Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Pokistonga boradi
Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni, feldmarshal Asim Munir bilan muzokaralar rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan 5-6 fevral kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Dasturga muvofiq, Islomobodda Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni, feldmarshal Asim Munir bilan muzokaralar hamda Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston bilan Pokiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari oliy darajadagi muloqotlar kun tartibining markazida boʻladi.
Siyosiy muloqotni kengaytirish, ikki mamlakat hukumatlari, parlamentlari, ishbilarmon doiralari hamda hududlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashning muhim jihatlari har tomonlama koʻrib chiqiladi.
Tomonlar tovar ayirboshlashni oshirishga, sanoat, transport va infratuzilma, turizm sohalaridagi hamkorlik loyihalarini ilgari surishga hamda madaniy-gumanitar aloqalarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratadilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Muzokaralar yakunida Qoʻshma deklaratsiya va ustuvor sohalar boʻyicha kelishuvlarning salmoqli toʻplami imzolanishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti ikki mamlakat yetakchi ishbilarmon doiralari vakillarining qoʻshma biznes forumida ham ishtirok etadi.