platina.uz
Tahlil

Putinga qarshi, Tramp foydasiga ishlayotgan Epshteyn mojarosi

Hozir hamma Bill Geyts, Ilon Mask, Tramp va boshqalar haqida gapiryapti. Lekin haqiqatning koʻziga tik qarash kerak. Asosiy tahdid – Rossiya maxsus xizmatlarining Amerikada muvaffaqiyatli operatsiyalar oʻtkazayotganida!

Putinga qarshi, Tramp foydasiga ishlayotgan Epshteyn mojarosi
Fotokollaj: Platina.uz

AQSh adliya vazirligi jinsiy jinoyatlar uchun hukm qilingan va qamoqda vafot etgan Jeffri Epshteyn ishi boʻyicha millionlab yangi hujjatlarni eʼlon qildi. Bu – Epshteyn fayllarining oshkoraligi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinganidan beri ommaga taqdim etilgan eng katta hajmdagi hujjatlardir. 30 yanvar kuni 3 million sahifa, 180 mingta foto va 2 mingta video materiallar maxfiylikdan chiqib, omma uchun eʼlon qilindi.

Nashr AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan belgilangan, Epshteyn ishiga aloqador barcha hujjatlarni oshkor qilishni talab etuvchi muddat oʻtganidan olti haftadan soʻng amalga oshirildi.

Rasman olganda, gap 2025 yilda AQSh kongressi tomonidan qabul qilingan va prezident Donald Tramp tomonidan shaxsan imzolangan “Epshteyn fayllarining shaffofligi toʻgʻrisidagi akt” ijrosi haqida bormoqda.

Lekin bu materiallarni chop qilish haqidagi qaror koʻproq ixtiyoriy emas, balki majburiy tusga ega edi, chunki AQSh prezidenti Donald Trampning oʻzi ham ushbu materiallarda 38 ming martadan ortiq tilga olinadi. Biroq qonunning oʻzi adliya vazirligini materiallarni bosqichma-bosqich eʼlon qilishga majbur qilardi va jarayonni toʻxtatishga urinish Oq uy maʼmuriyatining AQSh kongressi va Amerika sud tizimi bilan ochiqdan-ochiq toʻqnashuvini anglatgan boʻlar edi.

Hujjatlarda Jeffri Epshteynning qamoqda boʻlgan davriga oid tafsilotlar, psixologik xulosa, qamoqda vafot etgani haqidagi hisobot, shuningdek, Epshteynning sherigi boʻlgan va voyaga yetmagan qizlarning savdosida yordam bergani uchun hukm qilingan Gisleyn Maksvellga nisbatan olib borilgan tergov materiallari mavjud. Shuningdek, Epshteyn va yuqori lavozimli shaxslar oʻrtasidagi elektron yozishmalar yana qayta eʼlon qilindi. Tabiiyki, Tramp hozir prezident boʻlgani uchun u bilan bogʻliq ayrim maʼlumotlar ustiga qora tasma tortilgan.

Epshteynning shubhali hayoti

Jeffri Edvard Epshteyn 1953 yilda Nyu-Yorkda tugʻilgan amerikalik odam savdosi bilan shugʻullangan shaxs, mashhur amaldorlar va boylarni rus fohishalari va voyaga yetmagan qizlar bilan taʼminlab turgan qoʻshmachi pedofil, bir necha marta jinsiy zoʻravonliklar sodir etgan shaxs, mashhur moliyachi milliarderdir. U 1976 yilda maktabdan ishdan boʻshatilgandan soʻng, bank va moliya sohasida ish boshlab, oʻz kompaniyasini tashkil etgunga qadar Bear Stearns kompaniyasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Epshteyn oʻz atrofida elita vakillaridan iborat muloqot doirasini shakllantirgan va kamida 1000 nafar voyaga yetmagan qiz hamda ayollarni yollagan. Ular Epshteynning oʻzi va uning sheriklari tomonidan bir necha bor zoʻrlangan, xoʻrlangan va ayrimlari bedarak yoʻqolgan. Ehtimol oʻldirilgan.

