platina.uz
Jahon

Liviya sobiq yetakchisi Muammar Kaddafiyning oʻgʻli oʻldirildi

Saif al-Islom otasidan keyin mamlakatdagi eng taʼsirli va qoʻrqinchli shaxs, ehtimoliy merosxoʻr sifatida qaralgan. 

Liviya sobiq yetakchisi Muammar Kaddafiyning oʻgʻli oʻldirildi

Liviyaning sobiq yetakchisi polkovnik Muammar Qaddafiyning oʻgʻli Saif al-Islom Qaddafiy otib oʻldirildi.

Uning oʻlimi siyosiy jamoasi tomonidan tasdiqlangan boʻlsa-da, hodisaning aniq tafsilotlari va suiqasd ortida kim turgani hozircha nomaʼlum.

Liviya axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, bir paytlar otasining vorisi sifatida koʻrilgan 53 yoshli Saif al-Islomning oʻlimi 3 fevral kuni uning siyosiy jamoasi rahbari tomonidan tasdiqlandi.

Uning advokati AFP axborot agentligiga bergan intervyusida toʻrt kishilik jinoiy guruh Zintan shahridagi uyida suiqasd uyushtirganini aytgan, biroq hujum ortida kim turgani nomaʼlumligicha qolmoqda.

Boshqa bir holatda esa uning singlisi Liviya televideniyesiga Saif al-Islom mamlakatning Jazoir bilan chegarasi yaqinida vafot etganini bildirgan.

Saif al-Islom Qaddafiy uzoq vaqt davomida, 1969 yildan 2011 yilgacha Liviyani boshqargan Muammar Qaddafidan keyin, mamlakatdagi eng taʼsirli va qoʻrqinchli shaxs sifatida qaralgan.

Saif al-Islom 2000 yildan Qaddafiy rejimi qulaguniga qadar Liviyaning Gʻarb bilan yaqinlashuvida muhim rol oʻynagan.

Otasi hokimiyatdan chetlatilgach, hukumatga qarshi namoyishlarni shafqatsiz bostirishda muhim rol oʻynaganlikda ayblangan Saif al-Islom Qaddafiy Zintan shahrida raqib militsiya tomonidan qariyb olti yil qamoqda saqlangan.

Xalqaro jinoiy sud uni 2011 yilda muxolifat namoyishlarini bostirishdagi roli uchun insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab sudga tortmoqchi boʻlgan.

2015 yilda u mamlakat gʻarbida joylashgan Tripoli shahridagi sud tomonidan, BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan hukumat nazorati ostidagi hududda, oʻlim jazosiga hukm qilingan.

Ammo ikki yil oʻtib, mamlakat sharqidagi Tobrukda joylashgan militsiya tomonidan amnistiya toʻgʻrisidagi qonun asosida ozod etilgan.

Qaddafiy agʻdarilganidan beri Liviya turli militsiyalar nazoratidagi hududlarga boʻlinib ketgan va hozirda ikki raqib hukumatga ajralgan.

Otasi hokimiyatda boʻlgan davrda Saif al-Islom rasmiy lavozim egallamagan boʻlsa-da, oʻz siyosatini shakllantirgan va muhim muzokaralarga rahbarlik qilgan, jumladan, Liviyaning yadro qurolidan voz kechishiga olib kelgan kelishuvlarda ishtirok etgan.

Bu kelishuvlar natijasida Shimoliy Afrika davlatiga nisbatan joriy etilgan xalqaro sanksiyalar bekor qilingan, ayrimlar esa Saif al-Islomni islohotchi va oʻzgarayotgan Liviyaning maqbul qiyofasi deb hisoblashgan.

Saif al-Islom doimo otasining hokimiyatini meros qilib olish niyati yoʻqligini aytib, hokimiyat “meros boʻlib qoladigan ferma emas”ligini taʼkidlab kelgan.

Shunga qaramay, 2021 yilda u prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini eʼlon qilgan biroq bu saylovlar keyinchalik nomaʼlum muddatga qoldirilgan.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid