Yaponiyada qalin qor yogʻishi oqibatida 35 kishi halok boʻldi
Hukumat zarar koʻrgan hududlarga yordam koʻrsatish uchun harbiylarni jalb qildi, rasmiylar aholini koʻchki va tomlardan tushayotgan qor xavfidan ogohlantirdi.

Yaponiyada soʻnggi oʻn yilliklardagi eng kuchli qor yogʻishi oqibatida kamida 35 kishi hayotdan koʻz yumdi.
Hukumat zarar koʻrgan hududlarga yordam koʻrsatish uchun harbiylarni jalb qildi, rasmiylar esa aholini qor koʻchkisi va tomlardan qulayotgan qor xavfidan ogohlantirmoqda.
Rasmiylarning maʼlum qilishicha, qurbonlar orasida uyi qor ostida qolib ketgan 91 yoshli ayol ham bor.
Kuchli qor yogʻishi natijasida Bosh vazir Sanaye Takaichi hukumatini zarar koʻrgan hududlarga yordam berish uchun harbiylarni safarbar qildi, deb xabar berdi Yaponiyaning NHK davlat telekanali.
Rasmiylar aholiga qor koʻchkilaridan va tomlardan qulab tushayotgan toʻplangan qorlardan ehtiyot boʻlishni tavsiya qildi, shuningdek, eng koʻp zarar koʻrgan hududlarda elektr taʼminotida uzilishlar boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
NHK maʼlumotiga koʻra, 3 fevral holatiga Yaponiyaning shimolidagi Aomori shahrida yerda toʻplangan qor qatlami 175 santimetrni tashkil etgan, bu yilning shu davri uchun oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravardan ham koʻp. 2 fevral kuni esa shaharning ayrim hududlarida qor qalinligi 183 santimetrga yetib, 1986 yilda qayd etilgan 181 santimetrlik 40 yillik rekordni yangilagan.
Aomori gubernatori Soichiro Miyashita yolgʻiz yashaydigan va qor tozalashda yordamga muhtoj boʻlgan keksalarga yordam koʻrsatish uchun harbiylardan favqulodda yordam soʻraganini, yana bir nechta shaharlarda ham kamida 135 santimetr qor toʻplanganini bildirgan.
Yongʻin va ofatlar bilan shugʻullanuvchi agentlik maʼlumotiga koʻra, 20 yanvardan 3 fevralgacha boʻlgan davrda kuchli qor yogʻishi oqibatida 30 kishi halok boʻlgan.
NHK 2 fevral kuni Yaponiya dengizi sohilidagi Niigata prefekturasida kamida 12 kishi, shimoldagi Akita prefekturasida olti kishi, eng shimoliy Xokkaydo prefekturasida uch kishi, Aomorida ikki kishi va yana toʻrtta prefekturada bittadan odam halok boʻlganini xabar qilgan.
Qor bilan bogʻliq hodisalar tufayli jami 290 kishi jarohat olgan, ularning ayrimlarining ahvoli ogʻir.
Meteorologiya agentligi Kiodo axborot agentligiga tayanib xabar berishicha, Arktikadan kelgan sovuq havo massasi Yaponiya arxipelagi ustida saqlanib turgani sababli mamlakatning ayrim hududlarida odatdagidan ikki baravar koʻp qor yogʻmoqda.
Kuchli qor yogʻishi yakshanbaga belgilangan parlament saylovlariga qanday taʼsir koʻrsatishi hozircha nomaʼlum.
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi bilan maxsus yigʻilish oʻtkazib, oʻlimlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun barcha choralarni koʻrish boʻyicha vazirlarga koʻrsatma berdi.