Garchi avvaldan odamlar bu borada tasdiqlanmagan shubhalarga ega boʻlsa-da, sinchkov jurnalistlar oʻtkazgan surishtiruvlar mojaroni boshlab berdi. Natijada 2005 yilda Florida shtati, Palm-Bich shahri politsiyasi Epshteynga nisbatan tergov boshladi. Bunga sabab – ota-onalardan biri uning 14 yoshli qiziga nisbatan jinsiy zoʻravonlik qilingani haqida murojaat qilgani boʻlgan. Federal xodimlar Epshteyn tomonidan jinsiy zoʻravonlikka uchragan, ayrimlari atigi 14 yoshda boʻlgan 36 nafar qizni aniqlashgan.

2008 yilda Epshteyn oʻz aybini tan olgan va Florida shtati sudi tomonidan bolalarni fohishalikka jalb qilish hamda fohishalikka undash jinoyatlari uchun jazoga hukm qilingan. AQSh adliya vazirligi vakili Aleksandr Akosta bilan tuzilgan bahsli aybni tan olish kelishuvi doirasida u faqat shu ikki jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan va taxminan 13 oy qamoqda boʻlgan.

Dalili topilmagan maʼlumotlarga koʻra, Epshteyn orollarida barcha qabohat va shahvoniy gunohlar amalga oshirilgan: bachchabozlik, ommaviy orgiya, pedofiliya, hayvonlar bilan aloqa, sadomazoxizm va hokazo buzuqliklar amalga oshirilgan.

2019 yil 6 iyulda esa Jeffri Epshteyn Florida va Nyu-York shtatlarida voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida odam savdosi bilan shugʻullanganlik boʻyicha federal ayblovlar asosida yana hibsga olindi. U 2019 yil 10 avgust kuni oʻz qamoqxona kamerasida oʻzini osib oʻldirgan. Shu yerda ham ayrimlar uning oʻz ixtiyori bilan oʻlganini inkor etishadi. Emishki, ayrim qudratli odamlar Epshteyn guvoh sifatida yashab qolishini istamagan va uni oʻldirtirganmish. Ammo bu gumonlar tekshirilmadi va tabiiyki, tasdiqlanmadi ham.

Epshteynning oʻlimi unga nisbatan jinoiy javobgarlikni davom ettirish imkoniyatini yoʻqqa chiqargani sababli, 2019 yil 29 avgustda sudya barcha jinoiy ayblovlarni bekor qilgan.

Epshteyn oʻn yillar davomida Gisleyn Maksvell bilan yaqin aloqada boʻlgan; u Epshteyn uchun yosh qizlarni fohishalikka yollash bilan shugʻullangan. Bu esa 2021 yilda uni federal darajada odam savdosi va til biriktirish ayblovlari boʻyicha, jumladan, 14 yoshli qizlarni bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik va fohishalikka jalb qilishda ishtirok etgani uchun jazoga hukm qilinishiga olib kelgan.

Epshteynning koʻtarilishi

The New York Times maʼlumotlariga koʻra, Epshteyn oʻz boyligining katta qismini milliarderlarga soliq va meros masalalari boʻyicha xizmatlar koʻrsatish orqali toʻplagan. Shuningdek, u keng qamrovli tanishlar tarmogʻiga ega boʻlgan, bu tarmoqqa biznesmenlar, qirollik oilalari aʼzolari, siyosatchilar va olimlar kirgan.

Epshteynning moliyaviy maslahatlari asosan soliqlardan qochish va merosni boʻlishda qonundagi notoʻkisliklardan foydalanish yoʻllarini oʻrgatish boʻlgan. Ayrim yozishmalarda Epshteyn soliqdan qochishni eplolmaydigan boylarni “bu “goy”lar (yaʼni yahudiy boʻlmaganlar – muallif) axmoqqa oʻxshab soliq toʻlab yuraversin” deya masxara qilgan.

Epshteynning Donald Tramp, Endryu Mauntbatten-Vindzor va Bill Klinton kabi jamoat arboblari bilan doʻstligi katta bahs-munozaralarga sabab boʻlgan. 2025 yil sentabr oyida AQSh kongressining vakillar palatasida demokratlar fraksiyasi tomonidan oshkor etilgan hujjatlar Epshteyn Piter Til, Ilon Mask, Bill Geyts, Larri Sammers va Stiv Bennon bilan aloqada boʻlganini koʻrsatadi.

2026 yil yanvar oyida esa Epshteynning Ehud Barak, Stiv Tish, Hovard Lyutnik, Keti Rummler hamda Norvegiya valiahd malikasi Mette-Marit bilan keng koʻlamli aloqalari mavjudligini koʻrsatuvchi yangi hujjatlar eʼlon qilingan.

Fosh qilingan materiallarning taʼsiri

Jeffri Epshteyn ishi boʻyicha yangi fayllarning eʼlon qilinishi Yevropada katta mojaro va shov-shuvlarga sabab boʻldi. Bu esa Gʻarb elitalariga boʻlgan ishonchni susaytirib, Kreml tomonidan olib borilayotgan Rossiya propagandasi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratdi.

Xususan, Buyuk Britaniyaning AQShdagi sobiq elchisi va savdo masalalari boʻyicha Yevropa komissiyasining sobiq aʼzosi Piter Mendelson Leyboristlar partiyasini tark etdi. “Epshteyn fayllari”dan birida u goʻyoki amerikalik moliyachi tomonidan 75 ming dollar olgani aytilgan.

Slovakiyada Miroslav Laychakning sobiq tashqi ishlar vaziri va oʻsha paytda bosh vazir Robert Fitso maslahatchisining nomi tilga olingan materiallarning eʼlon qilinishi – uning isteʼfosiga olib keldi.

Shu bilan bir vaqtda, Epshteynning yangi fayllari qirol Charlz III ning ukasi shahzoda Endryu ishini yana kun tartibiga olib chiqdi. Oxir-oqibatda, shahzoda faxriy unvondan mahrum etildi va ommaviy uzrlar yangradi.

Biroq eng koʻp eʼtibor qaratgan mamlakat Norvegiya boʻldi. Epshteyn fayllari qirollik saroyi va diplomatik doiralar bilan bogʻliq shaxslarga, jumladan, Norvegiya valiahd malikasi Mette-Maritga ham daxl qildi.

Nega mashhurlar Epshteyn bilan doʻst boʻlishga intilishgan?

Epshteyn atrofidagi tor elita guruhi boshqalarga ham jozibali koʻringan. Butun dunyoning zoʻrlari yigʻilgan tor va maxfiy guruhning aʼzosi boʻlish – xuddi masonlar kabi yoki shaytonparastlar kabi maxfiy jamolarga mansub boʻlish – mening ham obroʻyimni koʻtaradi, deb oʻylashgan. Bu xuddi “boylar Kattasaroy toʻyxonasida toʻy qiladi, men ham shu yerda toʻy qilsam, oʻshalar qatoriga qoʻshilaman”, deyishdek gap. Yaʼni maxfiy brend, tor doiraga mansublik illyuziyasi, erishish qiyin boʻlgan maqom ularni oʻziga jalb qilgan.

Bir qarashda boy amaldor va Nobel mukofoti olgan mashhur ziyoli va olimlarning Epshteyn orollaridagi turli jinsiy buzuqliklar zoʻravonlik va hatto qotilliklarga qoʻl urishiga hojat yoʻqdek koʻrinadi. Axir boylar Epshteynsiz ham oʻz hayvoniy nafsi va shaytoniy fantaziyalarini qondirishi, puliga istagancha fohisha sotib olishi mumkin. Ammo Epshteyn odamlarning eng yashirin, hech kimga bildirib boʻlmaydigan buzuq orzularini ham amalga oshirish imkonini bergan. Ayollarni urib qiynash, 13-14 yashar qizchalarni va bolachalarni jinsiy zoʻrlash va oʻldirish shular sirasiga kiradi. Ular bu qilmishlari uchun jazosiz qolishgan: hech kim ularni uyaltirmagan, ulardan nafratlanmagan, oshkor qilish va sharmanda qilish bilan qoʻrqitmagan. Chunki atrofdagilar ham shu jirkanch ishlar bilan shugʻullangan. Ulkan va yagona, umumiy va shaytoniy maqsad ularni jipslashtirib turgan. Stenli Kubrikning “Katta yopilgan koʻzlar bilan” filmida tasvirlangan maxfiy buzuqilar jamiyati ham dunyoning eng mashhur siyosatchi va boylaridan iborat boʻlgani avval ertakdek tuyulardi. Shunchaki konspirologik afsona deb hisoblashar edi. Epshteyn fayllari oshkor qilingach, bunday maxfiy jamiyatlar real hayotda ham mavjudligi fosh boʻldi.

Epshteynning asl maqsadi nima boʻlgan?

Epshteynnnig oʻzi ham tabiatan tajovuzkor, shahvoniy buzuq va pedofil boʻlgan. “Pes pesni qorongʻida topadi”, deganlaridek, umumiy maxfiy gunoh ishlar atrofida oʻziga xos jamoa shakllangan. Keyinchalik Epshteyn qoʻshmachi rolini bajargan. Rossiyadan chiroyli qizlarni tanlab olib, model va akstrisa, massajchi niqobi ostida Epshteyn oroliga joʻnatadigan model agentliklari bilan aloqa oʻrnatgan. Dunyo boylariga chiroyli rus xotin-qizlarini yetkazib berishni yoʻlga qoʻygan. Oshkor qilingan hujjatlarda aytilishicha, mashhur Bill Geyts ham bir rus fohishasidan tanosil kasalini yuqtirib olib, hech kimga aytolmasdan, oʻz buzuqi sheriklaridan qanday davolansam, deya maslahat soʻrab xat yozgan. Bularning barchasini Epshteyn arxiv qilib saqlab qoʻyavergan. Shahvoniy orgiyalar, jamoaviy buzuqilar aks etgan videofayllar saqlab qoʻyilgan.

Bunga Rossiyaning elitalari bilan bogʻliq shaxslar ham aralashgan – ular Epshteynga rus fohishalarini yetkazib berishda ilgʻor boʻlishgan.

Xoʻsh, Epshteyn nega bunday qilgan? U boylarga qarshi kompromat toʻplaganmi? Bunga hojati yoʻq boʻlgan. Shundogʻam hamma elita u bilan sirdosh va qadrdon edi. Qolaversa, oʻlimiga qadar u hech kimni bu sirlarni fosh qilish bilan qoʻrqitib, shantaj qilishga urinmagan ham.

Epshteyn – Isroil va Rossiya agenti sifatida

Epshteyn fayllari yana bir sirni oshkor qildi! Gʻarb razvedkachilarining tahliliy xulosalariga koʻra, Jeffri Epshteyn Rossiya maxsus xizmatlari – Federal xavfsizlik xizmati, yaʼni FSB uchun ishlagan ekan. Bundan tashqari, u, katta ehtimol bilan Kreml va shaxsan prezident Putin bilan ham hamkorlik qilgan. Britaniya va Amerika OAVlarining yozishicha, bularning barchasi Rossiya maxsus xizmatlarining AQSh hududida amalga oshirilgan eng yirik maxsus operatsiyasi boʻlishi mumkin. 2021 yilda jurnalistik surishtiruvlari bilan mashhur Kreyg Uingerning yozishicha, Epshteyn asosan rus qoʻshmachilari xizmatidan foydalangan. Bu operatsiya Moskvaning Amerikadagi prezident saylovlariga aralashuvidan ham ancha keng koʻlamli va arqoni uzun tashlangan maxfiy operatsiya boʻlgan. Putin Gʻarb yetakchilari ustidan juda katta kompromatga ega boʻlgan.

Fayllarda “Rossiya”, “Putin”, “Kreml” soʻzlari juda koʻp marta tilga olinadi. Asosan amerikalik va britaniyalik OAVlar, shuningdek AQSh tergovchilari va federal xizmatlar fikricha, Epshteyn orolida oʻnlab yillar davomida sodir boʻlgan barcha voqealar Rossiya federal xavfsizlik xizmati – “FSB” tomonidan kuzatib borilgan. Bu operatsiya orqali katta hajmda maʼlumotlar, dalillar va kompromat toʻplangan.

Jeffri Epshteyn AQSh elitasi bilan yaqin aloqada boʻlgan shaxs boʻlsa-da, avvalboshdan rossiyalik chekistlar, Lubyanka bilan hamkorlikda ishlagan va shaxsan Putin bilan munosabat oʻrnatgan boʻlishi mumkin. U, shuningdek, sionist yahudiy sifatida Isroil va uning Mossad razvekdasiga ham kompromatlar yetkazib turgan.

Federal qidiruv byurosining xizmat xatida aytilishicha, Epshteyn AQSh va Isroil razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilgan. U Isroilning sobiq bosh vaziri Ehud Barak bilan yaqin boʻlgan va uning rahbarligi ostida razvedka tayyorgarligidan oʻtgan.

Epshteynning orollari, villa va yaxtalari toʻliq maxfiy videokameralar bilan jihozlangan boʻlgan. Amerika federal organlari bu kameralarga faqat keyingi yillarda, Epshteyn qamoqda boʻlgan paytda va uning oʻlimi oldidan boshlangan tergov jarayonidagina kirish imkoniga ega boʻlishdi. Ammo amerikalik amaldorlar, prezidentlar, sobiq prezidentlar, siyosatchilar, yirik biznesmenlar va milliarderlar, ijtimoiy fikrga taʼsir qiluvchi shaxslar haqidagi bu videolar yillar davomida Isroil va Rossiyaga oqib borib turgan.

Epshteyn Rossiyadan, jumladan, Krasnodar va boshqa hududlardan “model” sifatida keltirilgan rus fohishalaridan foydalangan. Bu masala aslida anchadan beri maʼlum, bu haqda marhum Vladimir Jirinovskiy ham gapirgan. Aytgancha, Epshteyn hujjatlarida Jirinovskiy oʻgʻil bolalarni oʻpishni yoqtirgani, Putin esa qizlarni yoqtirgani haqida yozilgan. Bu haqda KGB tizimidan chiqqan, hozir hayotda boʻlmagan generallar va nafaqadagi sobiq chekistlar ham koʻp marta aytishgan.

Hech kimga sir emas, maxsus xizmat vakillari chiroyli qizlarni yoki besoqolbozlik uchun chiroyli bolalarni kerakli obʼektlar toʻshagiga tashlab, keyin yashirin suratga va videoga olib, shantaj qilgan. Yoki agentlikka, yaʼni quloqlikka yollab, ulardan maʼlumot olib turgan yoki oʻz maxfiy topshiriqlarini bajarishga majbur qilgan.

Epshteyn orollari va yaxtalaridagi buzuqliklar milliarderlarga oila qurishda ham foyda bergan. Masalan, Yevropa shahzodlaridan biri oʻzining boʻlajak xotinini ilk marta shu orgiyalarda topgan. Shahzoda ofitsiantlik qilib yurgan bir yosh fohisha qizni sevib qolgan va unga uylanib, malikaga aylantirgan. Epshteyn Donald Trampni hozirgi 1-xonim Melaniya bilan tanishitirgan. Melaniya u paytlarda model sifatida shunday tadbirlarda qatnashgan.

Trampga farqi yoʻqmi?

Hozir koʻpchilik “bu fayllar Donald Trapmni prezidentlikdan ketkazish yoki qandaydir qoʻshimcha jinoyat ishlari ochilishiga sabab boʻladi”, deb oʻylayapti. Lekin Tramp pinagini ham buzgani yoʻq. Toʻgʻri, barcha milliarderlar kabi u ham Epshteyn bilan gaplashib yurgan, suratga tushgan ziyofatlarda birga oʻtirgan. Ammo uning buzuqlik avj olgan oroliga borganini rad etmoqda. Aksincha, bu fayllar Tramp foydasiga ishlayapti. Chunki fayllarda sharmanda qilingan siyosatchilarning aksariyati demokratik partiya aʼzolari. Respublikachi Tramp bu faktdan qurol sifatida foydalanmoqda.

Epshteyn Putinga pul berganmi?

Shu oʻrinda AQSh razvedkasining boqi begʻamligini ham qayd etish joiz. Isroil va Rossiya josuslari Epshteyn orolidan unumli foydalanib, kompromat yigʻayotganidan ularning xabari boʻlmagan. Aks holda darrov bunga chek qoʻyishar edi. Oʻz prezidentlari yoki siyosatchilarini ogohlantirardi.

Amerika FQBning maxfiy hisobotlaridan biriga koʻra, Epshteyn Putinni moliyalashtirgan, degan iddao ham bor, ammo bu texnik tarjima xatosi boʻlgan. Aslida, ehtimol, Epshteyn Rossiyadan pul olgan va uning bir qismini FSBga uzatib turgan.

Ehtimol FSB tayyoriga ayyor boʻlib, Epshteyn ish boshlaganida uni shantaj qilib agent sifatida yollagandir, ehtimol avvalboshdan bu Putinning rejasi boʻlgandir, buni aniq aytish qiyin. Biroq Putin tashqi siyosatda katta gapirib, xoʻrozlangan davrlar ayni Epshteyn orolida buzuqliklar avj olganidan keyin kuzatilgan. Putinning 2007 yilda Myunxenda nutq soʻzlab, ilk marta Gʻarbga tahdid solishga jurʼat qilgani, 2014 yilda Qrimni bosib olgani, 2022 yilda esa jahon hamjamiyati va Gʻarbdan tap tortmasdan Ukrainaga bostirib kirganiga qaraganda, Putin oʻsha davrdayoq ancha-muncha kompromat yigʻa olgan. Hozirda esa Moskvaning qoʻrqmasdan Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga tahdid solayotgani, biroq joylardagi yetakchilar indamay turishgani ham turli shubhalar uygʻotadi.

Bir siyosatchining aytishicha, Putin oʻzaro suhbatlarda muzokara olib bormaydi, u siyosatchilarni agent boʻlishga yollashga urinadi. Buning uchun ularga kompromatlar, yaʼni obroʻ toʻkishi mumkin boʻlgan materiallarga shaʼma qilgan yoki koʻrsatgan boʻlishi ham mumkin. Shu bois, Yevropaning har qanday siyosatchisi sherdek shiddat bilan Putin oldiga borsa-da, keyinchalik suvga tushgan mushukdek qaytib ketishgani bejiz boʻlmasa kerak. Hatto Tramp ham bir kunda Ukraina urushini tinchitaman deb bekorga aytmagan. Tahdid qilsam yoki moliyaviy foyda vaʼda bersam, Putin darrov rozi boʻladi, deb oʻylagan. Biroq oʻzaro suhbatdan keyin popugi pasayib, Putinga yon bosa boshladi. Qolaversa, Putining doim raqiblariga qarata “yuzma-yuz suhbatlashib olaylik, muammoni hal qilamiz” qabilida gapirishida ham jon borga oʻxshaydi.

Xullas, Epshteyn va Moskva oʻrtasidagi aloqalar oʻz isbotini topdi. Epshteyn muntazam Moskvaga borib-kelib turgan. Unda Rossiyaning 6 oylik ish vizasi boʻlgan va u doim uzaytirib turilgan. Qiziq jihati, Epshteynga viza berishda “taklif etuvchi taraf” sifatida FSB pensionerlari va veteranlarining nodavlat tashkiloti – “Vimpil” koʻrsatilgan.

Epshteyn Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni va Kremldagi koʻplab shaxslarni tanigan, hatto Putin bilan uchrashgan boʻlishi mumkin, degan taxminlar bor.

Shu bois, amerikalik federallar va jurnalistlar Epshteyn Kremldagi eng yuqori lavozimli shaxslar bilan aloqada boʻlgan boʻlishi mumkinligini istisno qilishmayapti. Bu Rossiya kuch tuzilmalari qanday ishlashini ochib beradi.

Amerikada rus josuslik tarmogʻining kuchayishi

Epshteyn, shuningdek, rossiyalik amaldorlarga, aniqrogʻi, ularning bolalariga Amerika biznes tuzilmalariga kirishda yordam bergan. Ular esa FSB uchun maʼlumot toʻplashgan. Masalan, 2006 yildan toki oʻlgunicha – 2017 yilgacha Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili boʻlgan marhum Vitaliy Churkinning oʻgʻliga ham Epshteyn yordam bergani haqida maʼlumotlar bor.

Epshteyn fayllarida Churkin bilan yozishmalar boʻlib, Churkin unga oʻgʻlini Amerikada yaxshi ishga joylagani uchun minnatdorlik bildirgan va hatto uni oʻgʻlining ustozi deb maqtagan. Shu tariqa, Epshteyn rus agenturasiga ham AQShda ildiz otishiga yordam bergan.

