Namanganda oʻrmon xoʻjaligi mansabdorlari qoʻlga olindi
Ulardan biri 20 sotix yerni fuqaroga turar-joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan. Mazkur ish doirasida Davlat kadastrlar palatasi mutaxassisi ham qoʻlga tushdi.

Pop ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi mansabdor shaxslari bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Joriy yilning yanvar oyi boshida tuzilgan ishchi guruh tomonidan oʻrmon xoʻjaligi yerlaridan maqsadli foydalanish borasida Pop ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligiga tegishli hududlarda tekshiruv ishlari oʻtkazildi.
Unga koʻra, muassasa mansabdor shaxslarining oʻz vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashuvlari natijasida – xoʻjalik yer maydonlarini ijaraga olgan 5 nafar tadbirkor tomonidan tegishli tashkilotlar ruxsatisiz, oʻzboshimchalik bilan bino va inshootlar qurilib, yer uchastkasining ixtisoslashuvi oʻzgartirilishi oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, 460 nafar ijarachilardan ijara pullari undirilmaganligi oqibatida davlat manfaatlariga 1 mlrd 480 mln soʻm zarar yetkazilgan.
Eng achinarlisi, oʻrmon xoʻjaligi mansabdorlari ayrim ijarachilar bilan til biriktirib, 2023-2025 yillar davomida jami 5356 metr/kub noruda materiallarni noqonuniy qazib olib, davlatga 1 mlrd 322 mln soʻmlik zarar yetkazishgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Pop ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 193, 196-1, 207 va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Pop ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligining boʻlim oʻrmonbegisi muqaddam xoʻjalik balansida boʻlgan va keyinchalik tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan yerlardan 20 sotix qismini tanishlari orqali, Chust tumanida yashovchi, 1998 y.t. fuqaroga turar-joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu pul mablagʻidan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat kadastrlar palatasining Pop tuman filiali mutaxassisi ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Pop ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibini buzgan holda, mahalliy tadbirkorga xoʻjalik balansidagi 50 sotix yer maydonini shartnoma asosida ijaraga berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Afsuski, ushbu mansabdor shaxs muqaddam bir necha bor sudlangan boʻlishiga qaramasdan, berilgan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanmagan.
Avvalroq Namanganda teatr xodimlari qoʻlga olingandi. Ular ish staji yozib berish va pensiyaga chiqarib qoʻyish vaʼdasi evaziga 800 dollar talab qilgani aytilgan.