Maʼmuriy ogohlantirish kuchga kirdi
Platina.uz ushbu ogohlantirish aynan qaysi qoidabuzarliklar uchun berilishini oʻrganib chiqdi.

4 fevral kuni imzolangan qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi. Unga koʻra, yoʻl harakati xavfsizligi bilan bogʻliq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy ogohlantirish jazosi qoʻllaniladi.
Maʼmuriy ogohlantirish hukuqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirgan holda unga rasmiy tanbeh berishdir. Maʼmuriy ogohlantirish yozma (elektron) ravishda qoʻllanadi.
Maʼmuriy ogohlantirish quyidagi qoidabuzarliklar uchun qoʻllaniladi:
- 125-moddasining 1- va 2- qismlari: haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yoʻlovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek mototsikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan yoki majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan yoxud foydalanish man etiladigan darajada nosozligi boʻlgan yoki qonunchilikda belgilangan tartibda favqulodda vaziyatda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolgʻacha bilan jihozlanmagan, oʻt oʻchirgich, tibbiyot qutichasi, avariya holatida toʻxtaganligini bildiruvchi belgi va nur qaytargichli kamzul bilan butlanmagan, xuddi shuningdek ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shuningdek shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq boʻlgan transport vositalarini boshqarishi;
- 128-1-moddasi: transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi (bundan telefondan quloqchinlar orqali va qoʻllarni ishlatmasdan turib soʻzlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish mustasno);
- 128-2-moddasi: transport vositasini boshqarish vaqtida tele-, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida transport vositasi salonining old qismiga oʻrnatilgan monitordan (displeydan) foydalanish;
- 128-6-moddasi: transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzishi;
- 135-1-moddasi: transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polislarida nazarda tutilmagan foydalanish davrida transport vositalarini boshqarish, xuddi shuningdek, faqat mazkur sugʻurta polislarida koʻrsatilgan haydovchilar ayni shu transport vositalarini boshqarishi toʻgʻrisida mazkur sugʻurta polislarida nazarda tutilgan shartlarni buzgan holda transport vositalarini boshqarish;
- 138-moddasi 1- va 2-qismlari: piyodalarning yoʻl harakatini tartibga soluvchi signallarga boʻysunmasligi, ularning yoʻlning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib oʻtishi, piyodalar yoʻlning qatnov qismida, shu jumladan piyodalar oʻtish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni oʻqishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek eʼtiborni chalgʻitadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, shuningdek skuterlar, mopedlar va velosipedlarni, individual harakatlanish vositalarini, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxslarning hamda yoʻldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yoʻl harakatini tartibga soluvchi signallarga boʻysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki koʻrsatma beruvchi yoʻl belgilari talablariga rioya etmasligi; haydovchilarga har xil xizmat koʻrsatish maqsadida yoʻlning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yoʻllarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqish.
Bunda shaxs oʻz qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlganda, shuningdek, kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari boʻlmaganda, maʼmuriy jazo chorasini qoʻllashga vakolatli organ tomonidan qoʻllaniladi.
Maʼmuriy ogohlantirish ayni bir shaxsga nisbatan 1 yil davomida 1 martadan ortiq qoʻllanilishi mumkin emas.
Avvalroq foto va videoradarlar orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklarning qatʼiy roʻyxati belgilangan edi.