Hozir hamma Bill Geyts, Ilon Mask, Tramp va boshqalar haqida gapiryapti. Lekin haqiqatning koʻziga tik qarash kerak. Asosiy muammo bu emas. Asosiy tahdid – Rossiya maxsus xizmatlarining Amerikada muvaffaqiyatli operatsiyalar oʻtkazayotganida! Wikileaks mojarosi, Rossiyaga sotilgan amerikalik tahlilchi Snouden voqesi, AQSh prezidentlik saylovlariga aralashuv, kiberxujumlar – bu hammasi Rossiya uchun samarali boʻlgan keng koʻlamli operatsiyalardir.

Putinning gʻalabasi

Hozir AQShda Epshteyn mojarosi katta ijtimoiy-siyosiy xaosga sabab boʻlmoqda, Rossiyaga qarshi turuvchi demokratlarning obroʻsi tushib ketmoqda. Putin aynan shunday boʻlishini istaydi – xaos yaratish, vahimaga solish, amerikaliklarni bir-birlariga ishonmaslikka oʻrgatish, reytinglarni pasaytirish, kongressda murakkab vaziyat yaratish, Minneapolisdagi kabi kichik inqilobiy harakatlar uchun shart-sharoit yaratish. Bu Moskva qoʻli bilan boʻlayotgan ishlar aysbergining bizga oshkor choʻqqisi xolos. Ha, bu faqat boshlanishi boʻlishi ham mumkin. Keyinchalik, ehtimol Rossiya yanada katta, yanada ochiq va agressiv operatsiyalarni Amerikada amalga oshirishga tayyorlanmoqda yoki amalga oshirishga ulgurgan. Epshteyn ishi esa faqatgina ushbu yillar davomida rejalashtirilgan va amalga tatbiq etilgan katta kampaniyaning, voqealar zanjirining bir elementi boʻladi.

Buni oʻziga xos “Sovuq urush 2.0” deb atash mumkin.

Epshteyn va Oʻzbekiston

Epshteynga doir eʼlon qilingan hujjatlar orasida bir maʼlumot oʻzbek internet segmentida ham qiziqish uygʻotdi. Bu hujjatlar orasida Epshteynning Samarqandda tugʻilgan qiz bilan yozishmalari mavjudligi aniqlandi. Eʼlon qilingan materiallarda AQSh rasmiylarining ehtiyotsizligi sababli mazkur ayolga tegishli shaxsiy (yashash manzili va pasport) maʼlumotlar ochiq holatda qolib ketgan. Yozishmalar 2012-2014 yillar orasida olib borilgan boʻlib, ularda ishchan muloqot bilan birga shaxsiy mazmundagi xabarlar, jumladan, moliyaviy yordam soʻrovlari mavjud.

Oʻzbekistonlik qiz Epshteynga Samarqanddagi universitetda oʻqish bilan bogʻliq muammolari va xorijda tahsil olish rejalari haqida yozgan. U Epshteynning advokati orqali 5400 AQSh dollari miqdorida pul olgan. Bu mablagʻ Parijda joylashgan New York Film Academy filialidagi oʻquv kurslari uchun moʻljallangan, shuningdek, qiz aviachiptalar bilan ham taʼminlangan.

Samarqandlik qizning Fransiyada qolib ish topish urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan va 2014 yil oxirida u Oʻzbekistonga qaytgan.

Epshteyn hujjatlarida oʻzbekistonlik qizning jinsiy ekspluatatsiyaga uchraganiga oid toʻgʻridan-toʻgʻri dalillar mavjud emas. Lekin oʻzaro yozishmalarda Epshgteyn bu qizdan yalangʻoch holda turli seks-tadbirlarda qatnasha oladimi-yoʻqmi, soʻrab koʻrgan. Shunisi aniqki, Epshteynning nafaqat Rossiya, balki boshqa postsovet hududlaridan chiqqan qizlarni ham fahsh ishlarga chaqirganiga oid maʼlumotlar mavjud.

Inson huquqlari himoyachilari, ayniqsa, ushbu ayolning pasport maʼlumotlari, toʻliq ismi va Samarqand huquqni muhofaza qiluvchi organiga oid maʼlumotlar ochiq holda eʼlon qilinganidan jiddiy xavotir bildirishgan.

Kaʼbapoʻsh Epshteyning qoʻliga qanday qilib tushib qolgan?

Albatta, Epshteyn hujjatlarida tilga olingan elita vakillarining hammasi ham uning uyidagi jinsiy buzuqliklarga sherik boʻlmagan. Masalan, Epshteynning uyida muqaddas Kaʼbani qoplash uchun ishlatiladigan kisva matosining boʻlaklari topilgan. Fayllarni oʻrganish shuni koʻrsatadiki, kaʼbapoʻshning qismlari Birlashgan Arab Amirliklari bilan bogʻliq tashkilotlar orqali kelishuv asosida AQShga yuborilgan va Jeffri Epshteynga yetkazib berilgan.

2017 yil fevral va mart oylari bilan sanalangan yozishmalarga koʻra, BAAlik ishbilarmon ayol Aziza Al-Ahmadiy Abdulloh al-Maariy ismli shaxs bilan hamkorlikda kisvaga aloqador uchta buyumni yetkazib bergan. Xabar qilinishicha, u Epshteynga matoning diniy ahamiyati haqida yozgan.

Aziza Al-Ahmadiy elektron oʻyinlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi kompaniyaga egalik qiladi, oʻzini qirollik saroyining maslahatchisi deb hisoblaydi. Uning Jeffri bilan tanishuvi Epshteyn qirollik saroyiga xat yuborib, bitkoin va boshqa raqamli valyutalarga oʻxshash, “Shariat” deb ataladigan islomiy raqamli valyuta yaratish niyatini bildirganidan soʻng boshlangan. Aziza bu gʻoyaga qiziqib qolib, Epshteyn bilan muloqot qilishga tushgan. Epshteyn uni AQShdagi taʼsirli doiralar bilan tanishtirgan. Aziza esa oʻz navbatida uni Saudiya Arabistonida qaror qabul qiluvchi rahbarlar va nufuzli shaxslar bilan bogʻlagan. Maqsad shundan iborat ediki, ushbu amerikalik yahudiy Saudiya Arabistoni nomidan harakat qilib, raqamli valyuta yaratishni va uni saudiyalik, islomiy va halol deb taqdim etgan holda butun musulmon olamiga joriy etishni istagan.

Ular oʻrtasida keng koʻlamli yozishmalar boʻlgan, ammo ushbu elektron maktublarga koʻra, Aziza hech qanday axloqsiz harakatlarga aralashmagan va mashhur orolga tashrif buyurmagan.

Epshteynga oid barcha fayllar eʼlon qilindimi?

Bu hujjatlar eʼlon qilinishi Epshteyn ishiga oid fayllarni oshkor qilish jarayonining yakunlanganini anglatadimi-yoʻqmi – aniq emas.

Bosh prokuror oʻrinbosari Blanshning aytishicha, ushbu nashr “hujjatlarni aniqlash va tekshirish boʻyicha oʻta keng qamrovli jarayonning yakunlanishini anglatadi”, bu esa Adliya vazirligi uchun ish tugaganiga ishora qiladi.

Biroq demokratlar vazirlik hech qanday asossiz juda koʻp hujjatlarni – ehtimol, taxminan 2,5 million faylni – yashirganini taʼkidlashda davom etmoqda.

Oqibati nima boʻladi?

Rossiya senatori Aleksey Pushkovning fikricha, Epshteyn ishi boʻyicha tergov boshlanmasdan turib yakunlanadi. Bu shov-shuvlarning barchasi repper Pi Diddining shov-shuvli “oq tunlari” kabi “portlamagan bomba” boʻlib qoladi.

“Bu ishga juda koʻp odamlar aralashgan, ismlar haddan tashqari mashhur, juda koʻp ishlarni ochishga toʻgʻri kelar edi… Ushbu janjal girdobida Gʻarbning katta siyosati va biznesidagi juda yirik shaxslar choʻkib ketishi mumkin edi. Shuning uchun, ehtimol, tergov boshlanmasdan turiboq yakunlanadi. Qoʻzgʻalgan jamoatchilikka esa tinchlanish taklif etiladi. AQSh tarixida bu holat koʻp bor kuzatilgan”, – dedi Pushkov.

Lekin nima boʻlganda ham kuchli kartalar ochildi. Axborot bombasi otildi. Qanday portlashi va kimlarga jabr berishini esa vaqt koʻrsatadi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid