boʻlmoqda. Qolaversa, jahon miqyosida aholi soni boshiga sudyalar soni koʻrsatkichi ham Oʻzbekistonda pastligi tan olindi: bizda har 100 ming aholiga atigi 1700 nafar sudya toʻgʻri kelmoqda.

Vaziyatni yaxshilash maqsadida har yili qoʻshimcha 100 ta sudya shtati qoʻshilmoqda, ularning 60 tasi fuqarolik sudlariga ajratiladi.

Shu bilan birga, sud binolari va infratuzilmani yaxshilash maqsadida 162 ta yangi sud binolari qurilishi, 82 tasi mavjud sud binosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi, 32 ta bino kapital taʼmirlanishi rejalashtirilgan.

Yangi quriladigan va taʼmirlanadigan sud binolarida sud xodimlari hamda aholi uchun zarur barcha qulayliklar albatta inobatga olinadi. Masalan, ochiqlik siyosatini taʼminlash maqsadida tashrfichilar uchun front ofis, elektron navbat, axborot ekranlari va qulay kutish joylari loyihalanadi.

Qolaversa, tahlillarga koʻra, mamlakatimiz sudlarida raqamli va texnologik muammolar yetarlicha. Xususan, sud tizimida raqamli texnologiyalar va axborot tizimlari talabga javob bermaydi. Sud majlislari uchun zamonaviy audio va videoyozuv tizimlari yetishmaydi.

Oliy sudning tegishli departamenti boshligʻi Jasur Umarov bu masalaga izoh berar ekan, 2 yil ichida barcha sudlarda videoyozuvlar tizimi bilan taʼminlanishini bildirdi.

Shuningdek, sud binolarini raqamlashtirish borasida qator rejalar ishlab chiqilgani aytildi. Jumladan, “Raqamli sud” konseprsiyasi asosida “Aqlli sud” zallari joriy etiladi hamda sud ishlarini yuritishda sunʼiy intellekt qoʻllaniladi.

Virtual yordamchi, axborot kiosklari va huquqiy maslahat tizimlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Eng qizigʻi – yaqin istiqbolda sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi tayyorlanadi.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar, shuningdek, oʻzlarini qiziqtirgan boshqa savollariga ham javob olishdi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid