Oʻzbekiston boʻylab qator savdo markazlari va muassasalar faoliyati toʻxtatildi
Ularda yongʻin xavfsizligi boʻyicha talablar buzilgan. Obʼektlar aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar yopiq boʻladi.

Yongʻin xavfsizligi qoidalari buzilgan ayrim obʼektlar yopildi.
FVV va boshqa daxldor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar respublikaning barcha hududlarida savdo komplekslari, savdo koʻngilochar markazlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa turdagi tadbirkorlik subʼektlarida tekshiruvlar oʻtkazmoqda.
Xususan, Buxoro viloyati, Buxoro shahar, I.Karimov koʻchasida joylashgan savdo majmualarining birida oʻtkazilgan tekshiruvda aniqlangan kamchiliklar boʻyicha, obʼekt rahbariga 68 ta banddan iborat yozma koʻrsatma taqdim etildi. Insonlar hayoti va sogʻligiga xavf solib, yongʻin xavfsizligi talablari qoʻpol ravishda buzilgan qoidabuzarliklar boʻyicha bolalar oʻyingohi pavilionining faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar vaqtinchalik toʻxtatildi.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatida oʻtkazilgan yana 3 ta tekshiruvda obʼekt rahbarlariga 87 ta banddan iborat yozma koʻrsatma taqdim etilib, 2 ta bino (inshoot) va xonalarning ish faoliyati vaqtinchalik toʻxtatildi.
Shuningdek, Jizzax viloyati, Jizzax shahar “H.Olimjon” MFYda joylashgan savdo markazida oʻtkazilgan tekshiruvda aniqlangan kamchiliklar boʻyicha obʼekt rahbariga 15 ta banddan iborat yozma koʻrsatma taqdim etildi. Qoʻpol ravishdagi qoidabuzarliklar boʻyicha binoning 2-qavatida joylashgan savdo markaziga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar vaqtinchalik toʻxtatildi.
Sirdaryo viloyati, Guliston shahardagi holatda "Namuna" MFY Oʻzbekiston shox koʻchasida joylashgan savdo markazi 1-qavatida ijara shartnomasi asosida faoliyat olib borayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatda oʻtkazilgan tekshiruvda aniqlangan kamchiliklar boʻyicha obʼekt raxbariga 26 ta banddan iborat yozma koʻrsatma taqdim etildi.
Qoʻpol ravishda qoidabuzarlik boʻyicha binoning 1-qavati yertoʻlasidagi omborxona faoliyati aniqlangan kamchilik bartaraf etilgunga qadar vaqtinchalik toʻxtatildi.
Bundan tashqari Termiz shahrida joylashgan "Indenim" savdo koʻngilochar markazi faoliyati Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov tomonidan vaqtincha toʻxtatildi.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Xurshid Sotiyev rahbarligida Jizzax shahrida joylashgan savdo va koʻngilochar maskanlarning yongʻin xavfsizligi holati boʻyicha oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganishlar davomida mazkur obʼektlarda oʻrnatilgan avtomatik yongʻin oʻchirish tizimlari, yongʻin haqida avtomatik xabar berish vositalari, zaxira evakuatsiya yoʻlaklari, ichki yongʻin oʻchirish joʻmraklari, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari hamda boshqa yongʻinga qarshi inventarlarning mavjudligi, sozligi va doimiy ishchi holatda ekanligi batafsil koʻzdan kechirildi.

Shuningdek, obʼektlarning ishchi-xodimlari bilan favqulodda vaziyatlar, jumladan yongʻin sodir boʻlganda toʻgʻri va tezkor harakat qilish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etish masalalarida tushuntirish va yoʻriqnoma ishlari olib borildi.
Eslatib oʻtamiz, 31 yanvar kuni "Aviator" savdo majmuasida yongʻin sabab 1 kishi halok boʻlgandi. Shundan soʻng obʼektlarni tekshirish boshlandi.